Belgilanishicha, yurtimizda tuberkulyozdan kasallanish ko‘rsatkichini har 100 ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirish rejalashtirilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva shu yo‘nalishdagi amaliy ishlar va ulardan kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi:
"Bu sohaning isloh qilinishi natijasida so‘ngi 10 yil ichida qariyb 170 ming nafar inson hayoti saqlab qolindi, – deydi mutaxassis. – Davlat dasturlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi natijasida tuberkulyoz bilan kasallanish ko‘rsatkichini 2010-yilga nisbatan 43 foizga, o‘lim ko‘rsatkichini esa 84 foizga kamaytirishga erishildi. Davolash samaradorligi esa 91,2 foizga yetkazildi.
Oxirgi ikki yilda JSST tavsiyalari asosida ftiziatriya bo‘yicha barcha klinik ko‘rsatmalar yangilandi, jami 1530 nafar mutaxassis qayta tayyorgarlikdan o‘tdi. Bundan tashqari, tuberkulyoz kasalligi tarqalishining oldini olish uchun har yili yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 97 foizi emlanmoqda.
Hozir tuberkulyozni aniqlash bo‘yicha tuman, shahar, tumanlararo, viloyat va markaziy laboratoriyalardan iborat 5 bosqichli zamonaviy tizim ishlab turibdi.
Xastalik profilaktikasi, diagnostikasi va muolajasi uchun zarur barcha dori vositalari davlat tomonidan bepul ta’minlanmoqda va bunga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi yildan yil oshirilyapti.
Yana bir muhim yangilik: avvallari yurtimizda tuberkulyozni aniqlash uchun 3-4 oylab vaqt talab etilardi. Hozirgi kunda esa bu kasallikka genno-molekular usuli orqali bor-yo‘g‘i 70 daqiqa ichida aniq tashxis qo‘yilmoqda.
Ayni paytda yurtimiz bo‘yicha 97 ta PZR laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatmoqda, ulardan 40 tasi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida joylashgan.
Ilg‘or operatsiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qo‘llanilishi natijasida tuberkulyozning turg‘un shakli bilan kasallangan bemorlarni davolash muddati ham 2 yildan 6-9 oyga qisqardi.