Yuqori sifatni ta’minlash – xalqaro nufuzga erishishning yagona yechimi

    Mamlakatimiz bugun barcha sohada chuqur islohotlar maydoniga aylangan. Bu jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar muhim o‘rin tutadi.

    Ilm-fan taraqqiyotining har qanday yutug‘i insoniyat mushkulini oson, muammolarini hal etishga xizmat qilishi kerak. Islohotlar natijasida ta’lim tizimining barcha bosqichini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar hal qiluvchi bosqichga kirdi.

    Taraqqiyot yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, zamon talabiga mos bilimlarni chuqur egallagan mutaxassislar malakasi bilan chambarchas bog‘liq. Yangi davr avlodini tarbiyalash, dunyoqarashini kengaytirish oliy ta’lim muassasalari zimmasidagi muhim masaladir.

    Yetuk malakali kadrlar yetishtirish borasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida muayyan ishlar bajarildi. Jumladan, o‘quv-ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish uchun mahalliy hamda xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatildi.

    Bugun filialda 2 ta fakultet, 10 ta kafedra, 16 ta bo‘lim va sektor, 10 ta markaz faoliyat yurityapti. O‘nta ilmiy va startap loyiha doirasida tadqiqot olib borilmoqda. Jumladan, “Nutq signallari asosida ovoz va matnni tanib olish, qayta ishlash orqali stenogrammalarni shakllantiruvchi “Sound and text transcript” intellektual dasturiy mahsulotini ishlab chiqish” mavzusida davlat granti loyihasi bajarilmoqda. Loyihada asosiy e’tibor nutq va matnni qayta ishlash hamda tanib olishning yangi
    usul hamda algoritmlarini ishlab chiqishga qaratilgan.

    O‘tgan yili filial professor-o‘qituvchilarining 500 ga yaqin ilmiy maqola va tezislari mahalliy hamda xorijiy nufuzli nashrlar, Scopus, Web of Science bazalaridagi jurnallarda chop etildi, xalqaro anjumanlarda munosib baholandi. Bundan tashqari, 24 ta dastur uchun guvohnomalar olindi. Zamonaviy o‘quv adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida 29 darslik, 43 o‘quv qo‘llanma va 12 monografiya yaratilib, ta’lim jarayoniga joriy etildi. Ayni paytgacha ishlab chiqarish tashkilotlari va korxonalar bilan 20 ta xo‘jalik shartnomasi tuzilgan.

    Filial innovatsion strategiyaga ega

    Globallashgan va axborotlashgan jamiyatga o‘tish davrida dunyo har kuni yangi va murakkab muammolar bilan to‘qnash kelmoqda. Ularga munosib javob bera olish uchun bizdan istiqbolimizni belgilab beruvchi, aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan strategiyaga ega bo‘lish talab etilmoqda.

    Ushbu strategiya istiqbolli ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarining zamonaviy tendensiyalariga mos kelishi, filialning o‘quv-ilmiy faoliyatini kuchaytirish orqali global va hududiy muammolarni yechish uchun inson kapitalini rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishish, istiqbolda xalqaro e’tirofga hamda integratsiyalashuvimizga imkon berishi zarur. Ilmiy tadqiqotlarimiz va professor-o‘qituvchilar kompetensiyasini yangi bosqichga olib chiqish uchun xorijlik yetakchi olimlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha oldimizga yuksak maqsadlar qo‘ydik.

    Avvalo, ko‘p tilli masofaviy kurslar, ommaviy onlayn kurslar ochishni rejalashtiryapmiz. Xorijiy tillarda yangi fanlararo dasturlar yaratish, raqamli texnologiyalar sohasida jahon andazasidagi ilg‘or ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari ochish, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xalqaro darajadagi doktorlik maktabi yaratishni maqsad qilganmiz.

    Ijtimoiy-iqtisodiy va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mehnat bozori talabiga mos, keng tafakkurli, kasbiy va ijtimoiy harakatchan, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash har bir OTMning vazifasi. Shu ma’noda filialda O‘zMU an’analarini saqlagan holda, ilmiy kadrlar tayyorlash, fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borish, davlat va nodavlat tashkilotlar uchun amaliy ishlanmalarni amalga oshirish yo‘lida izchil ishlar qilinyapti. Muassasada tadbirkorlik ekotizimi va madaniyati, biznes kompetensiyasi, istiqbolli texnologik bozorlarni shakllantirishga doir amaliy harakatlar boshlangan va davom etyapti.

    Bu borada fan to‘garaklari va markazlar talabalar uchun yangidan yangi bilim eshiklarini ochayotir. Ayni paytda 500 dan ortiq talaba o‘z vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda. Ayniqsa, inkubatsiya va akseleratsiya, robototexnika va radioelektronika markazlari ko‘plab talabalarning qo‘shimcha kasb-hunar o‘rganishi, ishlab pul topishiga xizmat qilyapti. Xususan, 2021 yili ochilgan inkubatsiya va akseleratsiya markazi ko‘plab talabalarga imkoniyat eshiklarini ochdi.


    Ilm orqali ta’lim berish o‘zini oqlaydi

    Inson kapitali sifatini oshirish yo‘nalishi bo‘yicha ham oldimizga bir qancha maqsad qo‘yganmiz. Ulardan biri 2026 yilgacha xorijiy ilmiy-pedagogik kadrlar, jumladan, chet el universitetlarida PhD ilmiy darajasi olgan o‘zbekistonlik olimlar ulushini umumiy ilmiy-pedagogik kadrlar soniga nisbatan 10,2 foiz oshirishdir. Shuningdek, nufuzli reyting tashkilotlarining ilg‘or 500 taligiga kiritilgan yetakchi universitetlar va biznes kompaniyalari xodimlarini filialdagi rahbarlik lavozimlariga jalb qilish, istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratish ko‘zda tutilgan.

    Filialdagi ta’lim sifatini dunyo standarti darajasiga olib chiqish, avvalo, ilmiy-pedagogik kadrlar saviyasi, tajribasi, eng dolzarb ilmiy yo‘nalishlardagi tadqiqotlari natijasi bilan belgilanadi. Zero, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSH kabi mamlakatlar universitetlarida “Ilm orqali ta’lim berish” tajribasi o‘zini oqladi. Bu borada ilmiy-pedagogik kadrlarning akademik mobilligini oshirish, o‘quv jarayoniga xorij tajribasini tatbiq qilish, albatta, natija berishini mazkur davlatlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

    Filialning raqobatbardoshligi biz tayyorlagan mutaxassislarning mehnat bozoridagi ahamiyati va zarurati bilan belgilanadi. Shunday ekan, ish beruvchilar, xususan, xorijlik ish beruvchilar bilan hamkorlikni rivojlantirish zarur. Buning uchun 2022-2026 yillarda ular bilan faol va tig‘iz ishlash imkonini beruvchi tizim hamda mexanizmlar yaratiladi. Ish beruvchilar bilan hamkorlikning majburiy shartlaridan biri har bir tomonning aniq manzilga ega bo‘lishi, o‘ziga xos jihat va talablaridir. Bunda asosiy e’tibor bitiruvchilarni nafaqat mamlakatimiz, balki chet elda ham ishga joylashtirishga qaratiladi. Ushbu sa’y-harakat filialning sohadagi raqobatbardoshligini ta’minlashda yana bir salmoqli qadam bo‘ladi.

    Ta’lim sohasidagi istiqbolli vazifalar o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi ishlar inson resurslarini rivojlantirishga bog‘liq bo‘lib, ilm-fan, innovatsiyalar va ularni hayotga tatbiq qilish yurtimiz kelajagini belgilab beradi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali ham kelgusida yurtimiz taraqqiyoti uchun ta’limning innovatsion yo‘lini tanlab, yurtimiz va xorijning ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish orqali yetuk, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashni maqsad qilgan.

    Olim TO‘RAQULOV,
    pedagogika fanlari doktori, professor

    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 82-sonida (2024-yil 30-aprel) chop etilgan.