Xotin-qizlar oʻqishi kerak

    Hali 20 ga kirmagan qizlarning turmush mushtiga bardosh berolmay, orzulari oʻrnini hayotning achchiq alamlari egallashini oddiy qabul qildik.

    Sharqona tarbiyada ayollarga hurmat koʻrsatish, imkon qadar ularga yengillik yaratishga intilish yetakchilik qiladi. Zero, bugun yurtimizda ayollarning jamiyatda oʻz oʻrni va qadrini topishi davlat darajasidagi masala boʻlib turibdi. Shuningdek, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, faolligini oshirish, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash, sogʻligʻini saqlash borasida izchil chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

    Xususan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar hamda xotin-qizlar kasb-hunar markazlarida tekin oʻqitilmoqda. Kasb-hunar yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarini yakunlagan xotin-qizlar mavjud boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirilmoqda. Tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarini yakunlagan xotin-qizlarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtishidan tortib, faoliyatini mustaqil yuritishiga qadar jarayonda hokim yordamchilari tomonidan tizimli ravishda amaliy yordam koʻrsatilmoqda. Ayollarimiz oʻrtasida ham tadbirkorlik muhitini paydo qilish, davlat byudjetidan maqsadli kreditlar ajratish yoʻlga qoʻyilgan.

    Ayniqsa, xotin-qizlar ilm olishga ragʻbatlantirilib, ularga alohida imtiyozlar berilmoqda. Uzoqqa bormaylik, yaqin yillarda ham, ayniqsa, qishloq joylarda 2-3 ta oʻqimishli odamni topish mumkin edi. Qizlarning oʻqishiga koʻp-da eʼtibor berilmas, maktabni bitirdimi, joyi chiqsa, uzatib yuborish payida boʻlinardi. Hali hayotning baland-pastiga tayyor boʻlmagan qizlarning erta turmushga berilishi ortidan murosasiz oilalar soni ortdi, ajrashishlar koʻpaydi.

    Hali 20 ga kirmagan qizlarning turmush mushtiga bardosh berolmay, orzulari oʻrnini hayotning achchiq alamlari egallashini oddiy qabul qildik. Oʻzimizga sezilmasa-da, umumiy jamiyat ruhiga tushkun kayfiyat singib bordi. Bu esa kundalik muhokama mavzumiz oilaviy mojarolar boʻlishiga olib keldi.

    Qaynona-kelin oʻrtasidagi ziddiyatlar kino va seriallarimizda asosiy obyekt sifatida olindi, afsuski, hali ham bu kayfiyatdan qutulolmayapmiz. Lekin shu yillar mobaynida muvaffaqiyatli va ziyoli ayol gʻoyasini ilgari surishni yo istamadik, yo paysalga soldik. Har qalay qizlarimizning taʼlim olishiga yetarlicha ragʻbat bermadik. Chunki ayollar oʻqishi shart emas, degan fikr koʻpchiligimizning ongimizga oʻrnashib qolgandi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlarining 2022-yildagi tahlillari koʻrsatdiki, ayollarning iqtisodiy faolligi pastligining asosiy sababi ularning uy-roʻzgʻor ishlari bilan andarmon boʻlib qolganidir. Biz ayollarimizni kosa-tovoq bilan band qilib, qanday kelajakni kutishimiz mumkin, sizningcha? Butun dunyoda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past.

    Oʻzbekiston ayollarining mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligi 30 yoshdan boshlanadi. Sababi, oʻrtacha 22-23 yosh oraligʻida turmush quradi va undan keyin kamida 2-yilni tugʻuruq taʼtilida oʻtkazadi. Undan soʻng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tugʻuruq taʼtiliga chiqish ehtimoli yuqori. Umuman olganda, davlat va xususiy sektorda faoliyat yurituvchi ayollar salmogʻi keyingi yillarda oʻsishiga guvoh boʻlyapmiz. Shu maqsadda koʻpgina imtiyoz va imkoniyatlar yaratilmoqda.

    Quvonarlisi, bugun ayrim toifadagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma berilishi tartibi amaliyotga tatbiq qilindi. Bundan tashqari, magistraturada oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini davlat tomonidan butunlay qoplab berish tartibi belgilangan.

    Shuningdek, har bir hududdan ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz 100 nafar ayolning toʻlov-kontrakti hokimliklar tomonidan har yili toʻlab beriladi. 50 nafargacha xotin-qiz birinchi oʻquv yilida tekin oʻqitiladi.

    Buxoro muhandislik-texnologiyalari institutida ham mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, kelajakka shaxdam qadam tashlayotgan xotin-qizlarimiz talaygina. Buni ular qoʻlga kiritayotgan natijalardan ham bilish mumkin. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 4-dekabrdagi buyrugʻiga koʻra, nomdor davlat stipendiyalariga munosib nomzodlar tayinlanib, institutning 8 iqtidorli talabasi taqdirlandi. Eng quvonarlisi, sakkiz stipendiantimizning besh nafari qizlardir. Bu oʻz-oʻzidan qalbimizni faxr-iftixor tuygʻulariga toʻldirdi.

    2023-yilda 2 nafar ayol oʻqituvchimiz “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Joriy yilda bir hamkasbimiz “Shuhrat” medali, yana biri esa “Moʻtabar ayol” unvoniga munosib koʻrildi.

    Magistratura bosqichida tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakti davlat granti hisobidan qoplanishi taʼlim olaman, ilm qilaman, degan qizlarimiz safi kengayishiga yoʻl ochdi.

    Doktoranturada tahsil olayotgan boʻlajak olimalarimizga stipendiyalar oʻz vaqtida toʻlab berilyapti. Ilmga ragʻbatni oshirish yoʻlida institutimiz talabalarga kamarbasta boʻlmoqda. Shuningdek, ilmiy darajasi borlarning umumiy 40 foizini ayol xodimlar tashkil etayotgani ham xotin-qizlarga eʼtiborni koʻrsatib turibdi.

    2024-yilning yanvar oyida OTMda “Ayollar biznesiga birinchi qadam” tanlovi tashkil etildi. Undan koʻzlangan maqsad iqtidorli va isteʼdodli xotin-qizlar, ayollar va yosh olimalarning innovatsion faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdan iborat. Tanlovda ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanayotgan 8 talaba qiz oʻz loyihasi bilan qatnashdi. Gʻoliblar munosib taqdirlandi.

    Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonida ham qizlarimizning oʻgʻil bolalarga nisbatan yuqori ball qayd etayotgani ularda ilm-maʼrifatga ragʻbat yuqoriligidan dalolat beradi. Kecha ayollarning faqat uyda oʻtirishini tasavvur qilar edik, bugun esa dunyoning turli burchaklarida taʼlim olayotgan oʻzbek qizlari oʻzining nimalarga qodirligini koʻrsatib, barcha ayol-qizlarimizga namuna boʻlayotir. Quvonarlisi, jamiyatimizda “Xotin-qizlar taʼlim olishi kerak” degan tushuncha shakllanayotir. Ilgari qizini oʻqitishga qurbi yetmagan ota-onalar ham banklardan foizsiz kredit olib oʻqitmoqda, magistraturada esa tekin tahsil olish imkoni mavjud.

    Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizdagi islohotlarga quruq qarsak chalib, balandparvoz gaplar bilan javob berishdan voz kechishimiz kerak. Bir maqsad yoʻlida birlashib, Vatan xizmatiga sidqidildan hozir boʻlishimiz zarur. Komil farzandlar tarbiyalab, mamlakatimiz taraqqiyotida munosib ishtirokchi boʻlish uchun barchamizdan faollik va gʻayrat talab qilinadi.

    Sadoqat Siddiqova

    Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori