“O'zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi hamda amaliy tadbirlar rejasi loyihalari ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun www.uzbekistan2030.uz veb-saytiga joylashtirildi. Ushbu loyihalar joriy yilning 9-fevral kuniga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o'tkaziladi.
Bu yilgi farmon hamda amaliy tadbirlar rejasi loyihalariga ko'ra, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash tizimini yanada kuchaytirish maqsadida 2024-yil 1-martdan boshlab xotin-qizlar bandligini ta'minlashga ko'maklashish, ular o'rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, kasb-hunarga o'qitish va o'zini o'zi band qilish vazifalari belgilangan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi amaliy chora-tadbirlar ko'zda tutilgan:
Birinchidan, xotin-qizlar bandlik dasturini tasdiqlash hamda dastur doirasida xotin-qizlarning kichik biznes loyihalariga imtiyozli kreditlar ajratish belgilangan. Bunda xotin-qizlar bandligini ta'minlashning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yetarlicha joriy qilish, ishsiz xotin-qizlarni kasbga tayyorlash va ularning kasb malakasini oshirish xotin-qizlarning ishsizlik darajasini pasayishiga olib keluvchi chora-tadbirlarni belgilab beradigan bandlik dasturini tasdiqlash nazarda tutilgan. Ushbu bandlik dasturdan asosiy maqsad xotin-qizlarning kichik biznes loyihalariga imtiyozli kreditlar ajratish orqali ularning tadbirkorligini rivojlantirish ko'zlangan.
Bu orqali xotin-qizlarning turmush tarzini yaxshilash va ularni iqtisodiy mustaqillikka erishishlariga, o'zini o'zi band qilishlariga e'tibor qaratilgan. Shu bilan birga, oila byudjeti daromadlarini oshirish, uy mehnatidan foydalangan holda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish orqali hozirgi kundagi dolzarb muammolardan biri bo'lgan ishsizlikni kamaytirish ko'zlangan.
Ikkinchidan, har bir hududda xotin-qizlar hunarmandchilik markazlari va klasterlarini tashkil qilish ko'rsatilgan. Bunda xotin-qizlar o'zlarining yashash sharoiti, muhiti hamda yashayotgan hududining o'ziga xosligidan kelib chiqqan holda hunarmandchilikni o'rganishadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.03.2021-yildagi PQ-5020-son “Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida 2021-yil mobaynida har bir hududda asosan xotin-qizlar faoliyat yuritadigan hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan klasterlar faoliyati tajriba sifatida joriy etilgan edi. Ushbu klasterlar qator hududlarda tajriba sifatida faoliyat yuritgani hamda samarali natijalar berganini ko'rishimiz mumkin. Ularning afzal jihati shundaki, klasterlar hunarmand ayollarni xomashyo bilan ta'minlaydi hamda ularning qo'l mehnati bilan yaratgan mahsulotlarini bozor narxida sotib oladi.
Hozirgi kunda qo'l mehnati asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham talabgorligini e'tiborga oladigan bo'lsak, hunarmandchilik orqali xotin-qizlar uydan chiqmagan holda, ortiqcha sarsongarchiliklarsiz barqaror daromadga ega bo'lishlarini alohida ta'kidlash lozim. Shu bilan bir qatorda, ayollarimiz farzandlari tarbiyasi bilan shug'ullana oladilar hamda ularni ham ushbu faoliyatga jalb qilib bo'sh vaqtlarini samarali o'tkazishlariga yordam beradi.
Uchinchidan, xorijiy mamlakatlarda og'ir vaziyatga tushib qolayotgan o'zbekistonlik ayollarga har tomonlama ko'mak ko'rsatish, xorijiy diplomatik tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash va sayyor qabullar tashkil etish hamda muammolarni bartaraf etish vazifasi nazarda tutilgan. Bu vazifani amalga oshirish uchun chet elda yurgan xotin-qizlar mehnat muhojirlari geografiyasi va ro'yxatlarini aniqlash, ayollar bilan onlayn davra suhbatlarini o'tkazib, muammolarini aniqlash, ularga xorijda ishlashning qonuniy asoslari hamda odam savdosiga qarshi kurashishning mazmun-mohiyatini tushuntirish kabi amaliy chora tadbirlar ko'rsatilgan.
Bu bilan hozirgi paytda dolzarb muammolardan biri bo'lgan ayollar noqonuny mehnat migratsiyasi natijasida kelib chiqayotgan og'ir oqibatlarni oldini olish hamda bartaraf etish imkoniyati vujudga keladi. Xotin-qizlarimizning huquqiy ong hamda huquiy madaniyatini rivojlantirish, ularni huquq va qonuniy manfaatlarini horijda ham qo'llab-quvvatlash hamda davlat muhofazasiga olish ushbu vazifaning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
To'rtinchidan, ayollarni tazyiq hamda zo'ravonlikning turli shakllaridan himoyalash vazifasi ham ko'zlangan. Ushbu vazifani amalga oshirishga doir chora-tadbirlarda zo'ravonlikka uchragan xotin-qizlarga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda professional yordam ko'rsatishning yagona tizimini tashkil qilish reglamentini tasdiqlash hamda zo'ravonlikdan aziyat chekkan ayollarni qo'llab-quvvatlash, shu jumladan boshpana (shelter) va reabilitatsiya markazlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish belgilangan.
Bu orqali zo'ravonlikka uchrab qiyin ahvolga tushib qolgan ayollarga dastlabki tibbiy, psixologik, yuridik, ijtimoiy yordam berish maqsad qilingan. Zo'ravonlik oqibatida boshpanasiz qolgan ayollarni reabilitatsiya markazlariga joylashtirib, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan og'ir oqibatlarni oldini olish ko'zda tutilgan. Shuningdek, ushbu ayollarni keyinchalik jamiyatga qo'shilib, mehnat faolitiyatini olib borishlari hamda osoyishta turmush tarzi kechirib, farzandlari tarbisida faol ishtirok etishlariga zamin yaratishga e'tibor qaratilgan.
Beshinchidan, xotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunarlarga o'qitish orqali bandligini ta'minlashga ko'maklashish hamda ular o'rtasida tadbikorlikni rivojlantirish vazifasi nazarda tutilgan. Ushbu vazifaga erishish uchun 1. 85 ming nafar xotin-qizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda 2. 90 ming nafar xotin-qizlarni tadbirkorlikka o'qitishga doir amaliy chora-tadbirlar belgilangan.
Bugungi rivojlanayotgan davrda xotin-qizlarni raqobatbardosh kasb-hunarlarga o'qitish malakali va yetuk ayol kadrlarni ko'paytirish imkonini beradi. Shuni ham ta'kidlash lozimki, xotin-qizlar salohiyatidan yanada ko'proq foydalanish, iste'dodlarini namoyon etishiga ko'maklashish, kasbiy mahoratlarini oshirish davlatimiz rivojlanishiga, oilalar farovonligiga xizmat qiladi.
Oltinchidan, yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o'rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushrish va bu orqali yosh xotin-qizlar uchun turli tanlov, loyihalar, o'quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etish belgilangan. Hozirgi axborot texnologiyalari rivojalanyotgan davrda yosh xotin-qizlarimizni ham zamonaviy kasblarga jalb qilish davr talabi bo'lmoqda. Ushbu platforma xotin-qizlar ilm-fan, innovatsion faoliyatning barcha sohalarida o'z bilimlarini oshirish, dunyoqarashlarini kengaytirishlari, tajriba almashishlari uchun keng imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda bilimlarni yangilab, kasbiy mahoratlarini oshirish, tajriba almashish har bir soha mutaxassislari uchun eng dolzarb vazifalardan biri bo'lib qolmoqda. Aynan shunday platformalarning tashkil etilishi yosh xotin-qizlarimiz uchun yangi bilimlarni olishlari, shuningdek sohalariga doir turli tanlovlarda ishtirok etib, qobiliyatlarini ro'yobga chiqarishlariga, nufuzli tashkilotlarda stajirovka o'tashlari va keyinchalik ishga joylashishlariga imkon beradi.
Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, ayollar nafaqat oila ravnaqi hamda farzandlar tarbiyasi bilan mashg'ul ona va uy bekasi bo'lishi, balki jamiyat hayotida ham o'z o'rniga ega bo'lishlari, turli sohalarda yuksak muvaffaqiyatlarga erishishlari mumkin.
Inobat Xakimova,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi