Keyingi davrda mamlakatimizda koʻp yillik tadqiqotlarning mahsuli sifatida kartoshkaning yangi 11 ta mahalliy navi ixtiro qilingan. Shu yil boshida ular soni yana bittaga koʻpaydi va seleksioner olimlarimiz unga “Toshkent ertagisi” degan nomni berishdi. Adliya vazirligining Intellektual mulk deparamenti tomonidan patentlashtirilgan ushbu nav mavjudlaridan bir qator ustunlik jihatlari bilan ajralib turadi. Jumladan, u ultra ertapishar, turdoshlariga qaraganda 10-12 kun vaqtli yetiladi,
— “Toshkent ertagisi” ning vegetatsiya davri, yaʼni unib chiqishidan to palak quriguncha muddati 65-70 kundan iborat, — deydi ixtiro mualliflaridan biri — Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Rustam Nizomov, — U yuqori unumdor tuproqqa talabchan, virusli kasalliklarga bardoshli ekanligi bilan ham ajralib turadi, gektar boshiga 268-275 sentnerdan hosil olinishi kutilyapti. Yaʼni, mavjud ertapishar mahalliy navlardan 50-60 sentr yuqori hosil beradi.
Oʻtgan yili Samarqanddagi ilmiy tajriba stansiyasi olimlari tomonidan ixtiro qilingan va fermer xoʻjaliklarida sinovdan oʻtkazilayotgan “Bogʻizogʻon” navi xususida ham shunday fikrlarni bildirish mumkin. Shuningdek, institutimizning Biotexnologiya laboratoriyasida 10 dan ziyod mahalliy kartoshka navlari mikrotuganaklari in-vitro usulida yetishtirilmoqda. Umuman olganda, respublikamiz hududida ekish uchun tavsiya etilgan va qishloq xoʻjaligi ekinlari Davlat reestriga kartoshkaning 150 dan ortiq navi kiritilgan, shundan 20 tasi mahalliy ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari tomonidan yaratilgan.
Agar yurtimizda 1990-yilda umumiy kartoshka hosili 300 ming tonna boʻlsa, 2022-yilga kelib bu koʻrsatkich 3,4 million tonnadan oshi. Dunyoning 150 dan ortiq davlatida ushbu mahsulot yetishtiriladi va ular orasida yalpi hosil salmogʻi boʻyicha Oʻzbekiston 23 oʻrinda turadi.
Mamlakatimizda aholi soni oʻsib boryapti. Bu kartoshkaga boʻlgan talabni ham oshiryapti. Bundan yetti yil avval bu mahsulotga ehtiyoj 3,4 tonna edi, ayni kunda 3,9 million tonnani tashkil qiladi. Shuning 80 foizdan ziyodi yurtimizda yetishtirilib, qolgan qismi import hisobidan toʻldirilmoqda. Yaʼni, 2022-yilda uning 1 million tonnasi kartoshkachilik xoʻjaliklari, 2,4 million tonnasi dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalaridan olingan. Qolgan 532 ming tonna mahsulot 71 million dollar hisobiga Pokiston (264 ming tonna), Qozogʻiston (208 ming tonna), Qirgʻiziston (38 ming tonna), Rossiya (11 ming tonna) va boshqa davlatlardan import qilingan.
Bundan tashqari, KFC, Wendy, LOOOK, EVOS kabi yirik umumiy ovqatlanish tarmoqlari talablariga mahalliy mahsulotning javob bermasligi tufayli xorijiy davlatlardan katta miqdorda yarim tayyor kartoshka, chips, kartoshka kraxmali, pyuresi va yormasi kabi mahsulotlar import qilimoqda
— Yaqinda Prezidentimiz huzurida boʻlib oʻtgan kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan reja va takliflar taqdimotida erishilgan yutuqlarga emas, balki mavjud muammolarni hal etish eʼtibor markazida boʻldi, — deydi Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi Jamshid Abduzuhirov. — Masalan, bugungi kunda yurtimizda 253 ming gektarda kartoshka ekilayotgan boʻlsa, oʻrtacha hosildorlik 163 sentnerni tashkil etmoqda. Shunday bir kezda. AQSHda 490, Niderlandiya, Belgiya, Germaniya, Fransiyada 430 — 440, Eronda 300, Pokistonda 250, Rossiyada 200 sentnerdan hosil olinadi.
Bu muammoning bir uchi urugʻchilikka borib taqaladi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bir yilda Oʻzbekistonga 650 ming tonna kartoshka urugʻligi kerak boʻladi. Oʻtgan yili yurtimizga 22 ming tonna urugʻ import qilingan, qolgan qismi urugʻchilik xoʻjaliklari va tomorqalarda yetishtirilgan.
Toʻgʻri, yuzaki qaraganda chetdan keltirilayotgan kartoshka urugʻining hissasi unchalik katta emas. Qolaversa, bugungi kunda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining oʻzida 200 dan ortiq kartoshka genofondi seleksiya maqsadida saqlab kelinmoqda. Unda Niderlandiya, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Vengriya, Xitoy, Rossiya, Belarus singari davlatlarning navlari ham bor.
Haqiqatan, kartoshka urugʻchiligi boʻyicha ana shunday katta boylikka egamiz. Lekin mahalliy urugʻlarning hosildorligi pastligi tufayli yetishtirillgan mahsulot salmogʻi ham shunga yarasha tosh bosadi.
Ushbu muammoni hal qilishning qanday yoʻllari bor?
—Prezidentimizning qarorlari bilan Jizzax viloyatining Zomin tumanidan 20 gektar, Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidan 17,2 gektar yer maydoni ajratildi va kartoshka navlari seleksiyasi, urugʻchiligi boʻyicha tajribalar olib borish ishlari yoʻlga qoʻyilgan edi, — deydi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy boʻlim mudiri Faxriddin Rasulov. — Ular safiga qoʻshilgan 4 ta korxonadagi amaliy izlanishlar bilan ilmiy tadqiqot institutlardagi ishlarni umumlashtiradigan boʻlsak, 27 ta nav boʻyicha milliy urugʻ yaratilayotganining guvohi boʻlamiz.
Shu bilan birga, “Pskom”, “Serhosil”, “Sarnav”, “Umid-2”, “Toshkent ertagisi”, “Aqrob va boshqa” navlarning in-vitro oʻsimliklarini va mikrotuganaklarni koʻpaytirish institutimizning Biotexnologiya laboratoriyasida olib borilyapti. Ular avvalo zamonaviy issiqxonamizga ekilib kartoshkaning minituganklari hosil qilinmoqda. Joriy yilda institutimizda 2,5 million dona kartoshkaning yuqori avlodli birlamchi urugʻligini yetishtirilib, ixtisoslashgan elita urugʻchilik xoʻjaliklariga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Bundan shunday savol kelib chiqadi. Nima uchun mahalliy navlarga katta eʼtibor qaratilyapti?
—Yangi texnologiya asosida mahalliy sharoitda yetishtirilgan urugʻlar hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mosligi, narxining 3 baravargacha arzonligi, 3-4 yil davomida ketma-ket yuqori hosil berishi (gektariga 35-40 tonna), bepul agromaslahat bilan taʼminlanishi, viruslardan holi ekanligi bilan ustunlik qiladi, — deydi Jamshid Abduzuhirov. — Ulardan biri Samarqanddagi Oʻzbekiston – Koreya qoʻshma korxonasi hisoblanadi. Uning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida birinchi bosqichda Bulungʻur, Toyloq va Samarqand tumanlaridan 500 gektar, ikkinchi bosqichda Toshkent viloyatining Boʻstonliq, Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlaridan 2 ming gektar yer ajratish moʻljallanmoqda.
Prezidentimiz huzuridagi taqdimotda taʼkidlanganidek, yuqori hosilli urugʻlik kartoshka yetishtirish ekin yerlari va zamonaviy issiqxonalar, ularni saqlash uchun omborxonalarni, hosildorlikning kamayishiga sabab boʻluvchi virus hamda bakteriyali kasalliklarni tekshiradigan laboratoriyalarni taqozo etadi. Shu maqsadda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida 4 gektarlik, Samarqanddagi “Green Korea agro Invest” korxonasida 1 gektarlik issiqxona va sovutkichli omborxonalar qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalar Jahon banki mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi va “in vitro” usulida kartoshka urugʻini yetishtirishning toʻliq jarayoni yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida “ilm – taʼlim – ishlab chiqarish” tamoyili boʻyicha Kartoshka urugʻchiligi markazi tashkil etiladi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzagroinspeksiya huzurida Jahon bankining “Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish loyihasi” doirasida kartoshkani yashirin virus kasalliklari va sifat koʻrsatkichlarini aniqlash boʻyicha laboratoriya ishga tushirilib, yetkazib berilayotgan urugʻliklar sifati kafolatlanadi.
Shu oʻrinda 2021-yil mart oyida ish boshlaganToshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida Oʻzbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazining faoliyatiga eʼtibor qaratsak. Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu muassasa Vengriyadan keltirilgan navlarni sinovdan oʻtkazish va urugʻlik kartoshka ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi.
Bu yerda mahalliy va xorijiy navlarni chatishtirish orqali kartoshka yetishtirishning barcha bosqichlarida sifatni taʼminlashga qaratilgan kompleks tizim ishlab chiqilgan, 50 dan ortiq navlar mahalliylashtirilib, kartoshkachilik genofondi yaxshilanishi uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan.
— Dastavval ushbu mamlakat seleksiyasiga mansub “Aranu clipke”, “Balatoni Rossa”, “Demon”, “Botant”, “White”, “09-688” nav namunalari yurtimiz tuproq-iqlim sharoitida sinash maqsadida olib kelindi, — deydi Rustam Nizomov. — Ularning urugʻlik tuganaklarini ekish ishlari institutimiz tajriba maydonlarida, Toshken, Boʻstonliq, Tayloq tumanlari sharoitlarida ekib oʻrganildi.
Taqqoslaydigan boʻlsak, olimlarimiz tomonidan reyestrga kiritilgan “Pskom” navida oʻrtacha hosildorlik gektar boshiga 18,6 tonnani tashkil etsa, Vengriyaning “Botant” navining hosili 39,5 tonnadan koʻproq tosh bosdi. “Araniy Clipke” navi esa, respublikamiz tuproq-iqlim sharoitiga toʻliq moslashmadi va standart naviga nisbatan oʻrtacha hosildorligi 3,3 tonnaga kam boʻldi. Shu bois 5 ta nav 2022-yilda istiqbolli deb topildi va Davlat reyestriga kiritildi.
Kartoshkachilik sohasini rivojlantirish hamda yangi navlar yaratish boʻyicha bir qator xalqaro tashkilotlar bilan ham hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Butunjaxon kartoshkachilik Markazi (CIP) bilan botanik urugʻlardan kartoshka yetishtirishga katta ahamiyat qaratilyapti. Qishloq xoʻjaligi vazirligi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan umumiy qiymati 195 ming dollar boʻlgan loyiha amalga oshirilyapti. Uning asosiy maqsadi kartoshka ishlab chiqarish sohasi salohiyatini oshirishga qaratilgan boʻlib, bunga navlarni roʻyxatga olish va sertifikatlash tizimini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishini modernizatsiyalash, yuqori sifatli kartoshka ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tayyor mahsulotlarining omborxonalarda saqlash sharoitlarini yaxshilashni nazarda tutadi.
Prezidentimizning 2021-yil 26-fevraldagi qaroriga asosan, Boʻstonliq, Bulungʻur, Yangiqoʻrgʻon, Andijon, Oltiariq, Muzrobod, Mirzaobod tumanlarida bogʻ, sabzavot ekinlari qator orasida kartoshkaning birlamchi urugʻchiligini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Bu dastur oʻz samrasini bera boshladi. Joriy yilda ekiladigan maydonlar 9 ming gektarni tashkil etyapti.
Taqdimotda yana bir muhim masala qoʻllab-quvvatlandi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda mahsluot yetishtiruvchilar oʻrtasida yuqori hosilli mahalliy kartoshka navlari afzalliklarini targʻib qilish hamda maydonlarini kengaytirish maqsadida 2024-2025-yillar hosili uchun 500 tonna avlodli mahalliy kartoshka urugʻligini 1700 ta eng ilgʻor dexqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalariga bepul tarqatilishini taʼminlanadi.
Har bir hududning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, asosiy maydonlarga ertagi muddatlarda yuqori avlodli kartoshka navlarini toʻgʻri tanlab ekish hamda oʻz muddatida agrotexnik tadbirlarni bajarish hisobiga, bugungi kunda janubiy mintaqalar, yaʼni Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ertaki hosil ichki bozorlarimizga kirib keldi. Qolgan hududlarimizdagi mahsulotlar ham iyun oyidan peshtaxtalarimizni toʻldira boshlaydi. Ertaki ekinlar va gʻalladan boʻshagan maydonlarga kechki ekin sifatida kartoshka ekish ishlariga iyun oyidan kirishiladi.
Umuman olganda, joriy yilda 4,1 million tonna mahsulot yetishtirish belgilangan. Respublikamizning 40 ta ixtisoslashtirilgan tumanining 23 tasida urugʻlik, 9 ta tumanning 39 hududida super-elita va elita navlari ekiladi.
Sifatli urugʻ-hosil boʻliq, deganlaridek kartoshka urugʻlari navlarining innovatsion usullar va zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirilishi dasturxonimizda “ikkinchi non”ning toʻkin boʻlishiga mustahkam zamin hozmrlaydi.
Aslida xalqimiz kartoshkani “ikkinchi non” deyilishi bejiz emas. Chunki, u ham non kabi meʼdaga tegmaydi. Olimlarning tadqiqotlariga koʻra, u nafaqat toʻyimli xususiyati, balki oʻzining shifobaxshligi bilan ham boshqa ekinlardan ajralib turadi. Kartoshkaning tarkibida oqsil, yogʻ, uglevodlar, organik kislotalar, V1, V2, RR, S, D, K, E, A vitaminlari, natriy, kaliy, magniy, kalsiy, temir, fosfor, yod kabi elementlar mavjud.
Boshqa jihatdan, “ikkinchi non” atamasining oʻzi uning ijtimoiy ahamiyatini va aholining oziq-ovqat isteʼmolida muhim oʻrnini belgilaydi. Uning toʻkin, sifatli va arzon boʻlishi har bir oila farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi