Shahrixonlik do'ppido'z Yorqinoy opa To'ychieva Prezidentimizning Andijon viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvida nutq so'zlayman, deb sira o'ylamagandi. Aslida, bunday hurmat va e'tiborga munosib inson. Negaki, u hunari ortidan davlat rahbarining qo'lidan medal olgan ayol. Lekin so'zga chechan ziyolilar, boshqa ko'zga ko'ringan soha vakillari turganida, oddiy bir hunarmandning nutq so'zlashi... Yorqinoy opa bilan yonma-yon o'tirgan ayrim yig'ilish ishtirokchilari “ovora bo'lmang, Shahrixonga so'z navbati  berilmasa ham kerak”, deganlaridan xijolat tortganlari aniq.

 Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari o'rinbosari Muhammadjon Quronboevning samimiy e'tirofi opani ilhomlantirib yubordi: “Juda yaxshi bilaman, Sizning o'zingizga xos bo'lgan sharqona so'zlaringiz bor, siz ham bemalol gapirishingiz mumkin”.

– Muhammadjon aka aytganidek, o'z so'zlarimni aytgandim, Prezidentimiz hursand bo'lib ketdi, – deya gap boshladi usta do'ppido'z. Opa hayajon bilan o'sha kungi gaplarini yana takrorladi: “Biz shahrixonliklar sizni juda yaxshi ko'ramiz. Zero, Shahrixon hunarmandlar yurti. So'nggi besh yillikda sizning millat toji bo'lgan do'ppido'zlikka bo'lgan e'tiboringiz milliyligimizni qaytardi, bu bilan bizning daromadimiz ham oshdi. Tashabbusingiz bilan viloyatimizda hunarmandchilik markazi qurildi. Joriy yilning 6 mart kuni esa hayotimdagi unutilmas sana bo'lib qoldi. CHunki oddiy do'ppido'z ayol yuksak minbarlarga ko'tarilib, sizning qo'lingizdan “Mehnat shuhrati” medalini olganim nafaqat o'zimning hayotimda, balki do'ppido'zlik tarixida ham quvonchli voqea bo'ldi. Shu ma'noda ham ushbu yuksak mukofotdan ruhlanib, vatanimizga, hunarmandchilik sohasiga qo'l oyog'i chaqqon, o'zbek do'ppisini dunyoga tanitadigan yoshlarni tarbiyalashni maqsad qildim”.

Dil tubidan chiqqan shu kabi samimiy nutqni tinglab, davlatimiz rahbari opaga “Men sizga eng yuksak mukofotni berib adashmabman, hayotingizni mana shunday jo'shqin kayfiyat tark etmasin”, deganida zaldagilarning barchasi qarsak chalib yuborgani bejiz emas.

Zero, har gal qo'liga igna kirganida onasini xotirlab, bechora onam-a, deya ko'zlariga yosh oladigan mohir do'ppido'zni, uning mehnatkash onasini tanigan, bilganlar Yorqinoy opaning medal` olganini eshitib: “Rohatxon xoji ona o'lmagan, do'ppilari shuddi shunaqangi xaridorgir edi. Prezidentimiz onaxonning qizini munosib taqdirlabdi”, deyishdi. Mana shuning o'zi opaga hayotda nima uchun yashayotganini anglatdi. Shu ikki og'iz gap do'ppido'zlikdan topgan eng katta boyligi bo'ldi uning. Igna ushlayverganidan qo'llarining ancha dag'allashgani, yaxshi ma'noda temirga aylanganini ham halol mehnatning zavqi deb biladi.

O'shanda mukofotni topshirayotib Prezidentimiz opaning qo'lini siqqanicha “Mehnat qilgan qo'llaringiz dard ko'rmasin, uzoq yillar farzandlaringizning baxtu kamolini ko'rib yuring, nasib qilsa, siz bilan yana uchrashamiz,” degan edi. Ana shu niyat ijobat bo'ldi.

– Bu mukofot aslida onamniki, – deydi Yorqinoy opa. – Onamning hunarini olib, kam bo'lmadim. YAna bir narsaga amin bo'ldimki, hunarmand, halol mehnat bilan kun kechiradigan oilada voyaga etgan farzandlardan hech qachon yomonlik chiqmas ekan. Ilohim, bu yog'iga ham shunday bo'lsin! O'z tajribamdan kelib chiqib aytamanki, har qanday hunarda tarbiya ham bo'ladi. Bitta do'ppini birovning boshiga qo'ndirguncha bo'layotgan jarayonni o'z ko'zlari bilan ko'rgan bolalar albatta mushohada qiladi. Onam qiyinchilik bilan pul topyapti, buning qadriga etaylik, bexuda sarflamaylik, deyishar ekan-da. Qalbida rahm-shafqat uyg'onadi, qizlarda esa sabru toqatlilik. Bundan tashqari, uyda hunar bilan shug'ullangan ayolning bolalari hamisha nazoratda bo'ladi. Qayoqqa ketyapti, nima qilyapti, bilib turadi. O'zbek ayollariga oiladan ajralmagan holda ham e'tibor, ham daromad keltiradigan hunarlardan biri — do'ppido'zlik. Maktabda o'tiladigan mehnat faniga shu do'ppido'zlik ham kiritilsa yaxshi bo'lardi. Axir xalqimiz milliylikka qaytyapti, do'ppini qadrlay boshladi.

Opaning gapida jon bor. Do'ppido'zlikni qizlarimizga o'rgatsak, ular qizlariga o'rgatadi albatta. Boshqa viloyatlarni bilmadim-u, Andijonda kuyovdan tashqari, qiz va yigitning otasiga ham do'ppi olinadi. O'zingiz o'ylang, bitta to'y bo'lsa uchta, 10 ta bo'lsa, 30 ta do'ppi kerak bo'ladi. To'ylarning keti-ketiga ulanayotgan ayni kunlarda vodiyda do'ppining bozori chaqqon. Shahrixondagi zamonaviy hunarmandchilik markazida qahramonimiz yangi kashf qilgan xumo gulli do'ppilar ham juda xaridorgir bo'lib ketyapti. Bundan g'ururlanasan faqat. Gerbimizda qanot yozgan xumo qushini hurmatlagan odamlar milliylikni hurmatlayotganidan quvonasan.

Hunarmandlarga maxsus tayyorlangan markazda savdo qilish, ayniqsa, pandemiya bartaraf bo'lsa, turistlar bilan savdolashish ham zavqli. Zero, hunarmandchilikka bu darajada yuksak e'tibor bo'lmagan. Yorqinoy To'ychieva misolida do'ppido'zlarga ko'rsatilayotgan munosib ehtiromdan esa do'ppi tikmay qo'ygan aksariyat do'ppido'zlar yana ignayu ipagini qo'lga oldi. Birgina Yorqinoy opaning ko'plab shogirdlari “Ustoz, yana do'ppido'zlikni boshlab yubordik”, deyishayotgani buning isboti. Ular hunarmandchilik kelajagini o'ylagan, hunarmandlarni esa elda obro'li qilishni ko'zlagan munosib nomzodga ovoz berganlari ham bejiz emas. Zero, Prezidentimizning saylovoldi dasturida hunarmandchilikning ertasi porloq ekani aniq aks etgandi.

Bugun milliy yuksalish, milliy tiklanish yo'lida ekanmiz, milliy hunarmandchiligimiz hayotimizning ajralmas qismi sifatida yashayveradi. Ayniqsa, do'ppiga bo'lgan sadoqatimizni farzandlarimiz ko'z oldida namoyon etishimiz kerak.

Rivoyatlarga ko'ra, erkaklar do'ppisining yuqori qismidagi to'rtta gul odamning sog'ligini to'rt tomondan himoya qilar ekan. Do'ppi tikishda har bir viloyatning o'ziga xos usuli, yo'nalishi bo'lsa-da, tilaklar, maqsadlar mushtarakligi ahamiyatli.

Surxondaryo va Qashqadaryo do'ppilari, yorqin iplari bilan ko'zni quvontirsa, Buxoro do'ppilari zarlari bilan jilolanadi. Yurtimizning qay go'shasida bo'lmasin, do'ppidek buyuk san`at asarini boshida ko'tarib yurganlar faqat ezgu maqsad bilan yashayotgani aniq. Do'ppini aziz boshida azizu mukarram qilishdan zavq oladiganlar ko'payaversin!

Rost do'ppilar,

Yolg'on do'ppilar,

Kinolarda qolg'on do'ppilar.

Chust do'ppilar,

Anjon do'ppilar,

Munchoqdek Marg'ilon do'ppilar...

Bir paytlar do'ppining boshlarga og'irlik qilib qolganini ko'ngilda og'rinish bilan she'rga solgan Muhammad Yusuf bugun hayot bo'lganida...

Munojat Mo'minova,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri