“Yashil iqtisodiyot“ — mintaqaning barqaror ekologik muvozanati garovi

    Fikr 3 Fevral 2025 1358

    “Yashil iqtisodiyot“ — bu barqarorlik, resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish tamoyillarini ustuvor oʻringa qoʻyadigan, shu bilan birga keng qamrovli oʻsish va ijtimoiy adolatni targʻib qiladigan iqtisodiy modeldir. Boshqacha aytganda, bu nafaqat iqtisodiy rivojlanishni, balki tabiiy ekotizimlarning saqlanishi va kelajak avlodlarning farovonligini taʼminlashga qaratilgan yondashuvdir.

    Mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan olib borayotgan islohotlar doirasida “yashil” iqtisodiyot tamoyillariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» deb eʼlon qilinishi hamda 2022–2026-yillarga moʻljallangan Rivojlanish strategiyasi doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtishni bosqichma-bosqich amalga oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, “Yashil makon” loyihalarini keng tatbiq qilish va ekohududlarni koʻpaytirish yuzasidan aniq choralar amalga oshirilmoqda.

    Yurtimizda barqaror innovatsiya va texnologik modernizatsiya masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganligi — “yashil” iqtisodiyotga oʻtishdagi muhim tamoyil hisoblanadi.

    Bunda quyosh va shamol energetikasi kabi “yashil” energiya manbalariga sarmoyalarni kengaytirish, sanoatda chiqindilarni kamaytirish, shuningdek ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

    Yashil iqtisodiyot prinsiplarini tatbiq etish orqali, nafaqat atrof-muhit meʼyorlarini yaxshilash, balki qishloq xoʻjaligi, qayta tiklanuvchi energiya va ekoturizm sohalarida iqtisodiy oʻsish imkoniyatlari yanada kengayishiga erishiladi. Oʻzbekiston global miqyosdagi iqlim yaxshilanishi uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga uygʻun ravishda “yashil” oʻsish strategiyalariga eʼtibor qaratmoqda.

    Soʻnggi yillarda yurtimizda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar xususida soʻz yuritadigan boʻlsak, oxirgi 5-yilda quyosh energiyasi quvvatlarini kengaytirish boʻyicha bir qator loyihalar ishga tushirildi. Energetika vazirligining maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil oxiriga borib umumiy quyosh energetikasi quvvati 1 000 MVt dan oshgan. Yurtimizda bunday salmoqli natijalar bilan toʻxtalib qolmay, quyosh energiyasidan olinadigan quvvatni yanada yuqori jabhaga olib chiqish rejalashtirilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) qilgan tashrifi chogʻida ikki davlat oʻrtasida “Yashil energetika” sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun reja va maqsadlarni ilgari surdi.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining energetika sohasida 2030-yilga borib, quyoshdan 7GVt, shamoldan 5GVt energiya olish maqsadi yoʻlida Masdar kompaniyasi koʻmagida qurilishi rejalashtirilgan eng yirik quyosh elektr stansiyalaridan biri 500 MVt quvvatga ega boʻlib, minglab yangi ish oʻrinlarini yaratishi, shuningdek, yiliga yuzlab xonadonni toza energiya bilan taʼminlashi kutilmoqda. Shamol energetikasi borasidagi rejalar 2 000 MVt gacha quvvat yaratilishini nazarda tutadi. Bunday loyihalar nafaqat ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytiradi, balki energiya samaradorligi, smart texnologiyalar va raqamli boshqaruv usullarini ham rivojlantiradi. Bundan tashqari qishloq xoʻjaligida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish sezilarli darajada kuchaydi.

    Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2017-yilda bunday texnologiyalar 28 ming gektar maydonda qoʻllanilgan boʻlsa, 2024-yilga kelib bu koʻrsatkich 1,9 mln gektarga yetdi. Bu nafaqat suv sarfini kamaytirishga, balki hosildorlikni oshirishga ham xizmat qilmoqda.

    Oʻtgan davr mobaynida xalqaro hamkorlik doirasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. 2017–2025-yillar oraligʻida “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish maqsadida 3 milliard AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va BMTning tegishli fondlari bilan hamkorlikda Oʻzbekistonga malakali mutaxassislarni tayyorlash, ekologik innovatsiyalarni joriy qilish va texnologik transferni jadallashtirishga urgʻu qaratilmoqda. Oʻzbekiston Parij iqlim kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini yangilab, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish boʻyicha aniq maqsadlarni belgilab oldi.

    Endi kelgusida amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan islohotlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2022–2030-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi, “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish konsepsiyasi kesimida qabul qilingan “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalar yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, suvni tejovchi texnologiyalar, chiqindilarni qayta ishlash va ekologik standartlarni takomillashtirishga qaratilgan boʻlib, quyidagi asosiy yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.

    Birinchidan, elektr energetikasi sohasida 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmini sezilarli darajada oshirish maqsad qilingan boʻlib, bunda energiya ishlab chiqarishdagi “yashil” quvvatlar ulushini kamida 25–30 foizga yetkazish rejalashtirilgan, quyosh va shamol energetikasidan olinadigan umumiy quvvatni 12 GVt gacha yetkazish koʻzda tutilmoqda (7 GVt quyosh, 5 GVt shamol). 2040-yilga borib Oʻzbekiston toza energiya manbalari boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi davlatlardan biriga aylanishi maqsad qilingan.

    Ikkinchidan, suv resurslarini boshqarish va qishloq xoʻjaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. 2030-yilga borib tomchilatib sugʻorish va boshqa tejamkor sugʻorish tizimlari joriy etilgan maydonlar hajmi jami sugʻoriladigan yerlarning 50 foizdan ortigʻini tashkil etishi rejalashtirilgan. Suv sarfini qisqartirish evaziga yiliga 3-4 mlrd m3 suvni tejashga erishish, kimyoviy oʻgʻitlardan foydalanishni bosqichma-bosqich kamaytirish, organik dehqonchilik tamoyillarini joriy etish, sertifikatlangan ekologik mahsulotlar eksportini oshirish boʻyicha aniq “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqilgan.

    Uchinchidan, chiqindilarni qayta ishlash va ularni ekologik xavfsiz utilizatsiya qilish masalasi ham kelgusi 10-yillikning asosiy rejalaridan biri hisoblanadi. 2025-yil yakuniga borib maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 40 foizdan oshirish, 2030-yilgacha esa 60 foizga yetkazish belgilangan. Bunga erishish uchun davlat-xususiy sherikchiligi doirasida chiqindilarni saralash va qayta ishlashning yangi klasterlarini ochish, raqamli monitoring tizimlarini joriy etish va chiqindidan energiya ishlab chiqarish (waste-to-energy) loyihalarini amalga oshirishi nazarda tutilgan.

    Toʻrtinchidan, iqtisodiy oʻsishni dekarbonizatsiya qilish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Parij iqlim kelishuvi doirasidagi majburiyatlaridan kelib chiqib, 2030-yilgacha uglerod ulushini kamida 35 foizga qisqartirishni rejalashtirgan. Shuningdek, keyingi yillarda iqtisodiyotning deyarli barcha sohalarida raqamlashtirish asosida uglerod chiqindilarini doimiy monitoring qilib borish maqsad qilingan.

    Beshinchidan, xalqaro hamkorlik va yashil moliyalashtirish masalasi hukumatning alohida eʼtibor markazidadir. Konsepsiyaga koʻra, 2030-yilgacha “Yashil iqtisodiyot”ning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish uchun kamida 8–10 mlrd AQSH dollari miqdorida investitsiya talab qilinadi. Xususan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BMTning tegishli jamgʻarmalari hamda BAA kabi xorijiy davlatlar bilan koʻplab loyihalar boʻyicha kelishuvlarga erishilgani investorlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda “yashil” obligatsiyalar chiqarish, “yashil” kreditlash va atrof-muhitni muhofaza qilish jamgʻarmalarini shakllantirish orqali mahalliy mablagʻlarni jalb etish rejalashtirilgan.

    Yuqoridagi rejalar va koʻrsatkichlar Oʻzbekistonning Yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga boʻlgan qatʼiy siyosiy iroda va amaliy chora-tadbirlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Kelgusi yillarda ushbu maqsadlar nafaqat respublika hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror ekologik muvozanatini taʼminlashga ham sezilarli hissa qoʻshishi kutilmoqda.


    Rasul Rahmonov,

    Iqtisodiyot fanlari nomzodi, professor


    Hamkorlik materiali