баннер
21 Apr 2025
20:07

    Nyu-Yorkdan Tokiogacha: Oʻzbekiston jahon investorlarini chorlaydi

    Zamon shiddati har bir sohani oʻzgarish va oʻz oʻzini isloh etishga undaydi. Mamlakatimiz ham bu jarayonda turizm sohasidagi tub burilishlarga yuz tutib, jahon sayyohlik xaritasida munosib oʻrin egallash sari dadil odimlamoqda.

    Yaqinda Prezidentimiz raisligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektorda mamlakatimizning turistik salohiyatini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab berdi.

    Mazkur yigʻilishda ilgari surilgan tashabbuslar va raqamlar sohaga qaratilayotgan eʼtiborni yaqqol ifoda etmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston nafaqat qadimiy shaharlari va betakror meʼmoriy obidalari bilan, balki turizmning yangi va zamonaviy yoʻnalishlarini rivojlantirishga boʻlgan intilishi bilan ham jahon hamjamiyatining eʼtiborini tortmoqda.

    Xususan, yurtimizning barcha tarixiy obidalariga kirish imkonini beruvchi yagona «Turist karta«ning joriy etilishi bu borada sayyohlar uchun muhim yangilik boʻladi. Bundan tashqari, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilishga kamida 4 milliard dollar grant mablagʻlarining jalb etilishi sohaga qaratilayotgan investitsiyalar salmogʻini koʻrsatadi.

    Eslasak, soʻnggi yillarda viza tartibining sezilarli darajada liberallashtirilishi, elektron viza tizimining joriy etilishi mamlakatimizga keluvchi sayyohlar oqimining keskin oshishiga zamin yaratdi. Bu nafaqat xorijiy sayyohlar uchun qulayliklarni yaratdi, balki mamlakatimizning ochiqlik va doʻstonalik siyosatining yorqin namunasi boʻldi. Endilikda YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Buyuk Ipak yoʻlining Zarafshon-Qoraqum koridori salohiyatidan unumli foydalanish boʻyicha ham aniq choralar belgilanmoqda.

    Joriy yilning oʻzida turizm sohasida katta oʻzgarishlar kutilmoqda. Xorijiy turistlardan keladigan eksport 15 million kishini va 4 milliard dollarni tashkil etishi koʻzlanmoqda. Bundan tashqari, 635 ta mehmonxona va mehmon uylarining ishga tushirilishi natijasida 50 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. Shuningdek, qoʻshimcha 375 ta turoperator faoliyatini yoʻlga qoʻyishi rejalashtirilgan. Andijon, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 1 tadan, Buxoroda esa 2 ta va Qashqadaryoda 3 ta turizm qishlogʻini tashkil qilish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangan.

    Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha ham faol ishlar olib borilmoqda. Umumiy qiymati 42 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni taʼminlash, shu jumladan, 5,3 milliard dollarlik xorijiy moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. 81 ta yirik loyihani ishga tushirish va 8 mingdan ortiq oʻrta va kichik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Donor tashkilotlar bilan faol hamkorlik natijasida 2 milliard dollar grant olib kelish maqsad qilingan. Banklar tomonidan 6 milliard dollar resurs jalb qilish ham asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

    Xususiylashtirish dasturi doirasida 15 ta yirik davlat korxonasi yevrobond chiqarib, IPOga qoʻyiladi, 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotiladi. Nyu-York, Singapur, Gonkong, Dubay, Shanxay, Tokio, Istanbul kabi megapolislar «Oʻzbekiston investitsiyalari kuni« oʻtkaziladigan asosiy shaharlar sifatida belgilangan.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston oʻz taraqqiyot yoʻlidan qatʼiy odimlab, turizm sohasida ham ulkan yutuqlarga erishdi va bu jarayon davom etmoqda. Endilikda oldimizda turgan vazifa — erishilgan natijalarni mustahkamlash, jalb etilayotgan investitsiyalarni samarali oʻzlashtirish, yangi marralar sari intilish, jahon sayyohlik bozorida munosib oʻrin egallashdir. Demakki, bu jarayonda taʼlim tizimida malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyoj ortib borishi tabiiy. Videoselektor yigʻilishida bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, Davlatimiz rahbari sohada amalga oshirilgan muhim oʻzgarishga toʻxtalib oʻtdi:

    «Turizmda oliy taʼlimni 4-yildan 3-yilga kamaytirib, dual tizimga oʻtkazdik. Nima uchun? Yoshlar koʻproq amaliy bilim olib, tajriba orttirishi kerak«, — deya taʼkidladi Prezidentimiz.

    Darhaqiqat, bugungi kunda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy koʻnikmalarning ham muhim ahamiyat kasb etishi hech kimga sir emas. Ayniqsa, turizm kabi xizmat koʻrsatish sohasida talabalarning oʻquv jarayonidayoq real ish muhiti bilan tanishishi, amaliy tajriba orttirishi kelgusida ularning yetuk mutaxassis boʻlib shakllanishida muhim rol oʻynaydi. Bunday integratsiya talabalarning nafaqat nazariy bilimlarini mustahkamlaydi, balki ularni mehnat bozorining talablariga moslashtiradi.

    Bu borada Davlatimiz rahbarining ushbu tizimga qaratilgan eʼtibori va qoʻllab-quvvatlashi, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan faol siyosat yoshlarimizni ham shijoatga, oʻz ustida tinimsiz izlanishlar olib borishga chorlamoqda.


    Bahodirjon Shermuhammadov,

    Fargʻona davlat universiteti rektori


    Hamkorlik materiali

    Telegram kanalimiz
    Text to speech