Hududda chuqur oʻylangan tashqi siyosat yuritish mintaqada xavfsizlikni va barqaror rivojlanishni taʼminlashda hamda strategik geosiyosiy muvozanatni saqlashda juda muhim. Bunday siyosat, albatta, juda katta masʼuliyatni, diplomatik mahoratni va kuchli siyosiy irodani talab qiladi.
Prezidentimiz yuritayotgan faol yaxshi qoʻshnichilik siyosati tufayli soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda sogʻlom siyosiy iqlim va doʻstona muhit vujudga keldi, bu mintaqada koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, soʻnggi yillarda dunyo ekspert-tahlil hamjamiyati vakillari tomonidan mintaqamizga qiziqish sezilarli tarzda oshdi. Ular bugungi Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotining oʻziga xos xususiyatlarini chuqurroq oʻrganishga intilmoqda. Taʼkidlash joizki, mintaqa davlatlari oʻrtasidagi ilmiy aloqalar faollashmoqda. Uning asosida mintaqaviy iqtisodiyot va turli sohalarda davlatlararo munosabatlarning istiqbollarini birgalikda oʻrganish, dolzarb takliflar ishlab chiqish zarurati yotibdi.
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari lavozimiga kirishganidan soʻng Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish masalasi davlat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Prezidentimiz mintaqadagi koʻplab hududiy nizolar, suv va energiya bilan bogʻliq muammolar, transport-logistika masalalarini muvaffaqiyatli va oʻzaro manfaatli hal qilishga intilishlarning bosh ilhomchisi boʻldi. Uning bu boradagi tashabbuskorligi Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarni tendensiya darajasiga koʻtardi. Oqibat oʻlaroq mintaqada qator strategik yoʻnalishlarda faol oʻzaro hamkorlik avj oldi. Mintaqa mamlakatlari oʻzaro savdo aylanmasi va iqtisodiy integratsiyani kengaytirishga intila boshladi. Shu maqsadda bojxona toʻsiqlarini kamaytirish, erkin savdo hududlarini rivojlantirish, qoʻshma korxonalar va iqtisodiy klasterlar tashkil etish kabi choralar koʻrildi.
Shuningdek, transport yoʻlaklarini rivojlantirish, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, taʼlim va fan sohasidagi aloqalarni jadallashtirish, ekologik muammolarni hal qilish, mintaqaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish borasida ham hamjihatlikda faoliyat yuritish boshlandi. Ushbu yoʻnalishlardagi hamkorlik mintaqaning barqarorligi va iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Shu nuqtayi nazardan yondashganda, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston Prezidentlarining Xoʻjanddagi uch tomonlama uchrashuvini, mazkur mamlakatlar chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma imzolanishini oʻzaro hamkorlikni faollashtirish borasidagi saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida baholamoq kerak.
Shartnoma imzolanishining strategik ahamiyati beqiyos.
Birinchidan, Markaziy Osiyoda chegara masalalarining tinch va muzokaralar yoʻli bilan hal etilishi davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. Bu kelishuv mintaqaning siyosiy barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, kelgusida chegaraviy nizolarning oldini olishga xizmat qiladi. Chegara muammolari hal qilinishi mintaqa davlatlari oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarni kuchaytirish bilan birga, tashqi siyosatda ham yanada samarali hamkorlik uchun zamin yaratadi.
Ikkinchidan, mazkur hujjat transport va savdo yoʻlaklarining yanada erkinlashishiga keng imkoniyatlar yaratib beradi. Davlatlar oʻrtasidagi logistik toʻsiqlar bartaraf etilishi mahsulot va xizmatlarning erkin harakatlanishini ragʻbatlantiradi. Bu esa iqtisodiyotning turli sohalari yuksalishini taʼminlaydi. Xususan, mamlakatlarning iqtisodiy salohiyati oshadi, mintaqadagi eksport va import jarayonlari jadallashadi, ularda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi.
Uchinchidan, shartnoma mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga yanada kuchliroq turtki berishi shubhasiz. Chegara hududlarida yashayotgan aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar vujudga keladi, mintaqa boʻylab savdo-sotiq va turizm rivojlanishiga sharoit yaratiladi. Shuningdek, transchegaraviy hamkorlik orqali suv, energetika va ekologik masalalarni hal etish osonlashadi. Bu esa mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashda muhim qadamlardan biri boʻlishi mumkin.
Shartnomaning strategik ahamiyatlaridan yana biri shundaki, u Markaziy Osiyo davlatlarining integratsiya jarayonlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu hujjat yaqin kelajakda mintaqa mamlakatlarini oʻzaro hamjihatlikka chorlab turuvchi, iqtisodiy, madaniy va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos vazifasini oʻtovchi tarixiy hujjat boʻlib qoladi. Xalqaro maydonda Markaziy Osiyo mamlakatlarining birgalikda harakat qilishi global iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etish imkoniyatini ham kengaytiradi.
Xoʻjandda uch davlat rahbari ishtirokida Doʻstlik stelasi ham ochildi. Stelaning ayni tarixiy hujjat imzolanayotgan pallada ochilishi unga oʻziga xos ramz baxsh etdi. U mintaqa mamlakatlari orasidagi strategik hamkorlikning yorqin timsoliga aylanishi shubhasiz. Bu ramziy harakat fuqarolar oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi.
Umuman olganda, mazkur shartnoma nafaqat chegaraviy masalalarni hal qilish, balki Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli hamkorlik yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi. Uning amalga oshirilishi mintaqa mamlakatlari uchun uzoq muddatli iqtisodiy oʻsish va siyosiy barqarorlik yoʻlida mustahkam poydevor vazifasini bajaradi.
Dilmurod NABIYEV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali