U koʻplab iste’dodlarga ega boʻlgan inson edi: Hindiston va Afgʻonistonni zabt etgan buyuk sarkarda va davlat arbobi, lirik asarini sharq she’riyatining yorqin asarlari bilan taqqoslash mumkin boʻlgan buyuk shoir, buyuk yozuvchi, geograf va tarixchi, biolog. Uning qalbida ajdodlari va zamondoshlarining ijodi alohida oʻrin egallagan.
Javaharlal Neru, Mahatma Gandi kabi hind davlat arboblari va olimlari Bobur (1483-1530) hamda Boburiylar nafaqat Hindiston uchun, balki taraqqiy etgan dunyo tarixida ham katta ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etdilar.
Bobur hamisha el-yurt, xalq uchun mas’uliyatni his etib kelgan. U oʻz oldiga Temuriylar davlatini barpo etish, Samarqand atrofida markazlashgan imperiya tuzish, shu tariqa Sohibqironning orzusini roʻyobga chiqarish vazifasini qoʻydi. Ammo uning istaklari amalga oshmadi. Taqdir irodasi bilan Qobulda taxtga chiqdi, Hindistonda buyuk Boburiylar imperiyasiga asos soldi.
Temuriylar sulolasining buyuk vakillari hisoblanmish boburiylar tarixi hind xalqlari tarixida oʻzining munosib oʻrniga ega. G‘arbdagi boburshunos olimlardan biri ingliz olimi Valdemar Xansen oʻzining 1986 yilda Dehlida chop etilgan “Tovus toj yoki moʻgʻullar saltanati qismati” kitobida boburiylar sulolasining Hindistondagi 332 yillik faoliyatiga yuksak baho beradi: “Hindiston va uning 8 ming yillik tarixi bamisoli bir tovus boʻlsa, oʻsha koʻp ming yillik tarixdagi boburiylar sulolasining 332 yillik hukmronlik davri ana shu tovusning gultojisidir”.
Hindistonda davlatchilik siyosatini mustahkamlash, mayda-mayda feodal, rojaliklarga bo‘linib ketgan yurtni yaxlit davlatga aylantirish, o‘lka viloyatlarini markaziy saltanatga birlashtirish kabi maqsadlarda Bobur Mirzo Hind zamini sari harbiy yurishlarini amalga oshirdi.
1525-yilda Bobur Rano Sango bilan ittifoq tuzib, Shimoliy Hindistonni egallash maqsadida Ibrohim Lo’diyga qarshi jangga kirdi.1525-yil kech kuzda Bobur Panjobni bo‘ysundirdi, 1526-yilda Panipat qishlog‘i yaqinidagi birinchi jangda Boburshoh qo‘shini Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning ukasi Mahmud Lo‘diy qo‘shini ustidan g‘alaba qozonib, Bengal shohi Nusratshoh bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatdi. 1526-yil apreldagi Panipat jangida Bobur asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming kishilik qo‘shinini o’zining 12 minglik askari bilan tor-mor qiladi hamda Dehlini egallaydi. 1527-yil martda Bobur Sikri yaqinidagi jangda rajputlar sardori Rano Sango qo‘shinini tor-mor etib, butun Shimoliy Hindiston bo‘ysundurdi.
Zahiriddin Bobur Hindistonda Boburiylar imeriyasiga asos solish bilan birga, pochta-aloqa sohasiga ham jiddiy o‘zgartirishlar kiritdi, vaqt birligiga yangilik joriy etdi, arxitekturada Movarounnahr me’morlik uslublarini qo‘lladi, milliy artilleriya, harbiy-dengiz flotiga asos soldi.
Buyuk Boburiylar imperiyasi davri nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki Hindistonni ulkan me’moriy yodgorliklar, noyob adabiy-tadqiqot ishlari bilan boyitdi. Hindistonning Buyuk Boburiylar sulolasiga qarashli me’moriy obyektlari – Fotihpur-Sikridagi Shoh saroy majmuasi, Agra, Dehli va Lahor qirgʻoqlari saroylari va bogʻlari kabilardir. Boburiylar tomonidan yaratilgan bogʻlarning eng koʻzga koʻringan namunalari – Kashmirdagi Shalimar (1620) va Lahor bogʻlari (1642), Anantag yaqinidagi Achabal bogʻi, Chashma Shahi Bagh (1632), Kashmirdagi Nishat Bagh bogʻi (1633), Lahor, Dehli, Agra qirlari ichidagi koʻplab bogʻlar; Qobuldagi maqbara va oʻnlab bogʻlar.
Bobur doimo bogʻdorchilik faoliyatiga alohida mehr berdi va Hindiston hamda Pokistonda hanuzgacha Samarqand nomi bilan mashhur boʻlgan uzumning yangi navlarini oʻstirdi. Hozirgacha uning koʻplab bogʻlari “Boburi Anguri Xudo” – “Bobur uzum bogʻlari” deb nomlanadi.
Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonni qoʻlga kiritishi tufayli Hindistonda buyuk oʻzgarishlar sodir boʻldi, san’atda, me’morchilik va madaniyatning qator sohalarida ulkan oʻzgarishlar yuz berdi. Boburning tarixchi, geograf, etnograf, nasriy yozuvchi va shoir sifatidagi layoqati hozirgi kunda jahon sharqshunoslari tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Tarixchi, iste’dodli soʻz san’atkori, davlat arbobi va sarkarda Bobur vafotidan toʻrt asrdan koʻproq vaqt oʻtdi, ammo uning nomi boqiydir.
Hindiston boburiylardan boʻlgan Humoyun, Akbarshoh, Jahongirshoh, Shohjahon davrlarida, ayniqsa gullab-yashnadi, hududlari kengaydi. Xususan, Akbarshoh va uning nabirasi Shohjahon hind xalqining qalbidan chuqur joy oldilar.
Boburshohning yuragi ba’zan Vatanni – Andijonni qoʻmsab tursa ham, vaqti soati kelib boqiy dunyoga ketgunicha hayotining qolgan qismini Hindistonda bunyodkorlik, davlat va ma’muriy ishlarni odilona hal qilish bilan oʻtkazdi. Boburiylar butun dunyoga mashhur boʻlgan tarixiy obidalarni bunyod etdilarki, ular hozirda ham dunyoni lol qoldirib kelmoqda.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Bobur va boburiylar xalqimizning buyuk farzandlaridir. Ular oʻzlarining serqirra faoliyati va ijod durdonalari bilan jahon madaniyati tarixiga munosib hissa qoʻshdilar.
Rasulova Nodira Sardarovna
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
Harbiy-texnik instituti dotsenti, tarix fanlari nomzodi