Yogʻoch oʻymakorligi ayollar orasida ham ommalashmoqda

    Bo'sh vaqtda 24 Iyul 2023 1767

    Oʻtgan yili kulol ayollar haqida yozgan maqolada ular respublika boʻyicha barmoq bilan sanarli ekani, shunday boʻlishi tabiiyligini mulohaza qilgandik. Aslida bu – ayollar kirib bormagan soha yoʻqligining amaldagi isboti.

    Yaqin yillargacha oʻymakorlar avlodidan ayol usta chiqmagan. Ammo toshkentlik Muharram Ibrohimova shu hunar ortidan “Shuhrat” medali va Oʻzbekiston xalq ustasi unvonini olganini kimdir bilgan, kimdir bilmagan chiqar. Demak, oʻzbek ayollaridan yogʻochni ham tilga kirita oladigan isteʼdodlarni topish mumkin.

    — Menimcha, oʻz kasbini sevgan inson ayolmi, erkakmi, hech qachon qiynalmaydi. Men yogʻoch bilan ishlashga bolalalikdan qiziqqanman, oʻymakorlik ota meros kasb, — deydi sirdaryolik Mohidil Rahimova. — Dadam mehnat oʻqituvchisi boʻlgani uchun yogʻochdan juda chiroyli uy buyumlari yasar, stol-stul, xontaxtalarga oyoq, ketmon, bolgʻalarga sop tayyorlayotgan payti men yasalgan buyumlarga naqsh chizardim. Dadam ulgurmay qolgan kezlari yogʻochga ishlov berish, randalashga ham koʻmaklashardim. Silliqlangan tayyor yogʻochlarni bir-biriga yelimlab, ulashga qarashib yuborish menga zavq berardi. Bir tomondan esa dadamga yordamim tegayotgani, qolaversa, hunar oʻrganayotganimdan sevinardim. Maktabni aʼloga bitirib, Samarqand davlat universitetining kasbiy taʼlim fakultetiga oʻqishga kirdim. Oliygohda dadamdan olgan bilimlarimni yanada rivojlantirdim.

    Hakamlarni shubhalantirgan namunalar

    Oʻtgan yil 16-noyabr kuni Guliston shahridagi viloyat musiqali drama teatrida “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarining Sirdaryo viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

    Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, yuksak maʼnaviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat boʻlish bilan birga, oʻzi ishlayotgan tashkilot nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari boʻlgan ayollarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish hamda bu boradagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda Mohidil Rahimova “Oʻz kasbining ustasi boʻlgan yil ayoli” nominatsiyasi gʻolibasi boʻldi.

    — Bundan ikki yil avval ham bir katta tanlovda qatnashganman. Biroq tanlovda ijodiy ishlarim baholanmadi. “Nega baholanmadi”, deb soʻraganimda, masʼullar “bu ishlar ayol kishining qoʻlidan kelmaydi, bizni aldashgan”, deb sizning ijodiy ishlaringizga shubha qilishdi”, degan javobni aytishdi. Oʻshanda tanlovga olib kelingan buyumlarni bir oʻzim bemalol yasay olishimni isbotlashim qiyin boʻlgan. Shunday boʻlsa-da, hakamlarni shubhalantirgan hunarimdan hech ham afsuslanmaganman. Aksincha, kasbimga ishtiyoqim yanada kuchaygan.

    Nasib qilsa, nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyoga milliy yogʻoch oʻymakorligi asarlarimizni tanitaman, yanada boyitaman, — deb ahd qilgan Mohidil opa 2014-yildan buyon Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati yogʻoch oʻymakorligi fani ustoz-murabbiysi sifatida ishlab kelmoqda.

    Oliy toifali oʻqituvchi, Oʻzbekiston “Hunarmand” uyushmasi aʼzosi boʻlgan ustozning bugun koʻplab shogirdlari bor. Ularning aksariyati oliygohlarda oʻqiyapti.

    — “Xalq hunarmandchiligi toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlarida xalq amaliy sanʼati oʻquvchilarni gʻoyaviy-badiiy, axloqiy jihatdan tarbiyalashda muhim oʻrin tutishi qayd qilingan. Shu maʼnoda, sanʼatning bu turini rivojlantirishga hissa qoʻshayotganimdan hursandman, — deydi usta. — Oʻquvchilarda hunarga muhabbat uygʻotish, kasbga yoʻnaltirish, ijtimoiy foydali mehnatga oʻrgatish asosiy maqsadim. Kelajakda mohir ustalar yetishtirishni niyat qilganman. Turmush oʻrtogʻim ham hunarimni hurmat qiladi. Kasbim yuzasidan biror muammo boʻlsa ham birgalikda yechim topamiz. Eng muhimi, farzandlarimiz ham hunarimga juda qiziqishadi.

    “Oʻymakorlik haqida oʻylab ham koʻrmaganman”

    Mohidil opa-ku bolalikdan yogʻoch oʻymakorligiga mehr qoʻygan, shu hunar bilan ulgʻaygan, xalq tili bilan aytganda, oʻymakorlikda “suyagi qotgan, koʻzi pishgan” ekan. Namanganlik Sohiba Toʻrayeva esa turmushga chiqqunicha bu hunardan butunlay yiroq boʻlgan. Bugungi kunda Namanganning mashhur Chorsu bozorida opa yasagan eshik romlar-u, roʻzgʻorga kerakli 70dan ziyod turdagi yogʻoch buyumlarning bozori chaqqon. Yogʻochni taxta bozoriga tushib oʻzi xarid qiladi. Bozorda opani hamma hurmat qiladi. Oʻzi yasaydigan buyumlarbop eng yaxshi yogʻochlarni saralab olishi uchun taxtalar taxlamini buzib tashlasa ham toʻgʻri tushunishadi.

    Sohiba opaning ona tomondan bobolari elning oldi tadbirkori boʻlgan.

    — Shu bois, biz ham ip yigirish, tikish-bichish kabi hunarlardan xabardor edik, — deydi opa.

    Kelin boʻlib tushganida turmush oʻrtogʻi ustachilik qilar, eshik-rom yasardi. Ustaxona ixchamgina hovlida boʻlgani uchun uylangach, shogirdlarini mustaqil ishlashga yoʻllaydi. Yolgʻiz oʻgʻil. Ota-ona ham barvaqt oʻtib ketgan, buvisining qoʻlida tarbiya topgan duradgor yigitga rafiqasi togʻdayin tayanch boʻldi. Suhbatimiz bahona Sohiba opa oʻsha kunlarni ham yodga oldi.

    “Kichkinagina hovlida uy yumushlari kam boʻlgani bois, kelinchakligimdayoq turmush oʻrtogʻimning yoniga kirib, eshik-romlarni u yoq-bu yoqqa olishga yordam berib yurdim. Ortib qolgan yogʻochlardan taxtakach, oʻrindiq, umuman, roʻzgʻorga kerakli buyum yasashni sekin-sekin oʻrganib oldim. Xoʻjayinim kechasi bilan ishlardi. U paytlarda bir haftada bir martagina bozor boʻlardi. Buyumlarini sota olmaganlar keyingi haftada sotardi. Bozorga olib chiqishga ulgurish uchun qattiq ishlashimizga toʻgʻri kelardi. Ming shukrki, buyumlarimiz hamisha tezda sotilib ketar, keyingi haftaga qolmasdi”.

    Shu tariqa durustgina duradgorga aylanib qolgan Sohiba opa mijozlar talabi bilan eshiklarga gul ishlashni ham oʻzlashtirib oldi. Naqshlarni oʻzi chizib, gʻoyat ehtiyokorlik bilan oʻyib chiqishning ham ustasi boʻlib ketdi. Stanok esa asl egasi qolib Sohiba opaning sevimli ish quroliga aylandi. Turmush oʻrtogʻi odamlarga uy qurib, duosini oladi, oʻsha uyga kerakli eshik-romlarni ayoliga buyurtma qiladi.

    Oddiy qopqondan naqshindor soʻrigacha

    Ayni paytda uch farzandning onasi, 7 nabiraning buvisi boʻlgan qahramonimiz mahalladagi kam taʼminlangan ayollarni ish bilan band qilgan, oʻnga yaqin shogirdi bor. Kenja oʻgʻli ayollardan-da mohir tikuvchi sifatida kostyum-shimlar tikadi.

    2011-yilda “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlgan Sohiba opaning 2007-yilda “Tashabbus” koʻrik-tanloviga qatnashishi juda qiziq boʻlgan.

    – Televizorda “Tashabbus” koʻrik-tanlovi boʻlishi haqida reklama berilgani sari negadir shu tanlovda qatnashgim kelaverdi, deydi opa oʻsha damlarni eslab. — Xoʻjayinimga hazillashib, Husan Sharipov “Suyunchi” filmida aytganidek, men ham nomim chiqmay oʻtib ketaveramanmi, “Tashabbus”da qatnashaman, deb turib olganman. U kishi qoʻlimdan ancha-muncha ish kelib qolganini koʻrgach, “mayli, qatnash, yordam beraman”, degan. Tashkilotchilardan yoʻl-yoʻriq olib, orzuimga yetdim — men ham ishtirokchiga aylandim. Oʻrin ololmadim, lekin juda chiroyli, munosib taqdirlashgan. Axir 70 xil yogʻoch buyumlarim bilan ishtirok etganman. Oʻzingiz oʻylang, sichqon tutadigan qopqondan tortib eng zarur uy buyumlarigacha bor edi. Shundan soʻng tanlovlarda qatnashib yurdim. 2010-yilda respublikada “Yil ayoli” tanlovi gʻolibasi boʻldim.

    Hunarining ortidan farovon yashayotgan qahramonimiz boshchiligidagi qoʻl mehnati namunalari, ayniqsa, soʻrilar qoʻshni viloyatlardan tashqari Qirgʻiziston va Tojikistonga ham sotilyapti. Opa hunarmandlar uchun keyingi yillarda yaratilayotgan qator imtiyozlardan minnatdor. Yakka tartibdagi ayol tadbirkorlarning soliqdan ozod etilganini imtiyozlarning eng manfaatlisi sanaydi.

    — Davlatimiz rahbarining oʻzi “bitta tadbirkor toʻrtta ishchi oʻrin yaratsa, men boshimga koʻtaraman”, deb turgan bir paytda men nega bor imkoniyatlardan foydalanmay, — deya yurakdan gapiradi bu ayol.

    Ha, bugun imkoniyatlardan foydalanib yashagan inson aslo kam boʻlmayapti. Qoʻpolroq boʻlsa-da, ayollik vazifasini-da toʻliq uddalay olmay, aksincha, bekorchilikdan oʻtganning oʻrogʻi, ketganning ketmonini oladigan, hamisha yetishmovchilikdan noliydigan baʼzi ayollar Mohidil Rahimova, Sohiba Toʻrayevadan ibrat olsa ne ajab? Zero, ular tom maʼnoda bugunning qahramon ayollari obrazini yaratayotgan mehribon ona, sadoqatli yor, mushfiq opa yoki singillardir.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri