Yoʻqotilgan kalsiy oʻrnini qanday toʻldirish mumkin?

    Salomatlik 25 Iyul 2022 3588

    — Organizmning toʻla qonli rivojlanishida kalsiy moddasi alohida oʻringa ega, — deydi tibbiyot fanlari doktori Umida Rustamova. — Uning kunlik miqdori esa har bir yosh toifasi uchun turlicha.

    Tavsiya etilgan kunlik kalsiy miqdori:

    - 0-3 oylik chaqaloqlar uchun 400 mg.;

    - 4-6 oylik goʻdaklar uchun 500 mg.;

    - 7-12 oylik oʻgʻil-qizlar uchun 600 mg.;

    - 1-3 yoshli kichkintoylar uchun 800 mg.;

    - 7-11 yoshdagi bolalar uchun 1 100 mg.;

    - 11-18 yoshdagi oʻsmirlar uchun 1 200 mg.;

    - 18-59 yoshdagi kattalar uchun 1 000 mg.;

    - 60 yoshdan yuqori kishilar uchun 1 200 mg.;

    - homilador ayollar uchun 1300 mg. va emizikli onalar uchun 1400 mg.

    Kalsiy yetishmovchiligini bemorlar vitamin va minerallar kompleksini qabul qilish orqali bartaraf etishi mumkin. Biroq ularni faqat shifokor tavsiya etadi.

    Sababi oʻzboshimchalik bilan davolanish organizmda jiddiy asoratlarni keltirib chiqaradi. Xususan, sunʼiy kalsiy preparatini muntazam isteʼmol qilish, vena qon tomirlarida tiqilma hosil qilib, varikoz xastaligini rivojlantiradi.

    Qolaversa, hech bir dori vositasi sifatli, toʻyimli hamda sogʻlom ovqatlanishning oʻrnini bosa olmaydi. Shu bois mazkur muammoni bartaraf etishda toʻgʻri taomlanishga alohida eʼtibor qaratish lozim.

    Jumladan, kunlik taomnomada sut mahsulotlari (tvorog, yogurt, kefir, pishloq, qatiq, suzma) boʻlishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, dengiz mahsulotlarida ham koʻp miqdorda kalsiy mavjud. Bundan tashqari, ular tarkibida D vitamini va fosfor moʻl. Bu darmondorilar esa suyaklarni mustahkamlashga katta yordam beradi.

    Turli meva-sabzavot va koʻkatlar — karam, salat bargi, selderey, petrushka, kunjut urugʻi, yongʻoqlar tarkibida ham kalsiy moddasi koʻp uchraydi.

    Eng muhimi, tabiiy mahsulotlardagi ushbu moddaning ortiqcha miqdori kalsiy preparati kabi organizm uchun zararli emas. Sababi, mazkur foydali makroelement sunʼiysi kabi organizmda yigʻilib qolmaydi.

    Biroq, ayrim shirin gazli ichimliklar va shoʻr oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi natriy xlorid kalsiy moddasining peshob bilan organizmdan chiqib ketishiga sabab boʻladi.

    Shuningdek, organizm kalsiy moddasini oʻzlashtirishida D vitaminining ahamiyati beqiyos. Xususan, ushbu darmondori tanada 30-40 foiz mazkur elementning soʻrilishiga ijobiy taʼsir etadi. Bu vitaminning eng koʻp manbai esa quyosh nurlarida mavjud.

    Ayni sababdan quyosh chiqqandan boshlab soat 11-00 gacha va kechki 17-00 dan keyin ochiq havoda sayr etish tavsiya etiladi. Chunki bu paytda uning ultrabinafsha nurlari taʼsiri ostida organizmda D vitamini hosil boʻladi. Biroq qolgan vaqtlarda issiq havoda sayr qilish sogʻlik uchun zararlidir.

    Mutaxassis bilan bu borada suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.