Xitoy nashrlarida O'zbekistonda qayta tiklanayotgan sayyohlik mavsumi haqida xabarlar e'lon qilinmoqda

    Turizm 8 Iyun 2020 2678

    Xitoyning etakchi axborot agentligi “Sin`xua” O'zbekistonda sayyohlik sohasining tiklanishiga oid axborot materialini e'lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri SHuhrat Umirov.

    “Bu uch bosqichda amalga oshiriladi”, deb yozadi agentlik Bosh vazir o'rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimovning «Tiklanish yo'li» xalqaro onlayn turizm konferentsiyasida bergan bayonotiga asoslanib.

    Xabarda mamlakatimizda dastavval ichki turizm, keyin hududiy turizm va pandemiya vaziyatini hisobga olgan holda tashqi turizm tiklanishi qayd etilgan.

    «Umuman olganda, O'zbekiston xavfsiz sayyohlikning yangi tizimini tatbiq etmoqda, uning qoidalari sayyohlik sanoatining barcha ishtirokchilari uchun juda oddiy va ortiqcha tashvishsiz bo'ladi”, deya ta'kidlanadi nashr xabarida.

    Axborot materialida ma'lum qilinganidek, sayyohlik qayta tiklanishining birinchi bosqichi mamlakatning «yashil» va «sariq» toifali karantin hududlarida joriy yil 1 iyundan boshlandi. endi esa xalqaro turizmni tiklashga tayyorgarlik ko'rish imkonini beradigan xavfsizlik tizimi qo'llaniladi.

    “Ikkinchi bosqichda qo'shni mamlakatlar va MDH davlatlari bilan uyushqoqlik asosida hududiy turizmni qayta tiklash rejalashtirilgan. Buning uchun maxsus platforma yaratilgan bo'lib, unga binoan nafaqat Buyuk ipak yo'li mamlakatlari turistik salohiyati, balki istiqbolli mintaqaviy turistik mahsulotlar va sayyohlik yo'nalishlari ham targ'ib etiladi”.

    Xitoy axborot agentligi xabarida alohida qayd etishicha, O'zbekistonda tashqi turizmni tiklashda pandemiya bilan bog'liq vaziyatdan kelib chiqqan holda fuqarolari O'zbekistonga kirishiga ruxsat etiladigan uzoq xorijiy davlatlar ro'yxati tuziladi.

    «YAngi turdagi COVID-19 koronavirusi pandemiyasi inqirozidan chiqayotgan va o'zlarining sayyohlik bozorlarini ochishga hozirlik ko'rayotgan Evropa va Osiyo mamlakatlari tajribasi tahlil etilgan holda O'zbekistonga amalga oshiriladigan xalqaro reyslarni qayta tiklash geografiyasiga doir qarorlar qabul qilinadi», deb yozadi “Sin`xua” AA.

    O'z navbatida, Xitoy xalqaro radiosining internet tarmog'idagi veb-sahifasida (CRI Online) ham mamlakatimiz iqtisodiy ko'rsatkichlari qamrab olingan “O'zbekistonda o'zlashtirilgan xorijiy sarmoyalarning umumiy hajmi 1,6 baravarga o'sdi” sarlavhali maqola e'lon qilindi.

    Unda 2020 yilning yanvar`-aprel` oylari mobaynida mamlakatimizda o'zlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 baravarga o'sgani bilan bog'liq asosiy ma'lumotlar qalamga olinadi.

    “Joriy yilning yanvaridan apreliga qadar o'zlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 2,5 milliard dollarni, shu jumladan to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar – 1,7 milliard va xorijiy kreditlar – 831 million dollarni tashkil etdi. O'zlashtirilgan to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarning umumiy investitsiyalar hajmidagi ulushi 26 foizgacha o'sdi. 2020 yilning dastlabki to'rt oyi mobaynida 336 ta loyiha ishga tushirildi. Bular 8 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari va 328 ta hududiy ahamiyatga ega sanoat ob'ektlaridir”, deb yozadi CRI Online.

    Xitoy xalqaro radiosining qayd etishicha, O'zbekistonga sarmoya kiritish bo'yicha Rossiya, XXR, Germaniya va Janubiy Koreya etakchilik qilmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya kiritayotgan mamlakatlar umumiy soni esa 37 tani tashkil etgan.