Yashillikka burkansin olam

    Choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurashish masalasi bugun dunyodagi eng global ekologik muammolardan biri hisoblanadi.

    Oxirgi yillarda jahonda iqlim oʻzgarishi yuz berayotgani, ichimlik suv, oʻrmonlar, yashil hududlar tobora kamayib borayotgani dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Hozir sayyoramizdagi oʻrmonlarning umumiy maydoni 38 million kvadrat kilometrni, yaʼni quruqlikning uchdan bir qismini tashkil etib, uning atigi 13 foizi muhofaza etiladigan hududlar toifasiga kiradi. Oʻrmonlar atmosferaga is gazi tashlamalarini kamaytirib, kislorod ishlab chiqarishni taʼminlaydi va yomgʻirli bulutlarni hosil qiladi. Biroq har kuni dunyo oʻrmonlari maydoni muttasil kamayib bormoqda va har soniyada Yer yuzi 1,5 gektardan ortiq tabiiy daraxtzorni yoʻqotmoqda.

    17-iyun — Jahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. 1994-yil xuddi shu sanada BMTning choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi qabul qilingan. Mazkur xalqaro hujjat 1995-yil 31-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Osiyo qitaʼsida birinchilardan boʻlib ratifikatsiya qilingan. Ayni paytda bu konvensiyani dunyoning 196 mamlakati qoʻllab-quvvatlab keladi.

    Oʻzbekiston Yevroosiyo materigining markaziy qismida, dengiz va okeanlardan uzoqda joylashgan. Mamlakatimizning 80 foizi choʻl va yarim choʻllardan iborat boʻlib, hozirgi vaqtda qariyb 10 million gektar yaylov tubdan yaxshilanishga muhtoj boʻlsa, koʻchma qum qariyb 1 million gektar maydonni egallaydi va uning ikki yuz ming gektari soʻnggi vaqtda sugʻoriladigan yerlar atrofida paydo boʻlgan. Keyingi davrda Orol dengizi suvining qurishi tufayli yana qoʻshimcha 3 million gektardan ortiq maydonda Orolqum choʻli paydo boʻldi. Natijada ushbu mintaqada ekologik muhit yomonlashib, choʻllanish jarayoni yanada kuchaydi va koʻplab ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirdi.

    Mutaxassislar fikricha, ayni kezda texnologik jihatdan Orolni avvalgi holatiga qaytarishning iloji yoʻq. Bunday sharoitda yagona yoʻl borini asrab qolish, fojia taʼsirini kamaytirish, odamlar hayotini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishdan iboratdir.

    Oʻzbekiston ana shu yoʻnalishlardagi maqsad-vazifalar boʻyicha muhim takliflarni BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida, xalqaro sammitlarda ilgari surib keladi. Shu bilan birga, yurtimiz imkoniyatlariga tayanib, amaliy ishlar olib borilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor Orol dengizining qurigan tubidan millionlab tonna chang va zaharli tuz koʻtarilishining oldini olish uchun shoʻrga chidamli oʻsimliklar ekishga qaratilyapti. Xususan, 2018 — 2022-yillar davomida dengizning suvi qurigan tubida 1 million 600 ming gektardan ortiq “yashil” qoplamali maydon barpo etildi. Buning uchun saksovul, qoraboʻroq, qandim, cherkez kabi choʻl oʻsimliklaridan qariyb 6 ming tonna urugʻ tayyorlanib, ekildi. 2023-yil bahor mavsumida bunday maydon 128 ming gektarga kengaydi. Ular yana 4-5 yilda quyuq chakalakzorga aylanadi. Joriy yilning kuzgi mavsumida bu ishlar yana davom ettiriladi.

    Chunki oʻtkazilgan tadqiqotlar Orol dengizi qurigan tubining katta qismini qurgʻoqchilikka va shoʻr tuproqqa chidamli boʻlgan mahalliy daraxtlar, butalar va oʻt-oʻlanlarni aralash holda ekish hisobiga qayta tiklash mumkinligini koʻrsatmoqda. Buning natijasida mahalliy aholi salomatligi va farovonligi yaxshilanishi bilan birga, har yili 28−44 million dollar miqdorida qoʻshimcha foyda kelishi, tuproqdan uglerod chiqishining oldini olish va atmosferadan karbonat angidridni yutish orqali iqlim oʻzgarishini yumshatish mumkin.

    Orolboʻyidagi “yashil qoplama”larning aksariyatini saksovulzorlar tashkil etyapti. Saksovulning havo musaffoligini taʼminlashda ham xizmati juda katta. Bir gektar maydondagi toʻrt yillik saksovulzor 1 ming 158 metr kub kislorod ajratib chiqaradi. Bu bamisoli sof havo “fabrikasi” degani.

    Shu bois, choʻllanishning oldini olishda saksovulzorni koʻpaytirishning ahamiyati katta. Barpo etilgan 2 yoshli saksovulzorda shamol taʼsirida qum koʻchishi 20 foiz, 5 yoshlisida 80 foiz, 7 yoshli saksovulzorda esa toʻliq toʻxtatiladi. Natijada iqlim moʻtadillashadi, aholining yashashi uchun ijtimoiy-iqtisodiy muhit barqarorligi taʼminlanadi.

    Orolboʻyida saksovullar orasiga yovvoyi hayvonlar va chorva uchun ozuqabop ekinlar ham ekilmoqda. Ushbu hududda oʻnlab artezian quduqlari qazildi. Ulardan suv chiqarilishi natijasida joylarda sunʼiy koʻllar paydo boʻldi, ular atrofida qamishzorlar vujudga keldi, daraxt va butalar oʻsa boshladi. Qumliklarda barpo etilgan saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan iborat maydonlar ular bilan uygʻunlashib, choʻl ekotizimlari tiklanyapti, yovvoyi hayvonlar va qushlarni oʻziga jalb etishga, shu yerda yashashga, in qurishga va koʻpayishga sharoit yaratyapti.

    2018-yilning 27-noyabr kuni BMTning Nyu-York shahridagi qarorgohida nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon hamjamiyati uchun ham tarixiy voqea yuz berib, BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi tashkil etildi. Mazkur fond Orolboʻyidagi aholi turmush faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan tibbiy, iqtisodiy rivojlanish, ekologik, ijtimoiy himoya va boshqa sohalardagi muammolarni hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni, Oʻzbekiston hukumati, BMT agentliklari, donorlik hamjamiyatlari saʼy-harakatlarini birlashtirish orqali mintaqa rivojiga birgalikdagi yordamni taʼminlash, uning rivoji uchun texnik hamda moliyaviy resurslarni safarbar qilish kabi ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

    Shu yilning boshiga qadar jamgʻarma strategiyasi doirasida Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq, turli loyihalarni moliyalashtirish uchun 244 million dollarga yaqin mablagʻ jalb qilingan. Shu bilan birga, jamgʻarma tomonidan 5 ta qoʻshma dastur moliyalashtirildi.

    Yana bir muhim jihat: 2021-yil 18-mayda BMT tomonidan qabul qilingan maxsus rezolyutsiyaga koʻra, Orolboʻyi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi hisoblanadi. Mamlakatimizda mazkur hujjat ijrosini taʼminlashga qaratilgan “yoʻl xaritasi” belgilab olingan. Uning doirasida bugungi kunda 312 milliard soʻm, 22,2 million dollar va 6 million yevro ajratilgan 71 ta tadbir, shuningdek, qiymati 1,9 trillion soʻmlik 65 ta ustuvor innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Ayni kezda bu borada 230 ta loyihaviy taklif mavjud, ularning umumiy qiymati 210 million dollarni tashkil etadi.

    Taraqqiyot strategiyasida ham Orol dengizi tubida qoʻshimcha 500 ming gektar yashil maydon barpo etib, uning umumiy hajmini 2,5 million gektarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Bu vazifa ijrosi taʼminlanishi Orolboʻyi hududida oʻtgan asrning ikkinchi yarmidan boshlangan ekologik fojia taʼsirini kamaytirish, odamlar hayotini yaxshilash va ularning orzu-niyatlari amalga oshishiga xizmat qiladi.

    BMTning Oziq ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Global ekologik jamgʻarma koʻmagida “Oʻzbekistonning togʻli va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridagi suvsiz yerlarda oʻrmonzorlar tashkil etildi. Bundan tashqari, choʻllanish va yer degradatsiyasining oldini olish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi oqibatlariga tayyorgarlikni oshirish orqali landshaftlar mustahkamligini oshirishda Jahon banki tomonidan 142 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratish nazarda tutilgan boʻlib, bu ham yashil maydonlarni kengaytirishga yoʻl ochadi.

    Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga katta eʼtibor qaratilyapti. Uning doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchati ekish rejalashtirilgan, shahar va aholi yashash hududlarimizdagi koʻkalamzorlashtirilgan maydonlarni hozirgi 8 foizdan 2030-yilda 30 foizga yetkazish maqsad qilingan. Koʻkalamzorlashtirish tadbirlari, koʻchatlar ekish ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilgani aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga ham xizmat qilyapti.

    Hojimurod TOLIPOV,

    Oʻrmon xoʻjaligi agentligi bosh mutaxassisi,

    biologiya fanlari nomzodi