Xush kelibsiz, investor yoxud investitsiyaviy nizolarning huquqiy asoslari qay darajada?

    Statistik ma'lumotlarga nazar soladigan bo'lsak, o'tgan yil davrida iqtisodiy sudlarda 3 mingdan ortiq chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bilan bog'liq nizolar hal etilgan.

    Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasi mazkur sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladigan tarixiy ahamiyatga ega bo'ldi. Unda e'tirof etilganidek: “Islohotlarimiz samarasi ko'p jihatdan 4 ta muhim omilga, ya'ni qonun ustuvorligini ta'minlash, korruptsiyaga qarshi qat'iy kurashish, institutsional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bog'liqdir”.

    Murojaatda sudlarni chinakam ma'nodagi adolat qo'rg'oniga aylantirish borasida hayotga joriy etiladigan islohotlar mamlakatda sud mustaqilligini to'liq ta'minlash eng muhim vazifa bo'lishi zarurligi, qonun buzilish holatlarini faqat va faqat sudlarning haqiqiy mustaqilligiga erishish orqali bartaraf etish mumkinligi alohida ta'kidlandi.

    O'zbekiston — eng yaxshi islohotchi davlatlar qatorida

    Statistik ma'lumotlarga nazar soladigan bo'lsak, o'tgan yil davrida iqtisodiy sudlarda 3 mingdan ortiq chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bilan bog'liq nizolar hal etilgan. Ushbu iqtisodiy ishlarning deyarli yarmi Toshkent shahar iqtisodiy sudi tomonidan ko'rib chiqilgan.

    2020 yil bo'yicha respublikamiz Jahon bankining “Biznesni yuritish” (Doing Business) reytingida dunyoning 190 ta davlatlari orasida 7 pog'ona ko'tarilib 69-o'rinni egalladi va biznesni ro'yxatga olish ko'rsatkichi bo'yicha 8-o'rinni egalladi hamda eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan o'rin oldi.

    “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida “SHartnomalar ijrosini ta'minlash” indikatori bo'yicha O'zbekistonni dunyoning etakchi 20 ta davlatlari qatoriga kiritishni ham ta'minlash zarur. Bunda mamlakatda odil sudlov tizimi muhim ahamiyat kasb etib, uning sifatliligi darajasi iqtisodiy sohadagi nizolarni ko'rib chiqishda sud jarayonining shaffofligi va ishlarni ko'rib chiqish samaradorligi kabi mezonlar orqali aniqlanadi.

    O'zbekiston Respublikasining 2019 yil 25 dekabrdagi “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida”gi qonuni bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi bo'ldi, desak adashmaymiz. Ushbu meyoriy hujjatning 61-moddasiga muvofiq, davlat organlarining investitsiya faoliyati sub'ektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan yoki cheklaydigan qarorlari, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkinligi belgilangan.

    Mazkur qonunning 63-moddasiga ko'ra, chet el investitsiyalari bilan bog'liq bo'lgan va O'zbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorning investitsiya faoliyatini amalga oshirishi chog'ida yuzaga keladigan nizo (investitsiyaviy nizo) muzokaralar o'tkazish, undan so'ng agar kelishuvga erishilmasa, mediatsiya yo'li bilan hal etilishi ko'rsatilgan. Muzokaralar o'tkazish va mediatsiya yo'li bilan tartibga solinmagan investitsiyaviy nizo O'zbekiston Respublikasining tegishli sudi tomonidan hal qilinishi kerakligi mustaxkamlangan.

    Salbiy omillar ham yo'q emas

    Shu bilan birgalikda, mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilanishiga va investitsiyaviy nizolarni samarali hal etilishiga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan omillar mavjud. Jumladan, investitsiyaga oid nizolarni sud tomonidan hal etish buyicha amaldagi qonun hujjatlari normalari etarli darajada rivojlanmagan.

    Ya'ni investitsiya faoliyatiga aloqador iqtisodiy, fuqarolik, ma'muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar turli xil sudlar tomonidan ko'rib chiqilmoqda. Iqtisodiy sohada yuzaga keladigan nizolar iqtisodiy sudlar, fuqarolik, mehnat va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar fuqarolik ishlar bo'yicha sudlar va davlat organlari bilan ommaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar ma'muriy sudlar tomonidan ko'rib chiqilishi belgilangan.

    Bu esa, o'z navbatida, investorlar faoliyatiga oid nizolar bo'yicha qarorlar qabul qilishda turli xil sud amaliyoti shakllanishiga sabab bo'lmoqda.

    Investitsiyaga oid nizolarni hal qilish bo'yicha sud tizimini takomillashtirish hamda investorlar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini ta'minlash maqsadida Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni qabul qilingan.

    Ushbu farmon bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko'rish bo'yicha sudlov tarkibini tuzish nazarda tutilgan. Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSH dollari ekvivalentidan kam bo'lmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar (yirik investorlar) va davlat organlari o'rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko'rish vakolati berilgan.

    Bunda investitsiyaviy nizolar bo'yicha yirik investorlarning, raqobatga oid ishlar bo'yicha taraflarning xohishiga ko'ra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Sudlov tarkibi tomonidan birinchi instantsiya sudi sifatida ko'rilishi hamda qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instantsiya sudi sifatida ko'rilishi mumkinligi belgilangan.

    Ingliz huquqi etakchi tizim sifatida

    Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlarning asl mohiyati investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalq farovonligiga erishishdan iborat. CHet eldan investorni jalb etish uchun unga, birinchi navbatda, qulay ishbilarmonlik muhiti, huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qonuniy kafolatlar yaratib berish lozim.

    Bu borada ko'plab xorijiy davlatlarda ingliz huquqi etakchi tizim sifatida keng qo'llanilib kelinmoqda. Ilg'or rivojlangan mamlakatlarda investorlar o'zi bilgan ingliz huquqi tizimida ish olib borishni afzal kurishadi. Ingliz huquqi bir necha davlatlar huquq tizimining eng afzal jihatlarini o'zida jamlagan huquq majmuasi bo'lib, qo'shma korxonalar tuzish, investitsiya kiritishda undan ko'p foydalaniladi. egiluvchanlik, shaffoflik, bashorat qila olish va, eng muhimi, tezlik bu tizimning afzal jihatlari hisoblanadi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 maydagi “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo'naltirilgan va import o'rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni mamlakatimizda ingliz huquqini joriy etish uchun dastlabki qadam sifatida xizmat qiladi. Ushbu farmon bilan Adliya vazirligiga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida ingliz standartlari, tamoyillari va normalari asosida alohida huquqiy rejim o'rnatish bo'yicha takliflar kiritish vazifasi topshirilgan.

    Xitoy, Qozog'iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur va boshqa ko'plab mamlakatlarda ingliz huquqidan foydalanish amaliyoti keng yo'lga qo'yilgan. Jumladan, yaqin qo'shni davlat Qozog'istonda ham ichki investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida ingliz huquqi tizimidan “Astana” xalqaro moliya markazi hududida samarali qo'llanilib kelinmoqda.

    O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksga ko'ra, sud O'zbekiston Respublikasining qonuniga yoki xalqaro shartnomasiga muvofiq, chet davlatlarning huquq normalarini qo'llaydi. Unda chet davlat huquqi normalarini qo'llashda sud ushbu normalarning mazmunini ularning tegishli chet davlatda sharhlanishiga va amalda qo'llanilishiga muvofiq holda aniqlashi belgilangan.

    Investitsiyaga oid nizolar bo'yicha sudlar tashkil etish kerak!

    Yuqoridagi fikrlardan ko'rinib turibdiki, respublikamizda chet davlati huquq normalarini amaliyotga joriy etish uchun milliy qonun hujjatlarimizda etarli asos mavjud bo'lib, chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bilan bog'liq nizolarni hal etishda sud amaliyotini yanada takomillashtirishni zamon talab etmoqda.

    Xorijiy davlatlarning o'z hududida ingliz huquqi tizimini joriy etish bo'yicha ilg'or tajribasini o'rganib, ushbu tizimni O'zbekiston hududida, avvalo, erkin iqtisodiy zonalar va yirik shaharlar ichidagi zamonaviy ishbilarmonlik markazlari hududlarida joriy etish, shuningdek ularning rezidentlari ishtirokidagi iqtisodiy tusdagi nizolarni hal etish uchun chet davlat huquqi normalarini qo'llovchi investitsiyaga oid nizolar bo'yicha sudlar tashkil etish taklif etiladi.

    Huquqiy tajriba sifatida birinchi navbatda “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida investitsiyaga oid nizolarni ko'rib chiquvchi ixtisoslashtirilgan sudni tashkil etish hamda mazkur hudud ishtirokchilari tomonidan tuziladigan har qanday bitimdan kelib chiqadigan nizolarni ingliz huquqini normalari asosida hal etish imkoniyatini qonun hujjatlari orqali mustahkamlash maqsadga muvofiq hisoblanadi.

    Xulosa qilib aytganda, yurtimizda sud hokimiyatining tom ma'nodagi mustaqilligini ta'minlash, sudlarni investorlar huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli va mustahkam himoya qiladigan, iqtisodiy sohadagi o'zgarishlarning muhim vositasi bo'lgan institutga aylantirish yo'lidagi keng qamrovli islohotlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

    Buning natijasida mamlakatimizda investorlar, shu jumladan, chet ellik investorlar huquq va manfaatlarini ishonchli himoyasini ta'minlash, ularning sud hokimiyatiga ishonchini oshirish, bu esa o'z navbatida O'zbekistonda yanada jozibador investitsiyaviy muhit yaratishga va “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida davlatimiz nufuzini tubdan oshirishga turtki bo'lib xizmat qiladi.

    Mavlon MUHITDINOV,

    O'zbekiston Respublikasi

    Investorlar uyushmasi raisi