Xorijlik delegatsiya aʼzolari Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi

    Xalqaro hamkorlik 21 Iyul 2022 1501

    2022-yil 20-iyulda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YEXHT/DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasi Vladimir Misev boshchiligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif burdi.

    Delegatsiya aʼzolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi Akmal Saidov bilan uchrashdi.

    Unda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga masʼul boʻlgan qoʻmitalar — Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qoʻmitasi raisi J.Shirinov, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Sh.Bafayev hamda mazkur qoʻmita raisi oʻrinbosari I.Qudratovlar ishtirok etdi.

    Muloqot avvalida mehmonlarga A.Saidov Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.

    Jumladan, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng koʻlamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zarurati haqida toʻxtalib oʻtildi. Darhaqiqat, oʻtgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub oʻzgarishlar sodir boʻldi. Bunda Bosh qomusimizda “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon boʻlishini taʼminlash, xususiy mulk daxlsizligi, yerga egalik qilish huquqi, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrnini konstitutsiyaviy darajaga koʻtarish, davlat hokimiyati asoslarini yanada takomillashtirish dolzarbligi haqida fikr yuritildi.

    Mazkur jadal islohotlarni hisobga olib, Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qoʻshma majlisida mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha tashabbus ilgari surilib, Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga oid tashkiliy-huquqiy masalalarni koʻrib chiqish boʻyicha Oliy Majlis palatalari Kengashlariga taklif kiritildi.

    Ushbu taklif Oliy Majlis palatalari Kengashlarining 2022-yil 20-maydagi qoʻshma yigʻilishida koʻrib chiqilib, qoʻllab-quvvatlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha 47 nafardan iborat tarkibda Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.

    Taʼkidlanganidek, aholining Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha oʻz takliflarini moneliksiz yuborishi uchun barcha qulayliklar yaratildi.

    Xususan, aholining konstitutsiyaviy islohotlar jarayonidagi faolligini yanada oshirish maqsadida mobil aloqa kompaniyalari orqali mamlakatimiz fuqarolariga Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan oʻz takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaning barcha platformalariga yuborish mumkinligi toʻgʻrisida 30 milliondan ortiq abonentga 3-marta eslatma tariqasidagi SMS-xabarnomalar yuborildi. Natijada Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi qizgʻin oʻtmoqda. Bugungi kunga qadar 88 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi.

    Uchrashuvda qayd etilganidek, jamoatchiligimiz konstitutsiyaviy islohotlarni obyektiv zarurat sifatida qarab, Konstitutsiyani yangilashdek gʻoyat muhim, strategik vazifani hal etishda faol qatnashib, oʻzining aniq fuqarolik pozitsiyalarini bildirishmoqda. Mazkur jarayonda mamlakat taqdiriga befarq boʻlmagan turli aholi qatlamlari ishtirok etib, ularning barchasiga minnatdorlik bildirilmoqda. Bunda ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etib, takliflarning 70 foizga yaqini aynan ulardan kelib tushayotgani diqqatga sazovordir.

    Oʻz navbatida, delegatsiya rahbari V.Misev va delegatsiya aʼzosi K.Dashutsinalar berilgan batafsil va tahliliy axborot uchun minnatdorlik bildirib, siyosiy jarayonlar haqidagi savollariga batafsil javob olishdi.

    Suhbat samimiy va konstruktiv ruhda oʻtdi.

    Delegatsiya aʼzolari Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    Mehmonlarga aholi oʻz takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaga zamonaviy vositalar — “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali yuborish imkoniyati yaratilgani haqida maʼlumotlar berildi.

    Bundan tashqari, bosma matbuot nashrlari, televideniye va radio orqali ham takliflar qabul qilinayotgani, joylarda mahalla fuqarolar yigʻinlari hamda xalq deputatlari Kengashlari aholining takliflarini ogʻzaki yoki yozma shaklda qabul qilinayotgani xususida ham soʻzlab berildi. Bu kabi aniq maqsadga yoʻnaltirilgan oʻziga xos institutsional mexanizmlarning yaratilgani ishlarni tizimli ravishda olib borish imkonini bermoqda.

    Shundan soʻng, delegatsiya aʼzolari Konstitutsiyaviy komissiyaning Matbuot xizmati xodimlari bilan ham uchrashdi. Muloqotlar chogʻida aholiga konstitutsiyaviy islohotlarga oid oʻzgartish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyati haqida tezkor, xolis va toʻliq axborot yetkazish maqsadida OAV, jumladan, televideniye, radio, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlari bilan oʻzaro hamkorlik oʻrnatilgani haqida maʼlumotlar berildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

    Delegatsiya aʼzolari yaratilgan qulayliklarni eʼtirof etdi.