баннер
30 Mar 2025
03:28

    Hammamiz uchun hayot manbai

    Oʻzbekistonda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

    Xususan, mamlakatning global hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishida tarmoq va sohalarning uygʻun “yashil” transformatsiyasini amalga oshirish, raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligi hamda “yashil” rivojlanish orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlash borasida tizimli ishlar bajarilmoqda.

    Jumladan, 2019-2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish va “Oʻzbekiston — 2030” ­strategiyalarida 2030-yilga qadar jami elektr energiyasida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, issiqxona gazini qisqartirish, sanoatda energiya samaradorligini oshirish, iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirish, “yashil” investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar belgilangan.

    Soʻnggi yillarda katta hajmli muqobil quvvatlar ishga tushirilib, elektr energiyasi ishlab chiqarishda “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetkazildi. Sanoatda “yashil” energiya sertifikati tizimi joriy qilindi. Shuningdek, quyosh paneli oʻrnatilgan xonadonlar soni 60 mingdan oshdi. Bu esa mamlakatning “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish borasidagi saʼy-harakatlari jadal davom ettirilayotganidan dalolat.

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida mazkur siyosatning mantiqiy davomi sifatida ekologik barqarorlikni taʼminlash, “yashil iqtisodiyot” va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil” energiya stansiyalarini barpo etish, aholi xonadonlarida quyosh panelini oʻrnatishni ragʻbatlantirish, iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirish, resurslarni qayta ishlash va samarali foydalanish orqali chiqindilarni kamaytirish hamda “yashil” komponentlarni oshirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

    2025-yilda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish maqsadida Parij bitimi talablaridan kelib chiqib, Oʻzbekistonning uglerod neytralligiga erishishining uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish, umumiy quvvati 4,5 gigavatt boʻlgan yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, 785 megavatt quvvatli quyosh panellarini oʻrnatish, 225 megavatt quvvatli gidroelektr stansiyalarini barpo etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishda jami qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 26 foiz va jami generatsiya quvvatlari tarkibidagi ulushini 40 foizga yetkazish, yangi quriladigan bino-inshootlar va uy-joylar energiya samaradorligidan kelib chiqib, “Yashil bino” sertifikati joriy etish singari vazifalar belgilandi.

    Shuningdek, 2025-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan bosqichma-bosqich 200 million yevrogacha, Jahon bankidan energetika sektorida metan emissiyasini kamaytirish uchun 10 million dollar, Global yashil oʻsish instituti orqali Koreya xalqaro hamkorlik agentligi texnik koʻmagi doirasida Oʻzbekiston — Koreya oʻrtasida “yashil” hamkorlikni kuchaytirish uchun 6,5 million dollar, ­Jahon bankining iCRAFT loyihasi doirasida 500 ming tonna qisqartirilgan issiqxona gazlarini sotish hisobiga 7,5 million dollar, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatidan sanoatni yashillashtirish va azot kislotasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning atmosferaga chiqarayotgan zararli gazini qisqartirish uchun 20 million yevro miqdoridagi “yashil” va kam uglerodli rivojlanish loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozli kredit va grant mablagʻlari jalb etiladi.

    Shakllantiriladigan investitsiya dasturlari, tarmoq, sohalar va hududlarni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalarning 2025-yildan boshlab 15 foizida, 2027-yildan boshlab 30 foizida, 2030-yildan boshlab 55 foizida “yashil” komponentlar boʻlishi lozimligi belgilandi.

    Bundan tashqari, 2030-yilga borib, 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etilib, buning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt-soat “yashil” energiya olish va jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan.

    Umuman olganda, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish, metan emissiyasini qisqartirish kabi choralar mamlakatda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, ekologik barqarorlik hamda aholi salomatligini taʼminlashga, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

    Iskandar OʻROQBOYEV,

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi

    Telegram kanalimiz
    Text to speech