Bugungi kunda mafkuraviy xavf-xatarlar allaqachon kibermakonga koʻchib oʻtgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan yoshlarimizda internetdan foydalanish madaniyatini yanada yuksaltirish, ular yolgʻon maʼlumotlar qurboniga aylanishi, dunyoqarashi salbiy gʻoyalar taʼsirida shakllanishini oldini olish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Farzandlarimizning maʼnaviy tarbiyasi va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot gʻoyalardan asrash har birimizning vazifamizga aylanishi shartligi taʼkidlandi.
Shu bois mutasaddilarga yoshlarning mafkuraviy xavfsizligini taʼminlash, ularni dardiga malham boʻlib, muammosini hal qilib, turli gʻoyaviy xurujlardan asrash, zararli axborotlardan himoya qilish ishlarini kuchaytirish topshirildi.
Ilm-fan va taʼlim yoʻnalishidagi foydali mahalliy internet resurslari reyestri shakllantirilib, ulardan bepul internet tarmogʻi orqali foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
Nuroniylarimiz ishtirokida “Ajdodlar merosiga munosib avlod” gʻoyasi ostida yoshlarni birlashtirish boʻyicha yangi tizim joriy etiladi. Shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik hissini oshirish maqsadida “Men buyuk el farzandiman” umummilliy harakatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha yoshlarning tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda badiiy adabiyotning roli juda katta ekani taʼkidlandi. Bundan qirq yil oldin ustoz shoir Erkin Vohidov tashkil etgan “Yoshlik” jurnali faoliyatini kuchaytirib, uni yana yoshlarimiz sevib oʻqiydigan jurnalga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.