Yuz nafar yosh universitet hisobidan kirish imtihonlariga bepul tayyorlanyapti

    Oliy taʼlim muassasamizda mahallalardagi yoshlar uchun kasb-hunar oʻrganish, kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, oliy oʻquv yurtlari kirish imtihonlariga tayyorgarlik kurslari tashkil qilingan.

    Shu yil 19-yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan edi. Jumladan, “Bir ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, taniqli ziyolilar biriktirildi.

    Davlatimiz rahbarining yaqinda eʼlon qilingan “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida oliy taʼlim muassasalarining yaqin hududdagi mahallalar yoshlari bilan bilan ishlashiga doir muhim vazifalar belgilandi.

    Bu saʼy-harakatlarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ham faol qatnashishga intilyapti. Davlatimiz rahbarining avvalgi topshiriqlariga binoan, poytaxtimizning Chilonzor, Yakkasaroy, Yashnobod tumanlari, Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi mahallalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik.

    Oliy taʼlim muassasamizda mahallalardagi yoshlar uchun kasb-hunar oʻrganish, kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, oliy oʻquv yurtlari kirish imtihonlariga tayyorgarlik kurslari tashkil qilingan. Talabalar va mahallalardagi yoshlar oʻrtasida sport musobaqalari, musiqa va kitobxonlik tadbirlarini oʻtkazilyapti. Universitetning oʻzida talabalar uchun tashkil etilgan 180 ta toʻgarakdan 36 tasi kasb-hunar, 32 tasi sport, 18 tasi kitobxonlik yoʻnalishida faoliyat olib boradi. Yaqindan boshlab ushbu toʻgaraklarga mahalla yoshlari ham qatnayapti. Ular uchun universitet tomonidan psixologlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillar boʻyicha mutaxassislar jalb qilinib, haftaning chorshanba va juma kunlari yoshlarga tegishli yoʻnalishlar boʻyicha bilim berilmoqda.

    Chilonzor tumanidagi mahalla yoshlari bilan birgalikda universitet hududida joylashgan sport maydonida haftada uch marta futbol, voleybol, basketbol, stol tennis va boshqa sport musobaqalari tashkil qilinyapti. Oʻquv muassasamizning “Talabalar teatr studiyalari” mahallalar va maktablarga borib, maʼnaviy-maʼrifiy ruhdagi teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari namoyish etmoqda. Oʻtgan oyning oʻzida universitet hududida tashkil etilgan maʼrifiy tadbirlar va ijodiy kechalarda yaqin-atrofdagi mahallalardan ikki mingdan ziyod yosh ishtirok etdi.

    Oʻgʻli-qizlarning oliy taʼlim olishga qiziqishi va intilishini oshirish muhim masala. Chunki avlodlar almashinuvi kadrlar tayyorlash jarayonining uzluksizligini talab etadi. Shu bois poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi koʻplab umumtaʼlim maktablari bitiruvchilari uchun universitetda “Ochiq eshiklar” kunlari oʻtkazilib, muassasamizdagi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar haqida maʼlumot berilyapti. Shu bilan cheklanmay, oliy taʼlim muassasasida oʻqish istagini bildirgan yoshlar tayyorlov kurslarida oʻqitilmoqda. Jumladan, Chilonzor tumanidagi mahallalarda yashovchi, kam taʼminlangan, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlardan 100 nafari universitetning byudjetdan tashqari mablagʻi hisobidan kirish imtihonlariga bepul tayyorlanyapti.

    Davlatimiz rahbarining mazkur farmonida talabalar yotoqxonalarida, madaniyat markazlarida va mahalla fuqarolar yigʻinlarida yoshlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar tashkil etish, ochiq davra suhbatlari va madaniy tadbirlar oʻtkazish amaliyoti joriy qilinishi haqida soʻz borgan. Universitet jamoasi bu yoʻnalishda ham ishlarni samarali yoʻlga qoʻyishga intilyapti. Xususan, oliy taʼlim muassasamizning ijarada yashovchi talabalari va ular istiqomat qilayotgan mahallalar bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Masalan universitetning Yakkasaroy tumanida joylashgan fizika va matematika, tarix, texnologik taʼlim va musiqa madaniyati fakultetlarining ijarada turuvchi talabalari istiqomat qilayotgan mahallalaridagi faollar va nuroniylar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etilyapti. Ushbu hududda universitetning toʻrtta talabalar turar joy binosi mavjud boʻlib, unda yashayotgan yigit-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va yashash sharoitini yana-da yaxshilash boʻyicha mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanilyapti.

    Soʻnggi yillarda yurtimizda yoshlarning kelajagiga, ilm-hunar oʻrganishiga davlat rahbari darajasida eʼtibor qaratilyapti. Bu gʻamxoʻrlik koʻlami yildan yilga kengayib, farzandlarimiz uchun zarur barcha imkoniyatlar yaratilyapti. Ulardan oqilona foydalanishga undash, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga koʻmaklashishda universitetimiz jamoasi qoʻlni qoʻlga berib mehnat qiladi.

    Alisher UMAROV,

    Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori