Xalq roziligi uchun bor kuch-imkoniyat safarbar qilinmoqda

    Ijtimoiy hayot 2 Iyul 2022 1482

    Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan Qashqadaryo viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda ham inson qadrini ulugʻlash, insonga xizmat qilish, xalq manfaatini amalda taʼminlash nainki asosiy mezon, balki pirovard maqsad boʻldi. Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi masʼullari, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Bosh prokuratura va oʻttizga yaqin vazirliklar-qoʻmitalar masʼullaridan tarkib topgan Respublika ishchi guruhining viloyatdagi muloqotlarida odamlarni oʻylantirayotgan har bir masalani oʻrganish va murojaatlarda aytilayotgan muammolarga yechim topish uchun bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi.

    Qabullar jarayonida tadbirkorlik, kredit ajratish, mehnat va bandlik yoʻnalishidagi har bir masalani hal qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sababi bir insonning ishli boʻlishi – bir oilaning daromadli boʻlishi degani.

    Deylik, Kitob tumanidagi “Asl konserva” korxonasi yiliga 500 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega. Korxona boshqaruvchisi Shohjahon Nazarov Bosh prokuratura masʼullaridan xom ashyo sotib olish uchun kredit ajratishda amaliy yordam soʻradi. Murojaatdan soʻng bu masala hududiy mutasaddilar bilan birga koʻrib chiqilib, korxonaga 650 million soʻm mablagʻ ajratib beriladigan boʻldi.

    Kasbilik Azmiddin Aʼlamov 4 yildan buyon tadbirkorlik qiladi. Gidroponika usulida 2,5 gektar yerda issiqxona qurib, 20 nafardan ziyod insonni ish bilan taʼminlagan. Har yili ichki bozorga 100 tonnagacha pomidor yetkazib beradi. Faoliyatini kengaytirish, qoʻshimcha 1 gektar yerda issiqxona tashkil etishni niyat qilgan tadbirkorning 350 ming dollar kredit olish bilan bogʻliq masalasiga ham shu yerda yechim topildi.

    Gʻuzor tumanidagi “Jonbuloq” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Faxriddin Xudoyberdiyev mahallasida davlat-xususiy sherikchilik asosida “Jonbuloq pahlavonlari” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo qilayotgan tadbirkorga amaliy yordam berishni soʻradi. Murojaatdan soʻng mazkur nodavlat bolalar bogʻchasi barpo qilish uchun tadbirkorga 7 yilga ikki yillik imtiyozli davr bilan 2 milliard soʻmdan ziyod 5 foizli kredit ajratiladigan boʻldi. Bu bilan 17 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, jonbuloqlik 100 nafar bola maktabgacha taʼlimga qamrab olinadi.

    Muloqotlarda suv, yoʻl, gaz, kommunal sohalar boʻyicha ham qator masalalarga yechim topilmoqda. Deylik, qarshilik Saodat Toʻrayevaning Suv xoʻjaligi vazirligi masʼullariga murojaati joyiga chiqib oʻrganilgach, tumanning Arabxona 2 massividan oʻtgan yili “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlaridagi 13 nafar kishiga dehqonchilik qilishi uchun ajratilgan jami 10 gektar yerni sugʻorish masalasi hal qilib berildi. Hududdagi Qoʻngʻirtogʻ nasos stansiyasidan mazkur 10 gektar yerni sugʻorish uchun alohida limit va nazoratchi biriktirildi. Bu bilan 13 ta oilaning ekinlariga, nihollariga obi hayot yetib bordi.

    Qarshi tumani “Chorgumbaz” mahallasida yashovchi Sharofat Sultonova esa “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati masʼullaridan mahalladagi 35 ta xonadonni ichimlik suvi bilan taʼminlashda amaliy yordam soʻradi. Murojaat joyiga chiqib oʻrganilgach, mahallada 1,4 km. ichimlik suvi tarmogʻi tortish ishlari boshlab yuborildi. Suv xoʻjaligi vazirligi masʼullariga murojaatlar asosida viloyatdagi 8 ta suv nasosi va agregatlari ishlatib berildi.

    Qabullarda sogʻliqni saqlash, davolanish bilan bogʻliq koʻplab masalalarga ham yechim topildi. Koʻkdalalik Toshpoʻlat Boymirzayev tugʻma yurak porogi bilan xastalangan qizi Marjonani davolatish uchun chora topolmay turgan paytda Respublika ishchi guruhining Chiroqchi tumaniga kelgani bu insonning ham qalbidagi umid uchqunlarini alangalatdi. Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari qizchani davolanib, sogʻlom hayotga qaytarish uchun barcha chora tadbirlarni koʻrilishi maʼlum qilindi. Shu kunning oʻzida Marjona Joʻrayeva respublika kardiologiya markaziga yotqizildi.

    Chiroqchi tumani Qumqishloq mahallasida yashovchi Maqsuda Abduxoliqovaning bugun koʻnglida goʻyo quyosh balqidi. Gap shundaki, bu ayolning qizi Goʻzal Abduraimovaning ikkala buyragi ham ishlamay qolgan: faqat gemodializ bilan hayoti saqlab turilibdi. Onaizor qizi sogʻayib ketishi uchun oʻz buyragini berishga rozi, biroq buyrak koʻchirish amaliyoti uchun mablagʻi yoʻq. Ayni shu masalada najot istab kelgan Maqsuda Abduxoliqova murojaatidan soʻng jarrohlik amaliyoti xarajatlari davlatimiz tomonidan qoplab beriladigan boʻldi.

    Shu bilan birga, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi masʼullariga murojaatlardan soʻng jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan tashkil qilingan sud majlislarida qilmishiga pushaymon boʻlib, aybidan toʻgʻri xulosa chiqargan, oʻzini har tomonlama tuzatgan bir qator shaxslarga hayotini oʻnglab olishi uchun katta imkoniyat berildi. Xususan, jinoyat ishlari sudlarining jazoni ijro etish muassasalarida oʻtkazgan sayyor sud majlislarida mahkumlarning 9 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan boʻlsa, 16 nafarining jazosi yengilrogʻiga almashtirilib, jami 25 nafar mahkum oilasi bagʻriga qaytarildi. 60 nafar mahkum esa umumiy tartibli kaloniyadan manzil kaloniyalariga oʻtkazildi.

    Bosh prokuratura masʼullariga murojaatlardan soʻng aliment va ish haqi undirishga oid 38 ta masala hal qilib berildi. Muloqotlar natijasida asossiz ishdan boʻshatilgan 2 nafar murojaatchi ishiga qayta tiklangan boʻlsa, 109 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 46 nafar murojaatchi kasb-hunar oʻrganishga yoʻnaltirildi.

    Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida Qashqadaryo viloyatida besh kun davomida tashkil qilingan ochiq-jonli muloqotlarda koʻtarilgan 3 ming 176 ta masalaning 793 tasi ijobiy hal qilindi, 1 ming 34 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 1 ming 349 ta masala boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.