1909 yil yozida olmoniyalik o‘qituvchi Richard Shirman shogirdlarini bir necha kunga tog‘ yonbag‘riga sayohatga olib chiqadi. Quyuq daraxtzor, moviy ko‘l, yastanib yotgan kengliklar, turfa o‘simliklar va tabiat ajoyibotlari yosh sayyohlar ko‘ngliga olam-olam zavq bag‘ishlaydi. Ammo kechqurun momaqaldiroq gumbirlab, yomg‘ir quya boshlaydi. Yalanglikda dam olayotgan yoshlar yomg‘irdan qochib, yaqin o‘rtadagi qishloq maktabiga kiradi. Yomg‘ir tuni bilan tinmaydi. Shirman shogirdlari uxlab olishi uchun qulay sharoit yaratishga harakat qiladi. U o‘shanda o‘ylab topgan to‘rpardalar bilan bir-biridan ajratilgan kichik yotoqxonalar g‘oyasi keyinchalik butun dunyoga mashhur bo‘lib ketadi. Shu tariqa Germaniyada yoshlar sayyohlik uyushmasi yuzaga keladi.
Yoshlar turizmi sohasidagi bu muvaffaqiyatli tajriba butun dunyoda yoshlar turistik bazalari yuzaga kelishiga turtki bo‘ldi. Bugun aksariyat mamlakatlarda yoshlar turizmi alohida yo‘nalish sifatida rivoj topmoqda.
Sohaga davlat e’tibor qaratyapti
Osori-atiqalarga boy diyorimiz sayyohlik salohiyati va imkoniyatlari borasida dunyoda munosib o‘rniga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimizni ko‘rish, betakror me’moriy obidalar, tabarruk qadamjolarni ziyorat qilish, nodir tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish, azaliy an’ana va qadriyatlarimiz bilan tanishish istagidagi sayyohlar soni yildan yilga ortmoqda. Ayni chog‘da yurtimizda turizm sohasining jadal tiklanishida ijobiy tendensiyalar kuzatilyapti. Turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va sayohatchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xizmat turlarini ko‘paytirish, to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish, xorijiy sayyohlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari, vizasiz rejimning joriy etishga doir huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilingani, mehmon uylari, turizm qishloqlarining barpo etilayotgani soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.
Davlatimiz rahbari 2023 yilning 16 oktyabr kuni Samarqand shahrida Jahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochilishi marosimida yoshlar uchun sayyohlikni rivojlantirish loyihalari hamda yangi g‘oyalarni yaratishda muhim va foydali maydonga aylanadigan Jahon yoshlar turizmi sammitining navbatdagisini Toshkent shahrida o‘tkazishni taklif etgani ham sohaga qaratilgan yuksak e’tibordan dalolatdir.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish belgilangan. Jumladan, xorijiy sayyohlar sonini 10,5 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 2,5 milliard dollarga, shu jumladan, tibbiyot va ta’lim turizmi eksportini yiliga 200 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Shuningdek, ichki sayyohlar sonini 21 millionga, ziyorat turizmi bo‘yicha keladiganlar sonini 1,5 millionga yetkazish, mehmonxona, transport, tur – operator, savdo va servis korxonalari kooperatsiya asosida faoliyat yuritadigan 4 ta yirik turizm klasteri (majmuasi)ni, xususiy investisiyalarni jalb qilish hisobiga hududlarda 600 ta joylashtirish vositasi tashkil etish belgilangan.
Vazifalar ijrosida yoshlarning ulushi qanday?
– Ushbu ko‘rsatkichga erishish maqsadida viloyatlar kesimida 5 million yoshning sayohatini tashkil etish rejalashtirilgan, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Jamshid Gʻoziyev. – Unga ko‘ra, mamlakatimizdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar, xotin-qizlar va kam ta’minlangan oilalar farzandlari sayohatga chiqadi. Bundan tashqari, o‘quvchi-talabalar va korxona xodimlarini Mo‘ynoq tumaniga, “Manguberdi vataniga sayohat qil” ichki turizm dasturi doirasida o‘quvchi yoshlar, talabalar va pensionerlarni Xorazm viloyatiga, “Inklyuziv to‘siqsiz turizm” va “Inklyuziv sayohat” dasturi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar, notinch oilalarning tarixiy joylarga sayohati ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, yurtimizdagi mavjud ziyoratgoh va muqaddas qadamjolarga sayyohlar hamda nuroniylar sayohatlari tashkil etiladi.
Mart, avgust oylarida barcha hududlarda, dekabr oyida esa respublika darajasida ichki turizm yarmarkalari o‘tkaziladi.
Olamni kashf etib, do‘stlar orttirib...
Turizm jahon iqtisodiyotida daromadli va jadal rivojlanib boruvchi sohalardan. Bu soha bozorining asosiy segmentlaridan biri yoshlardir. Xalqaro ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yaxshilashda yoshlar turizmining alohida o‘rni bor.
Yoshlar turizmi rivojida ommaviy tadbirlarning hissasi katta. Sababi, yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyoh, eng avvalo, milliy taomlarimizni tatib ko‘rish, me’moriy va tarixiy obidalarimiz, milliy-madaniy urf-odatlarimiz bilan tanishishni istaydi. Shu yo‘nalishlarda ham qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. “Boysun bahori”, Buxorodagi zargarlik va zardo‘zlik, Xorazmdagi lazgi festivallari shular jumlasidan. Tadbir ishtirokchilarining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yoshlar turizmi rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. Qarorda 2022 yildan iyul oyida “Yoshlar turizmi oyligi”, 2023 yildan esa yanvar oyining birinchi va mart oyining uchinchi dekadasida “Yoshlar turizmi haftaligi”ni o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yilishi keltirilgan. “Yoshlar turizmi oyligi” doirasida esa “Yoshlar turizmi” qurultoyi tashkil etilishi belgilangan.
O‘tgan yil avgustda Shahrisabzda o‘tkazilgan “Yoshlar turizmi” qurultoyi 15 mingdan ortiq kishini qamrab oldi. Ularning 700 nafarini yoshlar tashkil etdi. Respublikamizning har bir hududidan iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 50 nafar yosh jalb qilingani yuzlab yigit-qizlarni umumiy maqsad yo‘lida birlashtirdi. Do‘stlik, olamni kashf etishdek tuyg‘ularga yo‘l ochdi.
Kitobxonlik kunlari, milliy va etnosport turlari bo‘yicha sport musobaqalari hamda madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, yuqori natijalarga erishgan hamda yoshlarga o‘rnak ko‘rsatadigan sportchilar va murabbiylar, san’at, madaniyat, ilm-fan, biznes sohalari namoyandalari ishtirokida mahorat darslari, taniqli teatr va kino ijodkorlari bilan muloqot navqiron avlod vakillarini yorqin tassurotlarga oshno etdi.
– Yoshlarimiz bitta maqsad sari birlashgani, bitta jamoa bo‘lib ishlagani, sayohat qilgani ular qalbida vatanni sevish, yurtimizning har bir go‘shasi bilan faxrlanish hissini uyg‘otdi, – deydi Jamshid Gʻoziyev. – Buni yoshlarning yuz-ko‘zlaridan sezish mumkin edi. Loyihani xalqaro darajaga olib chiqmoqchimiz. Shu bois, o‘tgan yili qurultoyga qo‘shni mamlakatlardan yoshlarning 20 nafar vakilini taklif etdik. Ular o‘z mamlakatlarida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Yoshlar turizmi” qurultoyi haqida tengdoshlariga so‘zlab berishi, yurtimizning diqqatga sazovor joylari, osori-atiqalari haqida hikoya qilishi, yorqin tadbirlardan olgan boy taassurotlari bilan o‘rtoqlashishi shubhasiz.
Qurultoy doirasida “Eng yaxshi turizm loyihasi” tanlovi o‘tkazildi. Sayohatlar arzon tushishini ta’minlash va sayyohlar uchun sharoitlarni yaxshilash, turizmning zamonaviy turlarini rivojlantirish bo‘yicha yigit-qizlar g‘oyalari va uni amalga oshirish mexanizmlarini taqdim etdi. Eng yaxshi g‘oya mualliflari o‘z loyihasini amalga oshirishi uchun pul mukofoti bilan taqdirlandi. Qurultoy davomida qo‘mita huzurida jamoatchilik asosida eng iqtidorli yoshlardan iborat turizm elchilari saylandi. Ular hozir mustaqil organ sifatida ish boshlagan.
Joriy yilning 20–31 mart kunlari bo‘lib o‘tgan “Yoshlar turizmi haftaligi” ham ana shu an’ananing uzviy davomi bo‘ldi.
Haftalik doirasida hududlarda o‘tkazilgan ichki turizm yarmarkalarida ichki turizm yo‘nalishidagi 520 ta tadbirkorlik sub’yekti, 400 ga yaqin yangi turizm maskani hamda 900 ga yaqin oilaviy mehmon uyidan jami 10 mingga yaqin ishtirokchi jalb qilindi. Shuningdek, 500 mingdan ortiq o‘quvchi, talaba va yoshning ziyoratgoh, qadamjolar, tarixiy, diqqatga sazovor maskanlarga sayohat qilishi imkoniyati yaratildi.
Haftalik davomida yoshlar madaniy meros ob’yektlari, muzeylar, teatr va kinoteatrlarda bo‘ldi. Ko‘ngilochar musiqiy chiqishlar, o‘quvchilarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantiradigan, tariximizni jonli ko‘rsatuvchi teatrlashtirilgan tomoshalar yosh sayyohlarga olam-olam zavq bag‘ishladi. 4 ming 159 malakali gid yosh sayyohlarni hududlardagi me’moriy obidalar, tarixiy shaxslar hamda keyingi yillardagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirdi.
Istiqbolli yo‘nalish oldida turgan muhim vazifalar
Yoshlar turizmini rivojlantirish zarurati navqiron avlod vakillarining arzon va sifatli turistik xizmatlarga yuqori darajadagi ehtiyoji, yangi g‘oyalarni qabul qilish, taassurotlarini yanada boyitish, dunyoqarashini kengaytirish kabi xislatlari bilan bog‘liq. Ijtimoiy-madaniy innovatsiyalarni eng yaxshi qabul qiladigan yoshlar auditoriyasi bilan rivojlangan sayyohlik aholining umumiy iqtisodiy farovonligiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Biroq sohaning istiqbolli yo‘nalishi sanalgan yoshlar sayyohligi borasida ham bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar bisyor.
Shuhrat Isaqulov, Turizm qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i:
– Ekstremal turizm, yoshlar turizmi, yoshi katta sayyohlar uchun alohida dasturlar yaratish ustida ishlanyapti. Bu borada muayyan qadamlar ham qo‘yildi. Oxirgi yillarda bir qancha yangi sayyohlik yo‘nalishi tashkil qilindi. Kimdir tog‘larga chiqishni xush ko‘radi, kimdir tarixiy-me’moriy obidalarga qiziqadi. Yangi yo‘nalishlar turli yoshdagi sayyohlarga mo‘ljallangan. Turistik mikrochiplar, arzon va barcha qulayliklarga ega, shu bilan birga, qimmat turistik yo‘nalishlar tashkil qilinmoqda. Bizda avval bo‘lmagan vertolyot sayyohligi yo‘lga qo‘yildi. Yoki samolyotni ijaraga olish mumkin.
Ayni paytda o‘smirlar turizmi va o‘lkashunoslik bo‘yicha yangi yo‘nalish va konsepsiya tayyorlanyapti. Bu konsepsiyada yoshlarni turizm sohasida o‘qitish, o‘rgatish, turizm madaniyatini ko‘rsatish, tarixiy boy, geografik joylarimiz bilan tanishtirish ko‘zda tutilgan. Bu sport, salomatlik, faol dam olish, tarix va geografiyani yaxshiroq o‘rganish imkoniyatidir.
Yangi konsepsiyada har bir vazirlikka aniq yo‘nalish berish, qanday dasturlar tuzish, yoshlar sayohatini xavfsiz tashkil qilish, qayerga, qaysi paytda olib borish kerakligi haqida takliflar beriladi. Ta’tilda yoki o‘quv davrida o‘lkashunoslik, tariximizni o‘rganish, “Yosh sayohatchi”, “Yosh geolog”, “Yosh etnograf”, “Yosh alpinist” klublari, oromgohlar va shunga o‘xshash yo‘nalishlarni qamrab olish oldimizda turgan muhim vazifa.
Ilmiy-metodologik kitoblar, adabiyot va qo‘llanmalar yetishmayapti. Mavjud darsliklarni yangi, zamonaviy bilimlar bilan boyitish zarurati bor.
Ayni paytda ekskursavodlar, tog‘larda olib yurish uchun kuzatuvchilar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Biz universitetlarga xizmat ko‘rsatgan alpinistlarni olib borib, yoshlarga alpinizm sirlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berdik. “Toqqa chiqinglar, murabbiy bor, klub shakllantiringlar, bitta xona ajratinglar va shu mexanizm doim ishlab tursin”, dedik. Afsuski, bu tashabbusga e’tibor berilmadi.
Har bitta yosh har yili kamida 2-3 ta sayyohlik ob’yektiga borishi zarur. Yoshlarga mo‘ljallangan ob’yektlarni shakllantirish, yosh sayyohning pasportini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Yosh sayyohning qo‘lida u boradigan yo‘nalishlar va kitobcha bo‘ladi. Ob’yektlarga borganda, misol uchun, muzey o‘zining tamg‘asini qo‘yib beradi. Bir yil davomida o‘quvchi 10 ta ob’yektga borgan bo‘lsa, qanchadir ballga ega bo‘ladi. Bu unga motivatsiya beradi, muzeylarga tekin kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Undan keyin ko‘krak nishoni beramiz. Hozir shu kabi motivatsiya beradigan dasturlar ustida ishlayapmiz. Albatta, bu faqat qo‘mitamizninggina ishi emas. Buning ustida hamkor tashkilotlar ham ishlashi kerak. Jamoaviy sayohatlar uyushtirilganda, deylik, 50 ming yoki 70 ming yosh, maktab o‘quvchisini Buxoroga yoki Samarqandga olib borishimiz kerak. Dastur bilan chiqilsa, Transport vazirligi yoshlarga, bolalarga mo‘ljallangan tariflar, dasturlarni ishlab chiqishi va xavfsiz olib borib, olib kelishi kerak bo‘ladi. Xohlasa avtobusda, xohlasa samolyotda borsin. Bolalarimizning haqqi bormi samolyotda arzon narxda uchishga? Albatta, bor. Hozirgacha bunday dastur yo‘q. Biz-ku shunday tashabbus bilan chiqamiz, ammo boshqa vazirliklar ham bunga xayrixoh bo‘lishi lozim.
Samarqandga borib-kelish uchun avtobusning narxi o‘rtacha 3-4 million so‘m bo‘lsa, yo‘l-patrul xizmatining kuzatuvi ham 2-3 million so‘mni tashkil etyapti. Albatta, bu pulni ota-ona to‘lashi kerak. Bu esa “Bormay qo‘ya qolsin”, degan xulosaga olib keladi. Shunga o‘xshash bir qancha masalalar borki, uning ustidan ishlashimiz, muammolarga yechim topishimiz kerak.
Bizda qadimiy qishloqlar, joylar bor. Etnografiya, o‘lkashunoslikni o‘rganish, hududlardagi muzeylarga borish, o‘sha yerning mashhur kishilari bilan tanishish foydadan xoli emas. Ekstremal turizm bilan shug‘ullansa, tog‘larga chiqib kelsa, tabiatni, xavfsizlik qoidalariga rioya etishni o‘rganadi.
Bugun atrof-muhitning salbiy omillari zararidan yoshlar ham chetda emas. Urbanizatsiya, o‘z salohiyatini to‘liq rivojlantirish va ro‘yobga chiqarish imkoniyati cheklangani, jismoniy harakatsizlik va boshqa stressli vaziyatlar yoshlarda sog‘lomlashtirish, dam olish va ko‘ngilochar xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi.
Turistik seksiya, klublar va bazalar tashkil etilishi yoshlarga vatanimiz tarixi, geografiyasi bilan tanishish imkonini beradi. Shu yurtning har bir toshi, giyohini asrash, sevish lozimligini anglatadi.
Muammo nimada?
Turistik faollikning yuqoriligi ham yoshlarning muloqotga, bilim olishga intilishi bilan izohlanadi. Yoshlar hayot quvonchini his qilishga moyil. Yurtimizda yosh sayyohlar e’tiborini tortadigan qanday sayyohlik yo‘nalishlari bor? Ular uchun zarur shart-sharoit yaratilganmi?
– Mamlakatimizga tashrif buyuradigan sayyohlarning aksariyatini yoshi kattalar tashkil qiladi, – deydi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti yetakchi mutaxassisi Bobur Ibragimov. – Ular uchun ko‘ngilochar joylar kam, tog‘ turizmi hali yetarlicha shakllanmagan, tabiiy geografik joylarda sharoit yo‘qligini inkor eta olmaymiz. Turistik firmalar shunday joylarga yo‘naltiriladigan turpaketlar ishlab chiqmagan. Ochiq osmon ostida kinoteatrlar yo‘q hisobi. Imkoniyatlardan maksimal darajada foydalana olyapmiz, deya olmayman.
Sayyohlar ko‘p keladigan Samarqand shahrida turizm ko‘chasi barpo etilishi ko‘zda tutilyapti. Istanbulda shunday ko‘cha bor. U yerda hayot qaynaydi. Kimdir qo‘shiq aytadi, kimdir rasm chizadi, boshqa birov nodir san’at asarlarini tomosha qiladi. Tarixiy shaharlarimizda shunday ko‘chalarni tashkil qilish ham sayyohlarni jalb etishning yaxshi yo‘li.
Zominda barpo etilgan osma dor yo‘li bugun sayyohlar e’tiborini tortmoqda. Bu yaxshi. Shahrisabz tog‘larida, Qamchiq dovonida milliy taomlarimiz tayyorlanadigan turli oshxonalar bor. Ulardan gastronomik turizm yo‘nalishida foydalanish mumkin. Turfirmalar shunday joylarga turpaketlar ishlab chiqishi kerak. Ular hozir faqat chet elga yuborish bilan mashg‘ul bo‘lib qolgan. Xorijlik sayyohlarni yurtimizga jalb qilishda turistik firmalarning hissasi kam.
To‘g‘ri, yoshlar turizmini rivojlantirish borasida ham amaliy ishlar qilinyapti. Ammo bu hali yetarli emas. “Yoshlar turizmi haftaligi”da bir hafta davomida ekskursiya va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi. Bu ichki turizmning rivojlanishi uchun hissa qo‘shyapti. Ammo bu doimiylik kasb etsa, qaysi go‘shada o‘tkazilayotgan bo‘lmasin, xorijlik sayyohning e’tiborini tortishi shubhasiz.
Turizm xizmatlari, sayyohlar oqimi, infratuzilma yuksalib bormoqda. Yurtimizning har bir go‘shasida turizm sohasini rivojlantirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Ammo shu o‘rinda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar yo‘q emas.
– Baxmal tumanining go‘zalligi beqiyos bo‘lgan O‘rmonchi qishlog‘i hamisha sayyohlar e’tibori markazida, – deydi tadbirkor Sobir Zokirov. – Baland qorli tog‘lar, ko‘p yillik archazorlar har qanday kishini maftun etadi. Yilning to‘rt faslida ham sayyohlar qadami uzilmaydigan bu yerga yoshlarning ham qiziqishi katta. Ammo issiqlik masalasi, elektr energiyasi, aloqa xizmati sifati talab darajasida emasligi tufayli bu joy yosh sayyohlar e’tiborini qozona olmayapti.
Xizmatlar sifatining yaxshilanishi tarmoq jozibadorligini oshiradi
Sayohat yoshlarga hayotda o‘z yo‘lini topishga yordam beradigan va katta sarmoya talab qilmaydigan voqelik. U yigit-qizlarga o‘zini namoyon etish, qaror qabul qilishni o‘rganish va haqiqiy yetakchi bo‘lish imkoniyatini beradi.
Yurtimizda o‘tkazilayotgan shukuhli bayramlar, ko‘ngilochar tadbirlar, musiqa festivallari xorijlik mehmonlarda yorqin taassurot qoldirayotgani shubhasiz. Bu ham sayyohlik imkoniyatlarimizni yana bir bor dunyoga namoyish etmoqda. Navqiron avlod vakillarining sayohat madaniyatini yuksaltirish ularning yurt manzillari, sayyohlik maskanlari haqida keng tushuncha va boy taassurotlarga ega bo‘lishiga xizmat qilayotir. Turizm xizmatlari sifatini yanada yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar esa yurtimizga keluvchi yosh sayyohlar soni ortishiga, tarmoq jozibadorligiga zamin yaratadi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri