Xotin-qizlar hayoti va taqdirini oʻzgartirib yuborgan imkoniyat

    Bir yigitni oʻqitsang bir insonga, bir ayolni oʻqitsang, butun millatga taʼlim bergan boʻlasan, degan hikmat bor. Buning zamirida xotin-qizlarning taʼlim olishi kelajak uchun qanchalik muhimligi yotadi.

    Ana shunday ezgu maqsadlar bilan 2022-yildan eʼtiboran oliy taʼlim muassasasi magistratura bosqichiga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan va tahsil olayotgan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt summasini davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom kuchga kirgan edi.

    Bunday imkoniyatning taqdim etilishini yurtimizdagi minglab xotin-qizlar juda katta xursandlik bilan qarshi oldi. Ayniqsa, oila, deb atalgan muqaddas qoʻrgʻonni endigina barpo qilgan, magistraturada oʻqish ishtiyoqi bor, lekin moddiy tomondan imkoniyati boʻlmay turgan talabgorlar uchun kutilmagan yangilik boʻldi, desak adashmaymiz.

    Ayni kunlarda yangi tizim imkoniyatidan unumli foydalangan xotin-qizlarimiz magistraturada oʻqishning birinchi yilini tamomlamoqda. Biz ularning ayrimlari bilan suhbatlashib, taassurotlari bilan qiziqdik.

    ORZUIM USHALISHI KAMIDA 5 YILGA TEZLASHDI

    Maftuna UMARALIYEVA,

    Namangan davlat pedagogika instituti taʼlim-tarbiya nazariyasi va metodikasi yoʻnalishi magistranti:

    — Bakalavrni tamomlash arafasida turmushga chiqdim. Shunga qaramay, magistraturaga ham kirish maqsadim bor edi. Lekin, turmush oʻrtogʻim ham talabaligini hisobga olib, hozircha bu niyatim ushalmasa kerak, deb oʻylaganman. Ochigʻi, oʻz maqsadimni kamida 5 yilga kechiktirib turish haqida qaror qilib boʻlgandim. Yaʼni, turmush oʻrtogʻim oʻqishni tamomlab, ishlay boshlaganidan keyin oʻqiyman, degan fikrga kelgandim. Biroq, davlatimiz tomonidan xotin-qizlarga magistraturada bepul oʻqish imkoni berilishi orzuimni 5 yilga tezlashtirib yubordi. Oʻsha paytdagi quvonchimni soʻz bilan taʼriflab berish qiyin.

    Aslida, har bir qiz yaxshi oʻqib, oʻz sevgan kasbiga ega boʻlishni orzu qiladi. Davlatimizning bu kabi qoʻllab-quvvatlashidan keyin esa bu orzular amalga osha boshladi.

    Yaqinda farzandli boʻldik. Ming shukrki, oilamning koʻmagi bilan oʻqishimni ham qiynalmasdan davom ettiryapman. Oʻylab qolaman, ayol kishi uchun atrofidagi muhitning qoʻllab-quvvatlashidan ham koʻra yaxshiroq baxt bormikan?!

    MAGISTRATURADA OʻQISHDAN UMIDIMNI UZGAN EDIM

    Aziza ZARIPOVA,

    Oʻzbekiston Milliy universiteti ingliz tili lingvistikasi yoʻnalishi magistranti:

    — Magistraturada oʻqishdan umidimni uzib boʻlgandim. Chunki yosh oilamiz, mendan tashqari ham kontraktda oʻqiydiganlar bor. Turmush oʻrtogʻim hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasi magistranti. Tabiiyki, bir oilada ikki kishining magistraturada oʻqish uchun shartnoma pulini toʻlash ogʻirlik qiladi. Ammo, magistraturada oʻqish istagi boʻlgan xotin-qizlarga shartnoma puli davlat tomonidan toʻlab berilishi yoʻlga qoʻyilgani yurtimizda shu niyatdagi barcha xotin-qizlar kabi meni ham juda quvontirib yubordi. Yosh oila sifatida biz bu imkoniyatni zoʻr xursandchilik bilan qabul qildik.

    Men bilan birga taʼlim olayotganlarning koʻpchiligi shu imtiyoz sharofati bilan oʻqiyotgan xotin-qizlar hisoblanadi. Biror sabab bilan yigʻilishib qolsak, albatta, davlatimiz bergan bu imkoniyatni eslamasdan tarqalmaymiz.

    Bu gʻamxoʻrlik kelajakda albatta oʻz samarasini berishiga ishonaman. Chunki shu imkoniyat tufayli bilimi zoʻr, ammo moddiy imkoniyati sabab oʻqishini davom ettira olmaydigan yuzlab xotin-qizlar oʻqishini davom ettirish baxtiga muyassar boʻldi.

    BOLALIKDAN NIYAT QILAR EDIK

    Shodiyona BEKNAZAROVA,

    Qarshi davlat universiteti oʻzbek filologiyasi yoʻnalishi magistranti:

    — Bolalikdan birga ulgʻaygan Nigora ismli dugonam bor. Bir mahallada yashab, maktabda bir sinfda oʻqidik. Birga dars tayyorlardik, musobaqayu tadbirlarga ham birga qatnashardik. Maktabni namunali tamomladik. Kollejda birga oʻqib, universitetga tayyorgarlik koʻrdik. Oʻsha paytlardayoq universitetda birga oʻqib, ilmiy ishimizni ham birgalikda boshlaymiz, deb niyat qilganmiz.

    Niyatimiz xolis ekan, universitetga bir yoʻnalishga kirish nasib etdi. Toʻrtinchi kursga kelib, Nigora ham, men ham turmushga chiqdik. Shundan keyin magistraturada oʻqishimizni birga davom ettirishimiz borasida ikkilana boshladim. Chunki dugonam oʻziga toʻqroq, imkoniyati yetarli oilaga kelin boʻldi. Mening turmush oʻrtogʻim esa hali talaba edi. Shu vaziyatda ozroq sabr qilishga qaror qildim. Lekin bolalikdan birga ulgʻaygan, birga maqsadlar qoʻygan oʻrtogʻim bilan yoʻlimiz ayrilishi menga ogʻir botgandi. Tan olaman, baʼzida alam ham qilgan.

    Ana shunday kunlarning birida koʻnglimni butunlay yorishtirib yuborgan qarorni eshitdim. Oʻsha kundagi quvonchimni bilsangiz edi. Xursandligimdan qoʻshiq aytib, raqsga tushib yuborganimni bilmay qolibman. Nigora ham bundan xursand boʻlgan.

    Bugun ikkalamiz magistraturada birga oʻqiyapmiz. Xudo xohlasa, doktorlik ilmiy ishini ham birgalikda himoya qilamiz.

    Jonibek ALIJONOV,

    jurnalist