Albatta, mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni yuqori darajaga koʻtarishda, ularni rivojlanish strategiyasini belgilashda va amalga oshirishda davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlagan siyosati muhim omil boʻlmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston ichki siyosatida kuzatilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va yangilanishlar, mamlakatning tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Mamlakatimiz xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida, mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yoʻlga qoʻyib, xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirmoqda. Bunday izchil, aniq va konstruktiv tashqi siyosatni xalqaro ekspertlar va kuzatuvchilar ham eʼtirof etmoqda.
Xususan, davlatimiz tomonidan azaliy va yagona tarixiy ildizlarga ega boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan boʻlgan munosabatlar rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda
Qayd etish joizki, Oʻzbekistonning mintaqaviy saʼy-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Bu vaqt ichida mintaqamizda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hamkorlik muhitini yaratishga erishildi.
Xususan, chegara postlarining ochilishi va ular sonining koʻpaytirilishi, vizasiz rejimning joriy etilishi kabilar xalqlarimizning oʻzaro bordi-keldisini yengillashtirmoqda. Oʻzbekiston olib borayotgan tashqi siyosatdagi konstruktiv yondashuv tufayli yillar davomida muammo boʻlib kelgan koʻpgina masalalar, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transchegaraviy, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, fuqarolarning chegara punktlarini kesib oʻtishi, oʻzaro turizmni rivojlantirish kabi dolzarb masalalar mintaqa davlatlari tomonidan ochiq va doʻstona ruhda hal qilinmoqda.
Joriy yilning 31-mart kuni Xoʻjand shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilarining mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalariga bagʻishlangan qoʻshma uchrashuvi ham oʻzaro hamkorlikning yangi mexanizmlari tashkil etishda muhim qadamlardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning dastlabki uchrashuvlari Ramazon hayiti qutlovlari bilan boshlanganligi ham ushbu uchrashuvning naqadar xayrli tusda boshlanganligining isboti boʻldi. Uchrashuv davomida Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik yuksak darajaga koʻtarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jumladan, mamlakatlar oʻrtasida 2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Sanoat, energetika, elektrotexnika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Samarali hududlararo aloqalar va faol madaniy-gumanitar almashinuv yoʻlga qoʻyilgan.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari huzurida tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning kuchga kirishi haqidagi bayonnomani imzoladilar va ratifikatsiya yorliqlarini almashdilar. Shartnoma oʻtgan yili 18-aprel kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi ikki tomonlama sammitda imzolangan edi. Maʼlumot oʻrnida taʼkidlab oʻtish lozimki, “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnomani (Dushanbe, 2024-yil 18-aprel) ratifikatsiya qilish haqida” Oʻzbekiston Respublikasining qonuni 2025-yil 12-fevral kuni imzolangan boʻlib, 31-mart yaʼni hujjat ratifikatsiya yorliqlari almashilgan kundan eʼtiboran kuchga kirdi.
Shu kunning oʻzidayoq davlatimiz rahbari Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilari bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etgani tashrifning naqadar dolzarb va natijaviy boʻlganligining isbotidir.
Prezidentimiz Tojikiston va Qirgʻiziston tomonlarini barcha masalalar uzil-kesil hal etilgani hamda Davlat chegarasini delimitatsiya qilish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangani bilan samimiy tabrikladi.
Ushbu hujjat, shuningdek, uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisida imzolanayotgan shartnoma barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga, butun mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Tantanali ravishda ochilgan Doʻstlik stelasi esa qardosh mamlakatlar oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarining yangi ramziga aylanishi qayd etildi.
Shu hafta Samarqandda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va mintaqadagi umumiy ekologik tahdidlarga bagʻishlangan Iqlim forumini, may oyida Koʻrfaz arab davlatlari bilan sammit, sentyabr oyida esa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvini oʻtkazish, chegaradosh hududlarning hamkorligini rivojlantirish, chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish, mamlakatlar oʻrtasida transport aloqalarini rivojlantirish, “Yashil” energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalar, suv va ekologiya dasturlarini ilgari surish kabi dolzarb va strategik masalalar yuzasidan muhokamalar oʻtkazildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda uch davlat rahbarlarining Qoʻshma deklaratsiyasi qabul qilindi.
Kunning eng quvonarli daqiqalaridan biri Prezidentlar ishtirokida uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda Doʻstlik stelasini tantanali ravishda ochilishi boʻldi. Chunki bugungi tahlikali zamonda chegaradosh respublikalar tinchligi hamda iqtisodiy-siyosiy hayoti har bir rivojlanayotgan davlat uchun muhim hisoblanadi. Bejizga qadimdan “Qoʻshning tinch – sen tinch” degan naql xalqlarimiz orasida muhim jihatlardan boʻlmagan. Ushbu yodgorlik qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yangi ramzi boʻlib xizmat qilishi shubhasizdir.
Xoʻjand shahrida oʻtgan uch tomonlama sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanib borayotganligi alohida eʼtirof etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 70 foizga oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan qoʻshma Investitsiya jamgʻarmasi koʻmagida sanoat kooperatsiyasi muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.
Uch mamlakat madaniyat va sanʼat ustalarining konsertida davlatimiz rahbarining “Bundan buyon chegaralar – birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makonidir”, deb taʼkidlagan soʻzlari qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik hamda doʻstlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishida muhim qadamlardan biri boʻlganligining isbotidir.
Dadillik bilan taʼkidlasa boʻladiki, oʻzbek-qirgʻiz-tojik xalqlari oʻrtasidagi qardosh-hamkorlik munosabatlarining yangi sahifasi boshlandi. Va ushbu oʻtkazilgan uch tomonlama sammit ushbu munosabatlarning debochasi boʻlib xizmat qiladi.
Muhayyo ISMOILOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Toshkent shahar boʻlimi rahbari