Yoshlar ishlari agentligiga quyidagi qoʻshimcha funksiyalar yuklandi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-239-son, 27.06.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qoʻshimcha funksiyalar yuklandi:

    • yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori boʻlgan chet tillarini mukammal oʻzlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish;
    • xorijiy tillarni oʻqitish faoliyati bilan shugʻullanuvchi YATTlar, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari (xususiy oʻquv markazlari), ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, sohadagi muammolarni muntazam ravishda tahlil qilish va ularning yechimi boʻyicha takliflar tayyorlash;
    • xususiy oʻquv markazlari reytingini shakllantirish hamda reytingda yuqori oʻrinni egallaganlarni ragʻbatlantirish;
    • yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻrganishni targʻib qilish, ushbu yoʻnalishdagi ijtimoiy loyihalar, koʻrik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish.

    Qarorga koʻra:

    • imtihon topshirish xarajati qoplanadigan xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan kamida S1 yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat olgan yoshlarni imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilishga qoʻshimcha ravishda oʻqish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari (1 mln 20 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy ragʻbatlantirish tizimi joriy etiladi;
    • 2024-yil 1-sentyabrdan 2027-yil 1-yanvargacha yoshlarning nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari boʻyicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan ballning (sertifikat darajasining) minimal koʻrsatkichi bir pogʻona pasaytiriladi.
    • Shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining sinf xonalarini taʼlim jarayonidan boʻsh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini amalga oshirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy oʻquv markazlariga berishga ruxsat etiladi.