Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahrirda qabul qilinishi mamlakatimiz hayotidagi uzoq kutilgan muhim voqea boʻldi. Zero, bunga boʻlgan ehtiyoj allaqachon sezilib, mehnat huquqi sohasida tub islohotlarni amalga oshirish vaqti kelgandi. Yangi Mehnat kodeksining bir qator muhim jihatlari borki, u nafaqat millatimizning bugungi kuni, balki kelajagini ham koʻp jihatdan belgilaydi. Gap shundaki, kodeks gender tenglik talablariga muvofiq toʻliq tahrir etilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Mehnat kodeksini tahrir qilishda ayollar va erkaklar teng huquqliligini taʼminlash borasidagi eng ilgʻor mamlakatlardan Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi kabi rivojlangan davlatlar tajribalari qoʻllanildi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan bir qator konvensiyalari, Ish joylari haqidagi global kelishuv, Xalqaro mehnat konferensiyasining 2013-yilgi 102-sessiyasida qabul qilingan yangi demografik kontekstda ish bilan bandlik va ijtimoiy himoya toʻgʻrisida rezolyutsiya ham tahlil qilib chiqildi.
Xususan, yangi Mehnat kodeksida professional faoliyatini oilaviy majburiyatlar bilan uygʻunlashtirgan xodimlar mehnatini tartibga solishda “gender neytrallik” tamoyili taʼminlandi. Jumladan, shu maqsadda ayollarning fiziologik xususiyatlariga bogʻliq boʻlmagan bolalarni tarbiyalashga oid kafolatlar (taʼtilga chiqish, qisqartirilgan ish vaqti va boshqalar) nafaqat onaga, balki otaga va ularga tenglashtirilgan shaxslarga (vasiyga) berildi.
Jumladan, kodeksining 397-moddasi “Uch yoshga toʻlmagan bolaning ota-onasidan birining (vasiysining) qisqartirilgan ish vaqti davomiyligiga boʻlgan huquqi” deb nomlanib, unda tegishli meʼyorlar mustahkamlab qoʻyildi. Unga koʻra uch yoshga toʻlmagan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) haftasiga oʻttiz besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.
Shuningdek, ushbu moddada uch yoshga toʻlmagan bolaning byudjetdan moliyalashtirilmaydigan ish beruvchilarda ishlaydigan ota-onasidan biriga, vasiyiga qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilanishi mumkin.