Xalqaro fond bozoriga ochilgan yo'llar

    Investitsiyaviy loyihalarni o'z vaqtida bajarish, yurtimizning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish imkonini yaratadi.

    Vaqt oqar daryo degan iborani tez-tez qo'llab turamiz. Bu – umrning tez sur'atlarda o'tib ketayotganiga nisbat berilgan azaliy hikmat. Vaqtdan unumli va mazmunli foydalanish, har bir daqiqaning qadriga yetib yashash ajdodlarimiz va bugungi avlod uchun ham birday dolzarb bo'lib kelgan, shunday bo'lib qolaveradi.

    Gidroenergetiklarimiz tomonidan ayni shu jarayonda daryo-yu soylarimizda oqayotgan suvlardan oqilona foydalanib, yanada ko'proq elektr energiyasi hosil qilish, stansiyalarni modernizatsiyalash, yangidan-yangi samarador loyihalarni xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda o'z vaqtida ishga tushirish ustida ish olib borilyapti.

    — Bugungi kun shiddati jo'shqin daryolarnikidan ustun bo'lsa ustunki, aslo kam emas, — deydi “O'zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi Abdug'ani SANGINOV. — Bundan to'rt yil oldin islohotlar xaritasini belgilab bergan Harakatlar strategiyasi, ta'bir joiz bo'lsa, hayotimizning barcha jabhalariga yangilanish nihollarini ekkan bo'lsa, ularning intensiv rivoji o'z mevalarini bera boshladi. Agar koranavirus degan balo-qazo boshqa mamlakatlar qatori bizni ham murakkab qiyinchiliklarga ro'baro' qilmaganida, Buxoro va Sardobadagi tabiiy hamda texnogen ofatlar ro'y bermaganida, o'tgan yilgi muvaffaqqiyatlar yanada salmoqli va hosildor bo'lishi ayni haqiqat edi. Lekin shunga qaramay, jahonning nufuzli moliyaviy tashkilotlari e'tirof etayotganidek, O'zbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatorida ijobiy o'sish sur'atlarini saqlab qoldi.

    Shu o'rinda, hech bir mubolag'a qilmay aytish mumkinki, hozirgi kunda gidroenergetika sohasi avvalgi soha, “O'zbekgidroenergo” AJ ham ilgarigiday tuzilma emas. Uning faoliyati, maqsad va vazifalari tubdan o'zgarganligini Prezidentimizning Murojaatnomasidagi e'tirofi ham yaqqol ko'rsatib turibdi. Birgina energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 6 ta yangi elektr stantsiyasini barpo etish ishlari boshlandi.

    Tizimga davlat-xususiy sherikligining kirib kelishi ulkan faoliyatning boshlanishi hisoblanadi. Ushbu jarayon buloqlar jilg'alarga, ular irmog'u daryolarga aylanganiday manzara kasb etib, yanada kengayib boraveradi.

    Aslini olganda, iste'molchilarga uzluksiz energiyani aktsiyadorlik jamiyati etkazib berdimi yoki davlat-xususiy sherikligi asosida ishlaydigan shirkatmi, baribir. Asosiysi, xalqimiz xonadonlarida barqaror va bardavom chiroq yonib turishi, ishlab chiqarish va sanoat korxonalarimizning elektr quvvatiga bo'lgan ehtiyojining doimiy ta'minlanishidir.

    Shu o'rinda, oldingdan oqqan suvning qadri yo'q, degan iborani ham yodga olishga to'g'ri keladi. Chunki, avvallari suv dunyodagi eng arzon tabiiy resurs hisoblangan bo'lsa, endilikda eng ehtiyojmand va qimmatbaho ne'matga aylanib boryapti.

    O'tgan yili birinchi marotaba suv tovar sifatida London birjasida sotuvga qo'yilganligi ham shundan dalolat beradi. Qolaversa, mintaqamizda suv tanqisligi bilan bog'liq vaziyat yildan-yilga tobora murakkablashib bormoqda. Oxirgi 10 yilda, mamlakatimizda suv hajmi 12 foizga, 2019 yilga nisbatan esa o'tgan 2020 yilda 15 foizga kamaygan.

    Shunday bir sharoitda, yangi O'zbekistonda o'sib borayotgan aholi soni, iqtisodi har yili elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojni tobora oshirib boradi. ekspertlarning hisob-kitobiga ko'ra, 2030 yilga kelib, tarmoq ishlab chiqarish quvvatini 25 000 MVt ga yoki yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 120 milliard soatga etkazish talab etiladi.

    Yaqin tarixga e'tibor qaratadigan bo'lsak, 1991-2018 yillarda, ya'ni 27 yil mobaynida, O'zbekistonda elektr energiyasi hosil qilish bor-yo'g'i 25 foizga o'sgan. Tollimarjon, Navoiy, Toshkent, Taxiatosh, Sirdaryodagi issiqlik elektr stantsiyalari modernizatsiya qilindi, yangi energobloklar o'rnatildi, To'raqo'rg'on GReS ishga tushirildi. Bu yo'nalishdagi yirik loyihalarning davom ettirilayotgani energetikaga bo'lgan e'tibor va talabning nechog'liq kattaligini namoyon etadi.

    Mustaqillik yillarining 27 yili davomida (2018 yilgacha) 5 ta gidroelektr stantsiyasi topshirilgan bo'lsa, so'nggi 3 yil ichida “O'zbekgidroenergo” AJ tashkil etilgandan buyon 6 ta kichik, 5 ta mikro GeS umumiy hisobda 11 ta GeSlarning barpo etilishi Jamiyatning sohaga qo'shayotgan salmoqli hissasini ko'rsatib turibdi.

    Yurtimizda 430 dan ortiq kattayu kichik daryolar mavjudligi, ularning umumiy uzunligi 127 ming kilometrni tashkil etishi maktab o'quvchisiga ham yaxshi ma'lum. Ayniqsa, kichik daryolar elektr energiyasini hosil qilishda beminnat manba hisoblandi. Tabiatning mazkur in'omidan foydalanish uchun ularda kichik GeSlar qurish eng samarali yo'nalishlar sirasiga kiradi. Qolaversa, olis masofadagi va etib borishi qiyin, uzatish liniyalarini yetkazish imkoniyati cheklangan hududlarda bunday elektr stantsiyalari juda asqotadi. Kichik daryolar, kanallar, suv omborlaridan tushadigan suv o'zanlari buning uchun qulay manba sanaladi.

    MikroGeS xalqaro standartlarga ko'ra, asosan quvvati 0,1 kVtdan 1000 kVtgacha bo'lgan gidroenergetik qurilma bo'lib, u turbina, tasmali va reduktorli uzatmalar hamda asinxron generatordan iborat. Gidroturbinalar tez oqim tufayli quvvat hosil qiladi. Suv qancha tezroq oqsa, u ham shuncha ko'proq elektr quvvatini ishlab chiqaradi, qurilish jarayonida va foydalanish davrida tabiiy landshaft va atrof-muhitni buzmaydi. Suv sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatmaydi, ya'ni, asl tabiiy xususiyatini yo'qotmaydi. Ixcham GeSlar har jihatdan foydali va nisbatan arzon elektr energiyasi ishlab chiqarishda qo'l keladi.

    2017 yilga kelib, mamlakatimizda daryo va suv omborlari yonida 36 ta kattayu kichik gidroelektr stantsiya faoliyat ko'rsatardi. Eng achinarlisi, ularning aksariyati o'tgan asrning 50-60-yillarida barpo etilgan, texnik jihatdan va ma'nan eskirgan edi.

    Ana shunday murakkab bir paytda, 2017 yilning may oyida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “O'zbekgidroenergo” aktsiyadorlik jamiyati tashkil etilib, uning zimmasiga 2017-2021 yillar davomida yangi GeSlarni bunyod etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish vazifasi yuklatildi. Ana shu jarayonda, tizimdagi butun xo'jaliklar xatlovdan o'tkazildi.

    Ilmiy va amaliy tahlillar yangi GeSlarni qurishda ham, mavjudlarini modernizatsiya qilishda ham nainki mintaqada, balki jahon andozalariga mos texnologiyalardan foydalanish samarali ekanligini ko'rsatdi. YAna bir muhim jihat, ushbu ishlarga xalqaro moliyaviy muassasalarning uzoq muddatli imtiyozli mablag'larini jalb etishga ham alohida ahamiyat qaratilishidir.

    2018 yilda Jizzax viloyatida Zomin suv omborida 200 kVt quvvatga mikro inshoot, 2019 yilda yurtimizda ayni Navro'z ayyomlari davom etayotgan kezda Tuyabo'g'iz suv ombori qoshida ishga tushirilgan kichik GeS bu borada ro'yobga chiqarilgan dastlabki loyihalardan bo'ldi. Tuyabo'g'iz GeS juda qisqa fursatda — o'n to'rt oy davomida qurib bitkazildi. Ilgarilari bunday stantsiyani barpo etish uchun kamida uch yil vaqt sarflanar edi. GeSning umumiy quvvati 11,4 MVtga teng bo'lib, har bir jarayon “aqlli” (“smart”) elektron qurilmalar tomonidan boshqariladi Bu, yiliga o'rtacha 41,2 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 1 ming 600 ta xonadonning elektr quvvatiga bo'lgan ehtiyojini to'liq ta'minlaydi, deganidir.

    2017-2019 yillar davomida “Shahrixon GeSlar kaskadi” unitar korxonasiga qarashli 2 ta GeS, “Qodiriya GeSlar kaskadi” tarkibidagi GeS-3, “Quyi Bo'zsuv GeSlar kaskadi” ning GeS-14 va “Toshkent GeSlar kaskadi”dagi GeS-9 singari inshootlarda olib borilgan modernizatsiya ishlari muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirildi.

    — Modernizatsiyaning asosiy maqsadi inshootning elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish, elektrotexnik, gidromexanik va gidrotexnik qurilmalarining ishonchli ishlashini ta'minlashga qaratiladi. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilyapti?

    — Birgina raqamga e'tibor qarataylik. Modernizatsiya jarayonida eski GeSlarni zamonaviy uskunalar bilan tubdan qayta jihozlash natijasida ularning quvvati kamida ikki baravar ortadi. SHuningdek, bir qator stantsiyalarda mavjudlari yoniga qo'shimcha ravishda yangilari ham o'rnatilmoqda. Natijada, yana o'n minglab aholini, korxona va xizmat ko'rsatish sub'ektlarini uzluksiz elektr quvvati bilan ta'minlash imkoniyati yuzaga kelyapti.

    2020 yilda umumiy quvvati 118,3 MVt bo'lgan 6 ta yangi qurilish va modernizatsiyalash loyihalari foydalanishga topshirildi, qo'shimcha 543 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishga erishildi. Mavjud loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 88 ta yangi ishchi o'rni yaratildi.

    Tabiiyki, pandemiya sabab dunyoda ishlab chiqarish va investitsiya oqimining keskin kamayishining ro'y berishi “O'zgidroenergo” AJning ham rejalariga o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatmasdan qolmayapti. Ayrim loyihalarni biroz kechikishiga sabab bo'lyapti.

    Murojaatnomada ta'kidlanganidek, “yashil iqtisodiyot” bilan bog'liq sanoat tarmoqlari, shu jumladan, “yashil energetika”ning iqtisodiyotimiz “drayverlari”ga aylanishi uchun etarli sharoitlar mavjud. Bunga shamol elektr stantsiyalarini barpo etish borasida amalga oshiriladigan loyihalar yaqqol misol bo'la oladi.

    YAna bir ma'lumot, jamiyatimiz tomonidan 2017 yilda respublikada birinchi marta Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanida quvvati 750 kVt bo'lgan shamol elektr stantsiyasi foydalanishga topshirildi.

    “O'zbekgidroenergo” AJ tomonidan 2021 yilda umumiy quvvati 993,0 MVtga teng bo'lgan 16 ta, 2022 yilda 931,2 MVtlik 15 ta, 2023 yilda 1 002,2 MVtdan iborat 18 ta yangi investitsiyaviy loyihalar ustida ish olib borilishi rejalashtirilmoqda.

    — Yana bir ustuvor yo'nalish bu — iqtisodiyotda tarkibiy o'zgarishlarni joriy etishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish masalasi. Shuning uchun joriy yildan barcha davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilmoqda. SHu jumladan, “O'zbekgidroenergo” AJ ham xalqaro moliya bozoriga chiqib, davlat kafolatisiz mablag' jalb qilish imkoniyatiga ega bo'ladi.

    Mutaxassislarning bilim va malakasi, elektr stantsiyalarning texnik imkoniyatlari, ularni mustaqil transformatsiya qilish uchun etarli emasligi hisobga olingan holda, bu jarayonga xalqaro nufuzli banklar hamda tan olingan kompaniyalarni keng jalb etish ko'zda tutilmoqda.

    Aslida, bu juda to'g'ri yo'l. Bu borada, eng avvalo, “ISO 50001 energetika menejment tizimlari” xalqaro standartini tatbiq etish qo'l keladi. CHunki, mazkur tizim energiya samarador va tejamkorlikni ta'minlashga qaratilgan dunyodagi eng maqbul uslubni o'zida mujassam etgan. Ushbu talab 60 dan ortiq mamlakatning energetika menejmenti ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan va bu bilimlarning kundalik faoliyatga tatbiq etilishi energiya samaradorligi va ekologik tamoyillar muvofiqligini ta'minlagan holda, xarajatlarni qisqartiradi.

    Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qaroriga muvofiq, “O'zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi unitar korxonalarda “ISO 50001 energetika menejment tizimlari” xalqaro standartini joriy etish bo'yicha sakkiz bosqichli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu ishlar sertifikatlashtirish bo'yicha mas'ul hisoblangan “Management Certification” xalqaro tashkiloti hamda “O'zstandart” agentligi mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borildi.

    Bundan tashqari, 2020 yil mart-aprel` oylari mobaynida 13 ta elektr ishlab chiqarish korxonasida audit o'tkazilib, aniqlangan kamchiliklar mazkur jarayon yakuniga qadar bartaraf qilindi, zaruriy tuzatishlar kiritildi. Pirovardida, mamlakatimizda birinchi marta Toshkent, Samarqand, SHahrixon, O'rta CHirchiq, Quyi Bo'zsuv, CHirchiq GeSlar kaskadi unitar korxonalari va bir qator GeSlar O`zDSt ISO 50001:2019 “energetika menejmenti tizimi. Qo'llash bo'yicha talab va yo'riqnomalar” milliy muvofiqlik standartlari hamda shu boradagi xalqaro sertifikatlarga ega bo'ldi.

    Jamiyatning moliyaviy barqarorligi va investitsion jozibadorligini aniqlash maqsadida 2020 yil iyun` oyida jahonga mashhur, xalqaro bozorda O'zbekistonning evrobondlarini joylashtirishga katta hissa qo'shib kelayotgan “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi bilan shartnoma imzolandi.

    Agentlik tomonidan Jamiyatning nafaqat moliyaviy-iqtisodiy holati o'rganildi, balki uning korporativ boshqaruv tizimi, biznes strategiyasi, ichki normativ hujjatlarning yuritilishi va boshqa yo'nalishlar chuqur tahlil qilindi. Buning natijasida, “O'zbekgidroenergo” AJ respublikamizda ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida birinchilardan bo'lib “Fitch Ratings” xalqaro kredit reytingining “B+” (barqaror) darajasiga sazovor bo'ldi.

    Mazkur reyting “O'zbekgidroenergo” AJni jahonning nufuzli investitsiya bozorlariga aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy hisobotlariga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega dastlabki o'zbek ishlab chiqaruvchi korxonasi sifatida tanitdi. Bu, o'z navbatida, Murojaatnomada e'tirof etilganidek, kelgusida “O'zbekgidroenergo” AJning iqtisodiy barqarorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy kreditlarni davlat kafolatisiz to'g'ridan-to'g'ri jalb qilish, o'z evrobondlarini London fond birjasiga joylashtirish imkoniyatini beradi. Ayni kezda, xalqaro sifat kafolati dunyoning har qanday investori uchun investitsiya eshiklarini ochadi.

    Jamiyat ushbu yutuq va muvaffaqiyatlar bilan chegaralanib qolmacdan, reyting darajasini yanada oshirish va uni barqaror saqlab qolish yo'lidagi faoliyatini izchil davom ettiradi.

    Shu bilan birga, yuqorida qayd etilgan istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishi yurtimizdagi yuz minglab xonadonlarni nurafshon etadi, keng aholi qatlamlarining maishiy ehtiyojlarini qondiradi, ko'plab biznes va tadbirkorlik sub'ektlari uchun yangi ish o'rinlarini yaratilishiga xizmat qiladi.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Abdurauf QORJOVOV suhbatlashdi