баннер
29 Mar 2025
13:54

    “Yashil energiya” foydasiga gazdan voz kechish nimaga olib keladi?

    Bugungi kunda iqlim oʻzgarishi, atmosfera havosi ifloslanishi va boshqa dolzarb ekologik muammolar kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlarni taqozo etmoqda. Ana shunday choralardan biri qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan elektr energiyasidan foydalanishga — “yashil energetika”ga toʻliq oʻtishdir.

    Issiqxona gazlari tashlanmalari kamayadi

    Aholi zichligi yuqori boʻlgan shaharlarda (masalan, Toshkentda) havoning ifloslanishi aholi salomatligiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Gazdan elektr energiyasiga oʻtish esa nafas yoʻllari kasalliklarini kamaytirish orqali aholi salomatligini yaxshilaydi.

    Qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan elektr energiyasi — quyosh, shamol va gidroenergetikadan foydalanish — karbonat angidrid (CO₂) va metan gazlari kamaytirishga yordam beradi. Misol uchun, quyosh panellari yoki shamol turbinalari yordamida elektr energiyasini ishlab chiqarishda, ekspluatatsiya bosqichida uglerod chiqindilari deyarli yoʻq.

    Fakt!

    Tabiiy gazni yoqish paytida har bir kubometr gaz uchun taxminan 2,75 kg CO₂ ajralib chiqadi. Bu jarayon, shuningdek, oz miqdorda metan chiqaradi, bu karbonat angidriddan 25-28-marta kuchli issiqxona gazidir.
    Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hukumatlararo panel (IPCC) maʼlumotlariga koʻra, qazib olinadigan yoqilgʻidan foydalanishni qisqartirish asr oʻrtalarida uglerod neytralligiga erishishning asosiy qadamlaridan biridir.

    Havo sifati yaxshilanadi

    Gaz qozonlari va pechlar oʻzidan NOₓ chiqaradi, bu esa yashash joylari va atrofidagi havo sifatini yomonlashtiradi. Ushbu birikmalar tutun va kislotali yomgʻirning shakllanishiga hissa qoʻshadi va inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Gazdan foydalanishdan voz kechish esa aholi punktlarida havo sifatini yomonlashtiradigan azot oksidi (NOₓ) kabi zaharli moddalar emissiyasini kamaytiradi. Chunki elektr isitkichlar va issiqlik nasoslari NOₓ yoki boshqa zaharli birikmalar chiqarmaydi. Bu xonadonlar va shaharlarda havo sifatini yaxshilash uchun, ayniqsa, muhimdir.

    Fakt!

    Ovqat pishirish jarayonida gaz plitasi soatiga taxminan 0,2-0,3 kub metr tabiiy gazni yoqadi, bu soatiga 0,4-0,6 kg CO₂ tashlanmalari ajralib chiqadi degani. Elektr pech esa soatiga oʻrtacha2-3 kVt / soat energiya (qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiya) isteʼmol qiladi, zararli tashlanmalar esa deyarli yoʻq (soatiga 0,05 kg CO₂ dan kam).

    Metan xavfi bartaraf etiladi

    Tabiiy gazni qazib olish va tashish jarayonida kuchli issiqxona gazi — metan ajralib chiqadi. Metan sizib chiqishini nazorat qilish juda qiyin va uglerodning salbiy taʼsirini sezilarli darajada oshiradi. Elektr energiyasidan, ayniqsa, qayta tiklanadigan manbalardan foydalanish esa bu xavfni butunlay yoʻq qiladi.

    Energiya samaradorligi oshiriladi

    Zamonaviy elektr jihozlari (masalan, induksion pechlar, issiqlik nasoslari) gazga qaraganda ancha tejamkor, bu esa umumiy energiya sarfini kamaytiradi.

    Maʼlumot: induksion pechlar energiya yoʻqotilishini kamaytiradi va samaradorligi taxminan 85-90% ni tashkil qiladi, gaz plitalarida esa bu raqam taxminan60% ga teng.

    Issiqlik nasoslari (havo, suv) anʼanaviy gaz tizimlariga qaraganda kamroq energiya sarf qiladi. Masalan, bunday nasoslarning energiya konvertatsiya qilish samaradorligi 300-400% ga yetishi mumkin.

    Atmosferaga 6,5 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi

    Yuqorida keltirib oʻtilgan omillar, umuman, butun dunyo ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish, iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish va boshqa dolzarb muammolarni bartaraf etish maqsadida toʻliq “yashil energetika”ga oʻtmoqda. Xususan, Oʻzbekistonda ham 2030-yilga kelib ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 54 foizga yetkazish, 19 ming MVt quvvatga ega qoʻshimcha “yashil quvvatlar”ni qurish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 3400 MVt quvvatga ega 18 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 1800 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimini ishga tushirish maqsad qilingan. Mazkur chora-tadbirlar “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmini 12 milliard kVt/soatgacha oshirishi kutilmoqda. Bu 5 million xonadonning yillik isteʼmoliga teng boʻlib, atmosferaga 6,5 million tonna zararli gazlar chiqishining oldini oladi.

    Ayni paytda quyosh energetikasi salohiyatini rivojlantirish boʻyicha 8 ta davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshirilib, 1,3 milliard dollarlik 4,3 milliard kVt/soat (1,6 GVt) ishlab chiqarilmoqda.
    Umuman olganda, 2025-yilda mamlakatimizda 84 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan, bu 2016-yilga nisbatan 25 milliard kVt/soat yoki 1,5 barobar koʻpdir.

    “Gaz plitalaridan bosqichma-bosqich voz kechish lozim”

    Amerika Qoʻshma Shtatlarida olib borilgan tadqiqotlar gaz plitalari turli kasalliklarga sabab boʻlishini koʻrsatmoqda. Xususan, 2023-yilgi tadqiqotlarda AQSH xonadonlarining qariyb 40 foizida joylashgan gaz plitalari mamlakatda bolalar astma kasalliklarining 12,7 foiziga, yaʼni 650 000 nafar bolaning shu kasallikka chalinishiga sabab boʻlgan. Qolaversa, gaz plitasi yoqilganda va toʻliq quvvatda ishlasa, havoga bir qancha ifloslantiruvchi moddalar chiqarishi ham qayd etilgan.

    “The Guardian” nashrining yozishicha, gazplitalaridan chiqadigan zararli moddalar har yili 40 000 nafar yevropalikning oʻlimiga sabab boʻlmoqda, bu avtohalokatlar natijasida vafot etganlar sonidan ikki baravar koʻp. Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyadagi uy xoʻjaliklarida oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, gazplitasidan foydalanish inson hayotini oʻrtacha ikki yilga qisqartiradi. Shu va boshqa tadqiqotlardan kelib chiqqan holda Yevropa sogʻliqni saqlash ittifoqi barcha davlatlarni gaz pechlariga cheklov oʻrnatish va bosqichma-bosqich voz kechishga chaqirgan.

    Yurtimizda aholi soni yildan yilga oshib bormoqda. Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning doimiy aholisi soni 37 million 543,2 ming kishiga yetdi va 2024-yilda aholi oʻsishi 2 foizni yoki 743,4 ming kishini tashkil etdi (2025-yil 1-yanvar holatida). Aholi eng zich hudud esa Toshkent shahri hisoblanadi. Albatta, har kim eng qulay sharoitlarda yashashni istaydi va bunga haqli. Ammo tabiat haqida ham qaygʻurish, nafaqat oʻzimiz, balki atrof-muhit bilan hisoblashib yashash vaqti keldi.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech