Taraqqiyot strategiyasida mavjud zaxira va imkoniyatlarni safarbar etgan holda 2026-yilga borib aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6, sanoat mahsuloti hajmini 1,4 barobar oshirish vazifasi qoʻyilgan. Bunga esa, avvalo, drayver sohalarda, “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida sanoat klasteri tizimini rivojlantirish orqali erishish mumkin. Misol uchun, mis sanoati klasterini tashkil etish bilan mis va undan boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 3 karra koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonning ushbu sohadan olgan daromadi ayni paytda 2,8 milliard dollarni tashkil etadi. 2026-yilga borib mis ishlab chiqarish 400 ming tonnagacha oshirilib, turdosh tarmoqlarni hisobga olgan holda 8 milliard dollarga yetkaziladi. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, 2030-yilga borib dunyo miqyosida transport vositalari, maishiy texnika va qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishning oʻsishi tufayli misga talab 40 foiz oshadi. Bu mamlakatimiz mis sanoatining istiqboli yanada porloq ekanini koʻrsatadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Olmaliq kon metallurgiya kombinatida Yoshlik-1 konini oʻzlashtirish ishlari jadal olib borilyapti. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihalarning umumiy qiymati 15 milliard dollarga teng. 3, keyinchalik 4 va 5-mis boyitish fabrikalarini, shuningdek, yangi metallurgiya majmuasini barpo etish uning uzviy davomi hisoblanadi.
Mazkur megaloyihalarni amalga oshirishda metallurgiya va nodir metallarni qayta ishlash sohasida dunyoda nufuzga ega kompaniyalar bilan hamkorlik qilish, ularning investitsiya va texnologiyalarini jalb etish muhim oʻrin tutadi. Bu jihatdan germaniyalik hamkorlar bilan turli yoʻnalishlarda aloqalarimiz kengayib borayotganini misol sifatida keltirish mumkin.
Xususan, “Yoshlik-1» konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida markaziy taʼmirlash mexanika zavodiga Germaniyadan Gleason P2000 va Gleason P8000 tishli frezer uskunalari olib kelinib oʻrnatildi. Rux zavodida 6-sulfat kislotasi sexini qurish boʻyicha “Metso:Outotec” kompaniyasi bilan ishlar boshlab yuborildi.
“Falk-Porsche-Technik GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda Chirchiq shahrida “Deutsche IT-AGMK” qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Unda mis kukuni, mis va mis qotishmasidan katanka, kimyoviy chidamli baklar, ruxlangan simlar va geokompozit polimer quvur kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ushbu maqsadlarda 32 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda qiymati 3 million dollarlik dastlabki loyiha ishga tushirildi va 25 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi kombinatning nafaqat ishlab chiqarish quvvatlarini bir necha barobar oshiradi, balki mis sanoati klasteri, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika hamda avtomobilsozlik tarmoqlarini rivojlanishiga bevosita xizmat qiladi. Xususan, fabrika ishga tushganda zarur boʻladigan 24 turdagi kimyoviy reagent va boshqa materiallarni ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishga turtki beradi.
Prezidentimizning Germaniyaga tashrifi doirasida oʻtkazilgan biznes forumda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni kengaytirish boʻyicha 9 milliard yevrolik savdo, moliya va investitsiya bitimlari imzolandi. Ular orasida metallurgiya, togʻ-kon, elektrotexnika sanoati va boshqa yoʻnalishlardagi yirik loyihalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu forumda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati hamda Yevropaning yirik kompaniyalari vakillari oʻrtasida qator muzokaralar oʻtkazildi. Xususan, OKMK va jahonning yirik “KfW IPEX” banki oʻrtasida 1,4 milliard yevroga teng kelishuvga erishildi. Mazkur kelishuvga binoan, Markaziy Osiyoda yangi boʻlgan mis eritish zavodi qurilishi moliyalashtiriladi. Hozir bazaviy loyihani ishlab chiqish ishlari yakunlanmoqda. Shuningdek, bank tomonidan oʻz mablagʻlari hisobiga dual taʼlimni moliyalashtirish istagi bildirildi.
Dunyodagi yirik metallurgiya kompaniyalaridan biri hisoblangan “Aurubis AG” va OKMK oʻrtasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha kelishuv imzolangandi. Endi ushbu kompaniya xodimlarni tayyorlash boʻyicha trening markazi namunasi asosida kombinat mutaxassislarini attestatsiyadan oʻtkazish va malakasini oshirish trening markazi tashkil etiladi.
Yangi mis eritish zavodi uchun “Falk-Porsche-Technik GmbH” kompaniyasi bilan elektroliz vannalar, kislotaga chidamli sigʻimlar hamda yuqori texnologiyali jihozlarni ishlab chiqarish boʻyicha imzolangan kelishuvga asosan, 24 million dollarlik mahsulot tayyorlanadi. Bundan tashqari, 50 ming tonna mis mahsulotlari ishlab chiqarish tashkil etiladi. Uning doirasida 450 million dollardan ortiq eksportbop mahsulot ishlab chiqariladi va Yevropa bozorlarida sotiladi.
Yuqori voltli elektr dvigatellari va generatorlar ishlab chiqaradigan “Menzel” kompaniyasi bilan qoʻshma korxona, elektr dvigatellar ishlab chiqarish boʻyicha transfer zavodi va servis markazi tashkil etishga kelishildi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining dastlabki qiymati 15 million yevroga baholanmoqda. Shuningdek, Yoshlik-1 konining kompozit va shisha tolali mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida “Fiberpipe” kompaniyasi bilan ishlab chiqarish quvvati barpo etiladi. ABM kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan qoʻshma korxonada yiliga 15 million yevro miqdorida dastgohlar ishlab chiqariladi.
“GP Günter Papenburg AG” kompaniyasi bilan kombinatning mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida Yevropa mamlakatlari taʼlim muassasalarida oʻqitish boʻyicha kelishuv esa istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim oʻrin tutadi. Uning uzviy davomi sifatida Freyberg texnika universiteti konchilik akademiyasi bilan kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.
Umuman olganda, mamlakatimizda investorlarga yaratilgan sharoitlar natijasida ushbu tashrif davomida OKMK va Yevropa kompaniyalari oʻrtasida qiymati 1450,2 million yevrodan ziyod hujjatlar toʻplami imzolandi.
– Xorijiy investor Oʻzbekiston deganda, birinchi navbatda, barqarorlik, ishonchlilik va kelajak uchun xotirjamlikni koʻz oldiga keltirishi lozim, – dedi Prezidentimiz Germaniyaga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda. – Germaniyalik har bir tadbirkor mamlakatimizda oʻzini erkin va dadil his etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Germaniyaning ilgʻor ishlanmalari va innovatsion texnologiyalarini Oʻzbekistonning resurslari va inson salohiyati bilan birlashtirsak, katta natijalarga erisha olamiz.
Haqiqatan shunday. Ayni paytda hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va imzolangan shartnomalar Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Germaniya biznesi uchun mamlakatimizda samarali va ishonchli makonlardan biri ekanini amalda isbotlab turibdi.
Abdulla Hursanov,
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ
boshqaruvi raisi, senator