Qarorda bu binolar kelajakda aql markazlariga aylanishi kerakligi, ushbu muassasalarda yoshlarning oʻz ustida ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratilishi, zamonaviy jihozlar bilan jihozlanishi, elektron va bosma kutubxona, toʻgaraklar va boshqa bir qancha qulayliklar boʻlishi koʻzda tutilgan.
Xoʻsh, oʻtgan vaqt oraligʻida yurtimiz hududlarida bu borada qanday ishlar amalga oshirildi? Qaror ijrosi qay darajada taʼminlandi? Ushbu savollarimizga Buxoro viloyati misolida javob olishga harakat qildik:
– Maʼnaviyat va maʼrifat yoʻnalishi, Yangi Oʻzbekiston hayotining birinchi galdagi, eng muhim va ajralmas masalalari qatorida, Uchinchi Renessans yoʻlidagi hal qiluvchi ahamiyatga ega qadriyat oʻlaroq yondashuvi butun respublikamiz qatori, koʻhna va navqiron Buxoro zaminida ham quloch yozayotgan keng koʻlamli ishlarda voqelanmoqda. Bugungi kunda viloyatimiz hududlarida 13 ta Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari yangi binolarda faoliyat olib bormoqda, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Marhabo Pardayeva. – Viloyatimizda bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich toʻliq bajarildi. Qaror eʼlon qilinganidan koʻp oʻtmay Jondor, Kogon, Qorovulbozor hamda Olot tumanlarida Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari barpo etildi. Joriy yilda esa Qorakoʻl, Vobkent, Buxoro, Romitan, Peshku, Shofirkon, Gʻijduvon tumanlari va Kogon shahri ana shunday tafakkurni teranlashtiradigan, iqtidorni shakllantiradigan, odamga zavq-shaq va madaniy dam beradigan koʻrkam va shinam maskanlariga ega boʻldi. Vobkent va Gʻijduvon tumanlarida ochilgan Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarida ham bugun hayot qaynaydi. Yoshlar ijod va ixtirolar yaratish bilan band. Vobkent tumanidagi ikki yil ichida qurilib, zamonaviy koʻrinishda jihozlangan yangi bino nafaqat yoshlarning balki tuman ahlining eng sevimli goʻshasiga aylangan. Odamlar maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilishga shaylangan ushbu joy turli yoʻnalishlarda chop etilgan, yangi 1200 dan ziyod adabiyotlar bilan ham boyitildi.
Binoning bosma va elektron kutubxonasi, turli sport anjomlari, kino namoyishiga moʻljallangan zali, anjumanlar xonasi mavjudligi vobkentliklar uchun ajoyib yangilik va shukuhli bir maskan boʻldi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Yozuvchilar uyushmasining viloyat boʻlimlari tomonidan 100 ta eng sara badiiy kitoblarning sovgʻa qilinishi kutubxona fondini boyitish bilan birga, kitobxonlarning maʼnaviy-maʼrifiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilmoqda. Buxoro tumanidagi Maʼnaviyat va maʼrifat maskani binosining topshirlganiga ham hali unchalik koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Qurilish va jihozlanishiga mahalliy byudjet hisobidan 110 million soʻm mablagʻ sarflangan. Yangi adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona, zamonaviy kompyuter toʻplamlari, sport anjoamlari bilan jihozlangan xonalar, maʼnaviy dam olish, madaniy hordiq chiqarish, milliy va jahon madaniyati namunalaridan bahramand boʻlish uchun qulay. Bu yerda turli tadirlardan tashqari, shaxmat, shashka, stol tennisi musobaqalari hamda “Zakovat” intellektual oʻyinlarining yuqori saviyada oʻtkazilishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.
Albatta, bunday imkoniyatlar zamirida davlatimiz tomonidan olib borayotgan oqilona siyosat, ona Vatanimizning yanada gullab-yashnashi, fuqarolarning madaniy dam olib, ruhan ongi tozarishi va kelajak avlodning istiqbolli ertasi uchun qoʻl urilayotgan ezgu saʼy-harakatlar mujasaam.
Mutasaddilarning bergan maʼlumotlariga koʻra, Shofirkon, Peshkoʻ, Romitan, Gʻijduvon tumanlaridagi Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari viloyatning boʻsh turgan binolari hisobiga bir yarim yil davomida jami bir milliardga yaqin mablagʻ evaziga qayta taʼmirlab ishga tushirilgan. Eng soʻnggi rusumdagi jihozlar bilan taʼminlangan bu maskanlarda yoshlarning ongu tafakkuri yanada teranlashadi va maʼnaviy ozuqa oladi.
Shu yilning iyul oyida foydalanishga topshirilgan bu maskanlarimizda oʻzbek va dunyo soʻz sanʼati durdonalarini, davriy nashrlarni mutolaa qilish, doʻstlar davrasida qoʻshiq kuylash, sheʼrxonlik qilish, turli madaniy tadbirlarda, sport musobaqalarida qatnashish yoki shunchaki maʼnaviy hordiq chiqarish mumkin.
Ha, Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari yoshlarning oʻz iqtidorini shakllantirishi, bilim oʻrganishi va nafaqat madaniy dam olishlariga yaratilgan bekam sharoit, balki ularning ongini turli illatlardan tozalaydigan, gʻamgin oʻy-fikrlariga toza ruh bagʻishlaydigan, boʻsh vaqtlarini mazmunli va maroqli oʻtkazadigan eng asosiysi maʼnaviyat sarchashmasi sochilgan va faqat uni terib olish kerak boʻlgan yogʻduli maskanlardir.
Jannatmonand ona diyorimizning barcha hududlarda faoliyat ish boshlagan Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari bugun xalqimizni yaxshilikka undab, ezgulikka chorlashga daʼvat etmoqda. Yoshlar qalbini, fikru-oʻyini eng goʻzal tuygʻular bilan boyitib, qadamlarini oliy maqsadlar roʻyobi sari yoʻllayotir.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” gezetasi muxbiri