Bugungi kunda ta'lim sohasini tubdan takomillashtirish va bir necha xorijiy tillarda erkin muloqotga kirisha oladigan jamiyatni shakllantirish davr talabiga aylandi. Zero, bu haqda davlatimiz rahbari o'tgan yili 6 may kuni chet tillarni o'qitish tizimini takomillashtirish yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida “Mamlakatimizda xorijiy tillarni o'rgatish bo'yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo'ladigan yangi tizimni yo'lga qo'yish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o'quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat'iy talab har bir ta'lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”, deya ta'kidlagandi.

Hozir nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda chet tillarni o'rganishga qiziqish kundan-kunga ortmoqda. Jahon hamjamiyati integratsiya jarayoniga, dunyo bozoriga dadil va faol kirib borilayotgan pallada xorijiy til bo'yicha bilimlarga ehtiyoj ortishi tabiiy. SHu bois, bugungi kunda soha mutaxassisining har tomonlama etukligi ona tili qatorida bir necha chet tillarni bilishi bilan belgilanmoqda. Prezidentimizning 2021 - yil 19 - maydagi “O'zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi faoliyati yo'lga qo'yildi. Vazirlar Mahkamasining shu yil 19 - yanvardagi “Xorijiy tillarni o'rganishni takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risidagi”gi qarori qabul qilinishi agentlik faoliyatini yanada yangi bosqichga ko'tarishga zamin yaratdi.

Nimalar o'zgaradi?

Mazkur qarorda bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarishga zamin yaratadigan ko'plab maqsadlar o'z ifodasini topgan. Masalan, avvallari chet tillari yo'nalishida oliy ta'limga qabul jarayoni ham eskicha tartibda o'tkazilar edi. 2022/2023 - o'quv yili qabulidan boshlab xorijiy tillar bo'yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga  hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo'qon davlat pedagogika va Nukus davlat pedagogika institutlarining xorijiy tillar bo'yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan tinglab tushunish, o'qish, yozish hamda gapirish kompetentsiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy, ya'ni ijodiy imtihon o'tkazilishi belgilandi.

Buning zamirida yoshlarni oliy ta'limga qadar va oliy ta'limni tugatgach, ma'lum bir chet tilini biladigan kadr sifatida tayyorlash va ta'lim tizimida chet tillarni bosqichma-bosqich ommalashtirish maqsadi turibdi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi “Oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan belgilangan Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to'g'risidagi sertifikat yoki xalqaro tan olingan sertifikatning tegishli darajalariga ega bo'lgan abiturientlarga o'qishga kirish sinovlarida berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi. Chet tili fanidan kasbiy kirish imtihonlari Davlat test markazi tomonidan o'tkaziladi.

Qarorda Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda uzluksiz ta'lim tizimida chet tilini o'qitishning o'quvmetodik majmualarini o'quvchilarning asosiy til ko'nikmalarini, ya'ni tinglab tushunish, o'qish, yozish va gapirish ko'nikmalarini shakllantirish nuqtai nazaridan to'liq qayta ko'rib chiqishi belgilandi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2022/2023 - o'quv yilidan boshlab umumiy o'rta ta'lim muassasalari uchun zamonaviy til o'rgatish metodikalari asosida ishlab chiqilgan chet tili darsliklarini to'liq chop etish va ta'lim tashkilotlariga etkazish choralari ko'riladi. Yangi darsliklardan foydalanish metodikasi bo'yicha o'qituvchilar va metodistlar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Agentlik tashkil etilganidan keyingi o'tgan vaqt davomida 12 mingga yaqin chet tili o'qituvchisi va mutaxassislarning fikri, xorijiy tajriba o'rganildi. Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda uzluksiz ta'lim tizimida chet tilini o'qitishning o'quv-metodik majmualari qayta ko'rib chiqilishi belgilandi.

2022 - yil 1 - martdan boshlab xorijiy tillar bo'yicha yo'nalishlarga qabulni to'rtta, ya'ni chet tili fani o'qituvchilarining tinglab tushunish, o'qish, yozish hamda gapirish ko'nikmasiga asosan tashkil etish ko'zda tutilmoqda. Bu loyihani pilot tariqasida oltita ta'lim muassasasida joriy qilishga kelishildi. Bu nima beradi? Bu til bilish sifatini oshiradi. Talaba universitetga xorijiy tilni bilgan holda keladi. O'qituvchilar ularga til o'rgatmaydi. Bundan buyog'iga oliy ta'lim muassasalarida psixologiya, pedagogika chuqur o'qitiladi, mantiqiy fikrlashni, metodikasini rivojlantirishga e'tibor qaratiladi. Bu, o'z navbatida, kelajakda o'qitish sifatining oshishiga xizmat qiladi. Ya'ni maktabga yoki boshqa ta'lim dargohlariga malakali, metodikasi rivojlangan, xorijiy standartlarga javob beradigan pedagoglar yuboriladi.

Qarorda shu paytgacha ko'plab muhokama va tushunmovchiliklarga sabab bo'lib kelayotgan yana bir jihatga — rus tili fani o'qituvchilari masalasiga oydinlik kiritildi. Ilgari ular na xorijiy til, na rus tili o'qituvchisi deya atalardi.

Ko'plab rus tili o'qituvchilarining taklifi o'rganildi. Qolaversa, Xalq ta'limi vazirligi, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasining takliflarini inobatga olgan holda, S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani o'qituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab ikki yil davomida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ustama to'lash tartibi 2022 - yil 1 - fevraldan boshlab joriy etildi.

Bu ham o'qituvchilarning o'z ustida qayta ishlashi, malakasini doimiy oshirib borishiga turtki beradi. Ochig'i, Toshkent shahri va viloyatlarda rus tili o'qitilishining sifati juda ham tushib ketgan. Mazkur qarordan keyin rus tilida dars o'tish sifati oshadi, rus tilini o'qitish metodikasi takomillashadi.

        Nodavlat ta'lim tashkilotlari faoliyati yanada rivojlantiriladi

Qarorda nodavlat ta'lim tashkilotlariga subsidiya ajratish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Yoshlar orasida xorijiy tilni o'rganishda samarali natija ko'rsatayotgan nodavlat ta'lim tashkilotlari faoliyatini yanada rivojlantirish bo'yicha imkoniyatlar yaratildi. Pandemiya davrida nodavlat tashkilotlar moddiy jihatdan qiynalganini inobatga olib, qolaversa, ularni yanada qo'llabquvvatlab, yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Toshkent shahri va Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan NTTlarni ijara to'lovlar va soliqdan ozod qilish bo'yicha ham yangiliklar kiritildi.

Ayni paytda 10 ta xorijiy til bo'yicha yurtimizda tan olingan 35 xil sertifikat mavjud. 35 ta xorijiy sertifikatni tan olish, ularning haqqoniyligini aniqlash, qolaversa, strategiyasini tuzish, reytingini tayyorlash, amal qilish muddatiga e'tibor qaratish, o'tisho'tmasligini aniqlash maqsadida davlat xizmatchilarining yagona elektron bazasi shakllantirildi. Test rejimida ishga tushirildi. Mazkur bazaga yurtimiz bo'yicha barcha pedagoglarning erishgan natijalari, orttirgan bilimlari haqidagi ma'lumotlar, ularning xorijiy tilni o'zlashtirgani to'g'risidagi sertifikatlar kiritiladi. Mazkur elektron bazada har bir davlat xizmatchisining alohida kabineti bo'ladi. Kabinetda pedagog erishgan natijalar va kelgusida ko'zda tutilayotgan rejalar qayd etib boriladi. Bunday tartib avval bo'lmagan.  Biz viloyatlar statistikasidan kelib chiqib, qaysi viloyatga, qaysi tumanlar kesimida aniq yordam berish masalasini ko'rib chiqdik. Bu bazada yaqqol, shaffof ko'rinib turadi. Hokimlik va boshqa davlat tashkilotlariga  ham oson bo'ladi. Chunki bazadagi ma'lumot asosida tuman, mahalla kesimida reyting tuzish, uni mahallagacha tushib, pedagoglar malakasini oshirish, til o'rganishini yangi bosqichga olib chiqish mumkin bo'ladi.

Muxtasar aytganda, xorijiy til ta'limi sohasidagi islohotlar bugungi kunda o'zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan muhim ekani shubhasiz.  Soha mutaxassislari davlatimiz tomonidan til ta'limiga qaratilayotgan katta e'tibor va rag'batdan ruhlangan holda, asosiy ezgu maqsad — yurt kelajagi va ravnaqi uchun xizmat qiluvchi, dunyo bozorida raqobatbardosh, talab katta, bilimdon, har tomonlama etuk kadrlar tayyorlashga o'z hissalarini qo'shmog'i lozim.