Shu o'rinda 20-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari bilan uchrashuvida “Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekani, to'g'ridan-to'g'ri qo'llanishi, insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo'lib, har kimga tug'ilganidan boshlab tegishli ekani qayd etilmoqda. Bularning barchasi Asosiy qonunning himoyachisi bo'lgan Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda” deb ta'kidlab o'tdi. Shuningdek, Konstitutsiyamizda fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo'llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko'rib chiqishni Konstitutsiyaviy sudning vakolatida aks ettirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 8-moddasiga asosan “Har bir inson unga konstitutsiya yoki qonun orqali berilgan asosiy huquqlari buzilgan hollarda nufuzli milliy sudlar tomonidan bu huquqlarning samarali tiklanishi huquqiga ega” deb belgilangan. Shuningdek, “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risida”gi xalqaro paktning 2-moddasi 3 qismiga asosan “Ushbu paktda ishtirok etuvchi har bir davlat huquqiy himoya talab qiluvchi har qanday shaxs uchun yuridik himoya vakolatli sud, ma'muriy yoki qonun chiqaruvchi hokimiyatlar tomonidan yoki davlatning huquqiy tizimida nazarda tutilgan boshqa vakolatli organlar tomonidan ta'minlashi va sud orqali himoyalanishi imkoniyatini rivojlantirishni o'z zimmasiga oladi” deb belgilangan.
Shuningdek hamohang normalarni rivojlangan xorijiy davlatlar Konstitutsiyalarida ham ko'rish mumkin Masalan, Bel`giya (142-modda), Vengriya (24-modda), Germaniya (93-modda), Koreya 111-modda va boshqalar.
Shunday ekan, inson huquqlarini himoya qilishda samarali vositalardan biri bo'lgan konstitutsiyaviy shikoyat institutini Konstitutsiyaviy norma bilan mustahkamlash mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash, Konstitutsiya va qonun ustunligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Nilufarxon Said-Gazieva,
O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Davlat huquqiy fanlar va inson huquqlari kafedrasi professori,
yuridik fanlar doktori