Yil nihoyasidagi oʻylar...

    Suhbat 30 Dekabr 2020 3376

    Nafaqat har bir oyi, balki har bir kunida muhim voqealar roʻy bergan 2020-yil ham oʻz nihoyasiga yetmoqda. Yangi yil arafasida har bir inson oʻtgan kunlariga nazar tashlab, amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalarini sarhisob qilar ekan, ezgulikka daxldor ishlaridan koʻngli toʻlib, yashashga boʻlgan ishtiyoqi yana-da ortib boraveradi. Oramizda shunday zamondoshlarimiz ham borki, ularning yil boʻyi qilgan mehnatlari natijasida odamlarning maʼnaviyati yuksalib, tafakkuri teranlashib, qalblari ilmu urfon nurlariga toʻlib, yurar yoʻllarini yorugʻ shuʼlalar aksi bilan yoritib boraveradi...

    Adabiyotga behad va benihoya ulkan mehr qoʻ­yib, butun hayotini soʻz sanʼatiga baxshida etgan adabiyotshunos, jamoat arbobi, Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti hamda “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, akademik Naim KARIMOV yuqoridagi taʼriflarga munosib, oʻzbek maʼrifatparvari degan yuksak nomga sazovor boʻlgan inson. U kishi bilan suhbatimiz ijodiy sarhisob, oʻtmishning buguni, kelajagi, istiqboli va xotiralariga bagʻishlandi...

    — Hurmatli Naim Fotihovich! Oʻtayotgan 2020-yilda barcha sohalarda boʻlganidek, ilm-fan borasida ham muayyan ishlar, rejalar va loyihalar amalga oshirildi. Tahririyatimizning faol muallifi sifatida chop etilgan maqolalaringiz salmogʻi sizning bir zum ham ijoddan, adabiyotdan uzoqlasha olmaydigan inson ekaningizdan darak. Joriy yil siz uchun qay darajada barakali yil boʻldi?

    — Bilasizmi, yil nihoyasida bajarilmay qolgan ishlar, rejalar va loyihalar ham boʻladiki, ular koʻng­limizdagi quvonch gullarini silkitib, alvon yaproqlarini toʻkib yuboradi. Shunday noxush daqiqalarda bizni ovutadigan bir narsa bor. Bu — bizdagi kuch, bajarilmay qolgan ishni Yangi yilning dastlabki kunlarida yakunlashga ishonch. Va, eng muhimi, kirib kelayotgan Yangi yilda avvalgi yildagi rejadagidan ham ulugʻvor ishlarni bajarish maqsadi.

    Ming afsuslar boʻlsinki, kamina ham oʻtayotgan yilda rejadagi barcha ilmiy-ijodiy ishlarimni amalga oshirish imkoniga ega boʻlmadim. Toʻgʻri, yil boshida “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” degan ensiklopediyam nashrdan chiqdi. Ensiklopediyada nomi Abdulla Qodiriy asarlarida tilga olingan, ilmiy-memuar asarlarida “Oʻtkan kunlar” muallifi toʻgʻrisida biror adabiy-biografik maʼlumot bergan 250 dan ziyod oʻzbek, rus, tatar va qozoq millatlariga mansub adib zamondoshlari toʻgʻrisida maqolalar berilgan. Oʻylaymanki, bu nashr ushbu millatparvar adibimiz toʻgʻrisidagi tasavvurimizni boyitibgina qolmay, boshqa ulugʻ yozuvchilarimiz, fan va madaniyatimiz arboblari toʻgʻrisida ham shunday ishlarni amalga oshirishga turtki beradi.

    Bahor oylarida hayotimni izdan chiqarib yuborgan xastalik jadid adabiyotining asoschisi Mahmudxoʻja Behbudiy haqidagi risolamni tugatish imkonini bermadi. Shoyad, yangi yilning boshlarida shu risolaga nuqta qoʻysam.

    — Gazetxonlarimiz sizni faol adabiyotshunoslardan biri, Choʻlpon, Oybek, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Usmon Nosir va boshqa yozuvchilar toʻgʻrisidagi maʼrifiy romanlarning muallifi sifatida yaxshi biladi. Ammo sizning qachon, qayerda va qanday oilada dunyoga kelganingiz aksariyat gazetxonlar uchun nomaʼlum. Ularda “Choʻlpon yoki Shayxzoda toʻgʻrisida maʼrifiy roman yozgan Naim Karimovning oʻzi qanday odam?” degan savol tugʻilishi tabiiy.

    — Men 1932-yilning qahraton qishida Toshkent shahrida, Eski shaharning “Kesakqoʻrgʻon” mahallasida dunyoga kelganman. Mahallamizda kattagina masjid boʻlgan. Bobom shu madrasaning imomi ekanlar. Sidqiy Xondayliqiy degan mashhur xumsonlik shoir shu madrasada tahsil olgan ekan. Bobomdan ikki qiz va uch oʻgʻil qolgan. Bu oʻgʻillardan biri moliya xodimi, ikkinchisi matematika, uchinchisi — mening dadam esa fizika muallimlari boʻlgan. Matematik amakim Boku shahrida taʼlim olgani uchun ozarbayjon shoir va yozuvchilari ijodini yaxshi bilgan. Dadamning kutubxonalarida Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy, Oybek asarlari qatorida ozar shoirlarining asarlari ham boʻlgan.

    Dadam Fotih Karimov 30-yillardagi oʻzbek ziyolilarining oldingi qatorida deb eʼtirof etilgan. U kishi va oʻrtoqlari bir-birlarining uylariga tez-tez borib turishardi. Doʻstlar mehmondorchilik paytida faqat dasturxonga hurmat bildiribgina qolmay, patefon qoʻyib, oʻsha yillarda mashhur boʻlgan xonandalarning plastinkaga yozilgan ashulalarini, cholgʻu kuylarini miriqib tinglagan, adabiyot va sanʼat olamidagi yangiliklar haqida suhbatlashib, tom maʼnoda madaniy hordiq olgan. Ular davrasiga baʼzan xushovoz kishilar ham qoʻshilib qolar va “majlis ahli” “jonli qoʻshiqlar”ni tinglab, sel boʻlardi.

    Oʻsha davrlarda oʻzini ziyoli hisoblagan har bir kishi oilasi bilan yakshanba kunlarida “Pushkin bogʻi”ga borib, yashil xiyobonlarda sayr qilar, “Hamza” teatrining har bir premyerasiga borib, ulugʻ artistlarning sanʼatlaridan estetik zavq olib, madaniy hayot kechirardi. Shunday sayr va premyeralardan biz, bolalar ham chetda qolmas edik.

    Xullas, kaminaga dadamning fizika muallimi sifatidagi faoliyatidan koʻra, ziyoli sifatidagi hayoti sanʼatga yaqin gumanitar fanlardan birini tanlashimga sabab boʻlgan.

    Yana bir-ikki omil bor. Dadam Oybek va uning rafiqasi Zarifaxonim tahsil olgan Taʼlim va tarbiya bilim yurtida oʻqigan. Oybek oʻquvchilik yillaridayoq adabiy isteʼdodi va insoniy fazilatlari bilan boshqalardan ajralgan boʻlsa kerak, dadam “Navoiy” romani muallifini juda hurmat qilardi va adibning har bir asarini sotib olib oʻqirdi. Dadamning doʻstlaridan biri, taniqli noshir Lutfulla Murodov Gʻafur Gʻulomga kuyov qatori edi, shu hol dadamning Gʻafur Gʻulom bilan ham yaqin aloqada boʻlishiga sabab boʻlgan. Ammamning oʻgʻli Mahmudali Yunusov esa noziktaʼb adabiyotshunos boʻlib, uylarida adabiy bahslar tez-tez oʻtkazilib turardi. Oʻrta maktabdagi adabiyot oʻqituvchilarim Murshida Ikromova bilan Nabi Nurmuhammedov ham kaminada adabiyotga boʻlgan mehrning kuchayishiga oʻz hissalarini qoʻshgan. Xullas, oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirayotganimda, adabiyotdan boshqa biror soha meni oʻziga jalb etmagan.

    — Siz 30-50-yillardagi hayot sahifalarini shunday tasvirlayapsizki, goʻyo sovet davlatining qatagʻon qilichi oʻsha davrlarda qinida zanglab yotgandek. Axir oʻsha davrlarda juda koʻp ziyolilar, jumladan, pedagoglar ham qatagʻon jabrini tortgan. Oʻqigan manbalarimizga qaraganda, ulardan birortasi ota-onasi, farzandlarining bagʻriga qaytib kelmagan. Ularning qarindosh-urugʻlari, shogirdlari ham koʻp ­jabr-sitam chekkan ekan, bu ayni haqiqatmi?

    — Toʻgʻri. Dadamni ham NKVD idorasiga koʻp chaqirishgan, falonchi toʻgʻrisida, pistonchi toʻgʻrisida maʼlumot bermasang, oʻzing ham qamalasan, deb bir emas, bir necha marta dagʻdagʻa qilishgan boʻlsa kerakki, 50-yillar boshidagi qatagʻondan keyin dadamning asablari nihoyatda buzilib, yuraklari tez-tez ogʻrib, xuruj berib turgan. Bu butun bir xalqning boshiga tushgan qonli savdo edi. Lekin nima boʻlganda ham inson qora oʻtmishni unutmagan holda yaxshi insonlarni va yaxshi voqealarni eslab yashashi lozim. Zero, bu dunyoda odamzoddan faqat yaxshi nom va yaxshi amallar qoladi...

    — Taqdir sizga “Shahidlar xotirasi” xayriya jamgʻarmasiga birinchi rais, “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyiga birinchi rahbar boʻlish va mazkur muzeyning barpo boʻlishiga, qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish ishiga muhim hissa qoʻshish imkonini berdi, aslida bu ham bir inoyat va yaxshilik uchun ochilgan keng va katta darvozadir, shunday emasmi?

    — Haq soʻzni aytdingiz. Bu ishlar shaxsan menda masʼuliyat tuygʻusini oshirdi. Shuning­dek, menga begunoh ajdodlar xotirasi oldidagi muqaddas burchni chuqur tushunish va shu yoʻnalishda amaliy ishlarni bajarish istagini uygʻotdi. Oʻylaymanki, agar men aksar doʻstlarimdan bir-ikki koʻylakni ortiq yirtib, hali ham yashayotgan boʻlsam, bu Xudoning shu qutlugʻ yoʻlda qilgan ishlarim uchun menga koʻrsatgan iltifoti va siz aytganday, buyuk inoyatidir. Men shu iltifotga arziydigan ishlarni qilish va shu iltifotga arziydigan maʼrifiy asarlarni yozish maqsadida yashayapman. Alloh umr bersa, kelajak avlod uchun yozib qoldiradigan bitiklarim benihoya koʻp. Qisqaroq qilib aytadigan boʻlsam, oʻz jonini ona Vatan va shu muqaddas zamin uchun, xalq farovonligi va baxtu saodati uchun qurbon qilgan ajdodlarimiz haqida yozadiganlarim judayam koʻp!

    — Bir suhbatingizda taniqli yozuvchilarimizdan birining jamgʻarma qoshidagi komissiya­ga aʼzo boʻlgani va shu komissiyaning aʼzosi sifatida qatagʻon qilinganlar taqdirini oʻrgana boshlagani, ammo kunlarning birida, ularning koʻz yoshlari toʻkilgan hujjatlarni koʻrib: “Naim aka, men bu yerda ishlay olmas ekanman”, deb uzr soʻrab, koʻngli toʻlib, arxivxonadan chiqib ketganini aytib bergan edingiz?

    — Ha, shunday voqea boʻlgan! Temir sandiqlarda saqlangan, shu paytgacha hech kimning koʻzi tushmagan “delo”lar bilan tanishish uchun aslida kattagina yurak kerak boʻladi. Chunki ularni oʻqish jarayonida yuragingga ninalar sanchilib, qon oqayotganday ogʻriqli holatga tushmaslikning iloji yoʻq. Eng qahri qattiq odamning ham qalbi bir yaralanganday taassurot qoldirishi shubhasiz. Begunoh odamlarning, aybsiz aybdor boʻlishiga doir soʻzlarni kim ham shunchaki oʻqiy olardi. Soʻnggi vaqtlarda oʻzimning ham shunday holga tushib qolayotganimning sababi oʻsha “delo”lardagi koʻz yoshlarini simirganimdir...

    — Qatagʻon qurbonlarining aksarini qamash uchun qoʻshnisining yoki xizmatdoshining ikki enlik xati yetarli boʻlgan. Ular mahbusni majburlab, “xalq dushmani” ekani iqrornomasiga imzo qoʻydirib olgan ekanlar?

    — Bir voqeani aytib beray. Abdulla Qodiriy bilan bir kamerada yotgan va NKVD zindonidan tirik chiqqan mahbuslardan birining aytishicha, adib uzoq vaqtgacha quruq tuhmatlardan iborat bayonnomalarga qoʻl qoʻyishdan bosh tortgan. Shundan keyin yarim kechada uxlab yotgan mahbusni olib chiqib, unga uxlash imkonini bermay, tikoyoq qilib qoʻyib, qariyb ertalabgacha tergov qilishgan. Bir necha kun davomida takror va takror shunday jazoni boshidan kechirgan mahbus oyogʻi shishib, yurolmay qoladi. Agar u shunday qiynoqlarga ham dosh bersa, qiynoqning hali fashistlar ham oʻylab topmagan bosh­qa usullari ham qoʻllangan. Rauf Boyjonov degan turkistonlik oʻqituvchining aytishicha, Abdulla Qodiriy azobli qiynoqlardan keyin ozib-toʻzib, qiyiqchaga solib koʻtarish mumkin boʻlgan darajaga kelib qolgan. Ammo u shunday qiynoqlarga qaramay, oʻziga qoʻyilgan aybni ham boʻyniga olmagan, boshqalarga ham qarshi koʻrsatma bermagan. Mahbuslarning bunday mardlik namunalarni koʻrsatganlarini tergovchining muomalasidan, bir tergov bilan ikkinchi tergov oʻrtasida kechgan uzoq vaqtdan bilish mumkin.

    — Qatagʻon qurbonlari asarlarida tasvirlangan yoki tergov materiallaridan olingan qanday real voqealarni eslab, ularga nisbatan hurmat tuygʻularini tuyib yurasiz?

    — 1937-yilda “xalq dushmani” boʻlganlikda ayblanib qamalganlar orasida Choʻlpon ham bor edi. U tom maʼnoda ziyoli kishi edi. Ziyoli kishilar esa qamoqxonaga tushishi bilan adoyi tamom boʻlgan. Choʻlponni ham qattiq qiynashgan. Kunlarning birida kamera havosini yangilash uchun mahbuslarni qamoqxona hovlisiga olib chiqqanlarida, mahbusalar orasida, agar yanglishmasam, Gʻozi Yunusning rafiqasi Xadicha ayani koʻrib qolgan. Oʻzi ogʻir bir ahvolda boʻlgan shoir Xadicha ayaga dalda berish, unda bunday kunlarning oʻtishiga ishonch uygʻotish uchun xat yozib, insonlik qiyofasini yoʻqotmagan nazoratchi orqali xatni ayollar kamerasiga yetkazishga erishadi. Choʻlponning: “Sizlar rus dekabristlarining xotinlari singari qahramon ayollarsiz. Kelajakda oʻzbek xalqi dekabrist ayollarni ulugʻlayotgan rus xalqidek, sizlarni ham ulugʻlaydi, sizlar haqingizda oʻnlab sheʼrlar, dostonlar, romanlar yozadi. Bardam boʻling, azizlar!” degan maʼnodagi xat shu kuni qoʻldan-qoʻlga oʻtib, mahbuslarda ozodlikka, yaxshi kunlar kelishiga boʻlgan ishonchni uygʻotib yuboradi.

    Yana bir voqeani naql qilishni istardim. Fitrat XX asr boshlarida bir guruh buxorolik yoshlar bilan birga Turkiyaga oʻqishga borgan. Kunlarning birida Turkiyaga bir yapon velosipedchisi keladi. U dunyo boʻylab sayohat qilish uchun vedosipedda yoʻlga chiqqan ekan. Fitrat gazetadagi shu haqdagi xabarni oʻqishi bilan Istanbuldagi yapon sportchisi joylashgan mehmonxonaga borib, uni topadi va uzoq suhbatlashadi. Velosipedda dunyo boʻylab sayohatga chiqqan yapon yigitining na hamrohi, na oziq-ovqati, kiyim-kechak, qoshiq-poshiq solingan chemodani bor edi. Fitrat shu holatni koʻrib ajablanadi. U: “Siz-ku hozir musulmon mamlakatlariga shu ahvolda borib, dunyo boʻylab sayohat qilyapsiz. Sizning baxtingizga, musulmon xalqlar muruvvatli boʻladi. Qayerga borsangiz, och-yalangʻoch qolmaysiz. Ammo nasorolar yashayotgan mamlakatlarga borsangiz qiynalib qolasizmi, deb qoʻrqaman”, deydi Fitrat. Yapon sportchisi esa eshik yonida turgan velospedini koʻrsatib: “Ana, koʻryapsizmi, velosipedimdagi Yaponiyaning bayroqchasini? Shu bayroqchani koʻrgan odamzod musulmon boʻladimi yo nasoro boʻladimi, shu bayroq hurmatiga meni och-yalangʻoch qoldirmaydi”, deydi ishonch bilan.

    Yapon yigiti bilan boʻlgan uchrashuv, uning uchrashuv chogʻida Yaponiyaning tilsimli bayroqchasi haqida aytgan soʻzlari Fitratga qattiq taʼsir qiladi. Oradan bir qancha yillar oʻtganidan keyin ham u shu uchrashuvni eslab, oʻzbek xalqi ham butun dunyo xalqlari hurmat qiladigan davlatni barpo eta oladimi, oʻzbek yigiti ham velosipediga davlat bayroqchasini ilib, dunyo boʻylab safarga chiqadigan kunlar keladimi, degan savollar bilan yashadi. Bugun biz: “Ustoz Fitrat domla, siz orzu qilgan kunlar kelgan!”, deb uning ruhini quvontirishimiz mumkin.

    — Juda ajoyib voqea ekan. Qalb qoʻringizda bunday voqealar oz boʻlmasa kerak... Keling, endi boshqa davrga, boshqa mavzuga oʻtsak. Siz filologiya fanlari doktori, akademiksiz. Bu ilmiy unvonlarga adabiyotshunos olim sifatida qilgan xizmatlaringiz tufayli erishgansiz. Biz bilgan asosiy asarlaringiz, oʻzbek yozuvchilarining hayoti va ijodiga bagʻishlangan. Sizning koʻz oldingizda Oybek va Gʻafur Gʻulomlar avlodi, ulardan keyin Shuhrat va Said Ahmadlar avlodi ham bu koʻhna olamni tark etdi. Ulardan keyingi avlod esa siyraklashib qoldi. Bugungi adabiy avlod oʻz oldida turgan dovonlarni zabt eta olarmikan?

    — Men ham adabiyotimizning ertangi kunini, Erkin Vohidov va Abdulla Oripovdan ke­yingi adabiy avlodlar haqida koʻp oʻylayman. Hozir adabiyotimiz maydonida Erkin Aʼzam, Sirojiddin Sayyid, Usmon Azim, Sharof Bosh­bekov, Xurshid Doʻstmuhammad, Shoyim Boʻtayev, Nazar Eshonqul, Eshqobil Shukur, Ulugʻbek Hamdam, Isajon Sulton, Qoʻchqor Norqobil singari shoir va yozuvchilar javlon urmoqda. Ularning eng yaxshi asarlari hali yozilmagan boʻlishi mumkin.

    Lekin bu avlod oʻzbek adabiyotiga yangi havo, yangi toʻlqin, yangi tasvir usullarini olib kirib, milliy adabiyotimizni boyitdi. Bu yozuvchilar yashagan davr qanday mafkuraviy davr boʻlmasin, yaxshi tomonlari juda koʻp. Bular, kitobxonlar armiyasining koʻpligi. 100 ming nusxada chiqqan roman ikki-uch kunda sotilib ketardi. Bugun romanlarning adadi 3-5 mingdan oshmayapti, nazarimda. Yetarli darajada kitobxoni boʻlgan yozuvchining har ikki-uch yilda bittadan roman yozib tashlashi hech gap emasdi. Bular — qalam haqining oilaviy-maishiy muammolarni hal qilishga yetarli boʻlgani. Bular, ispan, fransuz, ingliz, nemis, hind, arab singari jahon xalqlari adabiyoti eng yaxshi namunalarining rus tiliga tarjima qilinishi va ulardagi yangi badiiy-uslubiy jilolarning oʻzbek adabiyotiga kirib kelishi. Bular — adabiy aloqalar, adabiyot bilan sanʼat turlari oʻrtasidagi ijodiy hamkorlik va bular — ijodiy safarlar. Agar shu masalalar hal etilsa, sotsialistik realizm zanjirlaridan qutulgan oʻzbek yozuvchilari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhi bilan sugʻorilgan, badiiy yuksak asarlarni yaratib, adabiyotimiz bayrogʻining yangi choʻqqilarda hilpirab turishiga oʻz hissalarini qoʻshadilar, deb umid qilamiz.

    — Adiblar xiyoboni yangi yozuvchilarning haykallari bilan toʻladi, deng?

    — Albatta. Kelayotgan yangi adabiy avlod orasidan yangi davrning Abdulla Qodiriylari, Choʻlponlari, Oybeklari, Gʻafur Gʻulomlari, Asqad Muxtorlari, Erkin Vohidovlari, albatta, chiqadi. Ufqqa bir qarang: anavi yulduz Choʻlponga oʻxshaydi-ya!..