Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz ziyo tarqatuvchi manba bo'ladi

    Buyuk taraqqiyotga erishga mamlakatlarning yutug'ini yaxshi bilamiz. Ularning qaysi biri tendentsiyalariga, tanlagan yo'liga nazar solmaylik, eng avvalo, ta'limga sarmoya kiritilganini ko'ramiz. Bugun O'zbekiston ham mana shu yo'lda.

    Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig',

    Yor o'lung bir-biringizkakim, erur yorlig' ish.

    Alisher Navoiy bobomiz olti asr narida bitib ketgan bu misralar hikmati bugun har qachongidan ham dolzarb tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda.

    Boisi, bugun g'oyalar kurashi avj olgan, har bir sohaga innovatsion ishlanmalar, yangi ixtirolar va komp`yuter texnologiyalari keng tatbiq etilayotgan bir davrda millatlararo, davlatlar o'rtasidagi do'stlik va hamjihatlik muhiti g'oyat muhim tendentsiyalardan biri bo'lib qoldi. Tinchlik va farovonlikni ta'minlash kun tartibidan bir zumda bo'lsa-da, tushgan emas.

    Shunday tahlikali va tezkor zamonda esa, faqat va faqat ilm egallash, inson ongu tafakkurini teran mushohadalar bilan boyitish, insonparvarlik g'oyalarini keng targ'ib etishni hayotning o'zi oldimizga katta vazifa sifatida qo'ymoqda.

    Biz bejiz ta'lim-tarbiya, ilm-fan va insoniy qadriyatlar haqida aytmayapmiz. Gap shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida katta yo'lga chiqqanmiz. Shu kunlarda navbatdagi muhim marraga etishish ostonasidamiz. Bu Konstitutsiyamizga o'zgartirishlar kiritish va uni xalqimizning asosiy yashash mezoni qonuniyatlariga moslashtirish harakatidir.

    Biz o'qituvchimiz. Bevosita faoliyatimiz yoshlarni ilmli, ziyoli qilib tarbiyalashdan iborat. Etuk kadrlar etishtirish bosh maqsadimiz. Shunday ekan, kasbimiz taqozosidan kelib chiqib, Konstitutsiyamizga bizning faoliyatga taalluqli kiritilayotgan o'zgartirishlardan juda xursand bo'ldik. O'z navbatida, bu o'zgartirishlarning kelgusi hayotimizga ta'siri borasidagi fikrlarimiz bilan o'rtoqlashish niyatidamiz.

    Prezidentimiz 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari bilan uchrashuvida ilgari surgan ikkinchi yo'nalish — Asosiy qonunimizda “O'zbekiston — ijtimoiy davlat” degan g'oyani mustahkamlash tamoyili va unda 16 ta muhim tashabbus bildirilgani har birimizning hayotimizga o'z ta'sirini o'tkazadi.

    Jumladan, davlat ta'limning barcha shaklida, jumladan, xususiy ta'lim muassasalarni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berishi lozimligi aytildi.

    Prezidentimiz shu haqda gapirar ekan, “Ota-bobolarimiz “Beshikdan qabrgacha ilm izlang” degan muborak hadisga amal qilib yashagan davrlarda yurtimiz zaminidan buyuk mutafakkir zotlar — buxoriylar, termiziylar, xorazmiylar, beruniylar, farg'oniylar, navoiylar etishib chiqqan. Biz ana shunday ulug' ajdodlarimizning yangi barkamol avlodini tarbiyalab voyaga etkazmoqchi ekanmiz, buning uchun bog'cha, maktab, oliy ta'lim va ilm-fan sohalarini ustuvor taraqqiy ettirishni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo'yishimiz shart”, dedi.

    Mana shu tashabbus va ta'lim, ilm-fan sohasiga fidoyilik har birimizni chuqur mushohada qilishga undaydi. Biz ko'p yillar mustabid tuzum davrida ta'limga yuzaki yondashdik, ota-bobolarimiz — buyuk mutafakkir ajdodlarimizdan qolgan boy ilmiy merosni boy berdik. Ular qoldirgan noyob qo'lyozmalar taloto'pda qoldi. Mustaqillikdan keyingi yillar esa, o'zimizni tiklab olish harakatida yashadik, uzoq yillar ta'lim qotib qolgan eski, samarasiz usullaridan foydalanishga majbur bo'ldik.

    Bugun mana sha og'riqli muammolarga ham echim topa boshlaganimizga, taraqqiyotga erishmoqchi bo'lsak, inson kapitaliga sarmoya kiritish yo'liga o'tganimizga ham olti yil bo'ldi, desak mubolag'a emas. Nihoyat yangi O'zbekistonni qurish yo'lining oltinchi yilida navbatga muhim qadamni qo'ymoqdamiz. Ya'ni, biz endi ta'lim sohasiga ustuvor yo'nalishni Konstitutsiya darajasiga olib chiqamiz.

    E'tibor bergan bo'lsangiz, Prezidentimiz “bog'cha, maktab, oliy ta'lim va ilm-fan sohalarini ustuvor taraqqiy ettirishni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo'yishimiz shart”, dedi. Bu mamlakatimizdagi, mulk shaklidan qat'iy nazar, barcha ta'lim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratiladi, deganidir.

    Prezidentimiz “O'zbekiston — ijtimoiy davlat” g'oyasi asosida pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishga to'sqinlik qilishga yo'l qo'ymasligini Konstitutsiya darajasida belgilab qo'yish darkorligini ham aytib o'tdi.

    Bu haqda, jumladan, shunday dedi: “Ustoz va murabbiylar — bilimlarni, urf-odat va an'analar, madaniyatimizni avloddan-avlodga etkazadigan buyuk kuchdir. Shunday ekan, ustozga bo'lgan yuksak ehtirom Konstitutsiyamizda o'z ifodasini topishi zarur”.

    Mana bu gap, ishonamanki, nafaqat biz, o'qituvchi-murabbiylar, balki butun xalqimiz ko'p yillar orzu qilgan va astoyidil intilgan maqsadlarning ro'yobga chiqayotgani bilan izohlansa, ne tong.

    Buyuk taraqqiyotga erishga mamlakatlarning yutug'ini yaxshi bilamiz. Ularning qaysi biri tendentsiyalariga, tanlagan yo'liga nazar solmaylik, eng avvalo, ta'limga sarmoya kiritilganini ko'ramiz. Bugun O'zbekiston ham mana shu yo'lda.

    Bir so'z bilan aytganda, Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o'zgartirishlar bugun va kelajagimizni yorug' kunlarga, katta muvaffaqiyatlarga to'ldirishi bilan ham ahamiyatlidir. SHundan ekan, biz, ziyolilar qatlami, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar — barchamiz bu jarayonga aslo befarq bo'lmasligimiz, tashabbuskorlik ko'rsatib, qutlug' hodisani qo'llab-quvvatlashimiz kerak.

    Faxriddin Joniev,

    Toshkent to'qimachilik va engil sanoat

    instituti professor-o'qituvchisi,

    Pedagogika fanlari bo'yicha

    falsafa doktori (PhD)