Har qanday jamiyat tamaddunining yetakchi maqsadi aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan boʻladi. Ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy yuksalish, tinchlikni taʼminlash, inson sogʻlom va farovon umr kechirishi uchun davlat kuchli ijtimoiy siyosat olib boradi.
Maʼlumki, 30-aprel sanasida Referendum oʻtkaziladi va mazkur siyosiy kampaniyaga qizgʻin taraddud koʻrilmoqda. Konstitutsiya chinakam xalqparvar davlatchilik negizini yaratishi, aholi farovonligini oshirishi, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishi, barcha sohalarni liberallashtirishda muhim va mustahkam poydevordir.
Yangi Oʻzbekistonda faollik, yaratuvchanlik, ijodkorlik ruhida yashash odamlar uchun ijobiy muhit taqozosi, ijtimoiy zaruratga aylandi. Konstitutsiya xalqchilik, insonparvarlik, bagʻrikenglik va ezgulik gʻoyalari bilan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy jarayonlarni baholash va yondashishda milliy, umuminsoniy qadriyatlar uygʻunligining ustuvorligiga tayanmoqda.
Innovatsion taraqqiyot shiddati inson kapitali rivojiga yoʻl ochish bilan birga fikrlash tarzini, ijtimoiy va maʼnaviy-axloqiy qarashlarni oʻzgartirishni talab qiladi. Pirovardida butun jamiyatning modernizatsiyasi va yangi sifat holati transformatsiyasiga olib keladi.
Inson kapitalini amalga oshirishdagi yana bir omil – bu “fuqarolik” komponenti sanaladi. Oʻz diyori fuqarosi sifatida burch va masʼuliyatga oid rollarni bajarish, shaxsiy pozitsiyasini namoyon etish uchun doimiy tayyorgarlik hamda maʼmuriy, huquqiy hamda siyosiy munosabatlardagi faollik inson kapitali formulasidir. Shaxsdan vatan manfaatlarini muhofazalash, xavfsizlikni taʼminlash, belgilangan axloq qoidalariga rioya etish, istiqomat qilayotgan joyidagi ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy masala-muammolarda daxldorlik va burch soʻraladi.
Inson kapitali bilim, tajribalar, strategik rejalar, kishilarning intellektual-maʼnaviy kamoloti, shuningdek, muayyan maqsadlari, qiziqish va layoqati tarzida ham milliy zaxira hisoblanadi. Taʼlim tizimi globallashuv va axborot asrida eng samarali sotsial kapital deb eʼtirof etiladi. Unga sarflangan har qancha moliyaviy xarajat uzoq muddat kuttirsa-da, natijalar esa toʻla-toʻkis oʻzini oqlashi aniq boʻldi.
Umuman, dunyoning ilgʻor respublikalarida soʻnggi oʻn yillikda taʼlim – atom va elektronika, bilim va texnologiyalar zamonida barqaror rivojlanishning bosh omili va kaliti ekanligini hukumatlar, siyosiy elita va aholi tarafidan chuqur anglab yetilgani kuzatiladi.
Ha, erkin fuqarolik, huquqiy demokratik jamiyat qurishda taʼlim-tarbiya hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yangilanayotgan Bosh hujjatning mukammal ishlay boshlashi xalqimiz turmush-tarzini yanada yaxshilaydi.
41-moddaning amaldagi matni bunday edi: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”. Ayni moddani quyidagicha yangi tahrirga oʻtkazish taklifi va matbuotda eʼlon qilingan loyihaga binoan,
50-modda: Har kim taʼlim olish huquqiga ega. Davlat uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlaydi. Davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Davlat bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olishni kafolatlaydi. Umumiy oʻrta taʼlim majburiydir. Maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy oʻrta taʼlim davlat nazoratidadir. Taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi.
51-modda: Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli. Oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega.
52-modda: Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi...
Har qanday inson kapitalining mavqei mamlakat miqyosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Bunda biz (ekspertlar fikri ham) doimiy taʼkidlab keladigan “Taʼlim faqatgina shaxsning kelajakdagi muvaffaqiyati emas, balki jamiyat va qolaversa, millatning jamoaviylikka yoʻnaltirilgan kelajagiga sarmoya” ekanligini unutmaslik kerak.
Demak, inson kapitali orqali Yangi Oʻzbekistonda ijobiy ijtimoiy-iqtisodiy yuqori dinamikasini taʼminlashga erishiladi.
Muhriddin SODIRJONOV,
sotsiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD),
Namangan davlat universiteti