Zamonaviy kadrlar uchun muhim imkoniyat

    Mamlakatimizda kechayotgan izchil islohotlar epkinida institutimizning xalqaro hamkorlik doirasidagi faoliyati keng quloch yoymoqda.

    Buxoro azaldan ilm-fan oʻchogʻi, buyuk olimlar, mutafakkirlar yurti sanaladi. Madaniy, diniy, etnik sivilizatsiyalarning betakror aralashuvi Buxoroni unutilmas taassurotlar goʻshasiga aylantirdi. Ayni damda koʻhna shaharning nufuzli oliy taʼlim muassasalari oʻzlarining ilmiy yutuqlari, olamshumul nazariyalari bilan mashhur.

    Bunga Buxoro muhandislik-texnologiya instituti yoshlari ham oʻz hissasini qoʻshmoqda. Ayniqsa, institutning taʼlim sifati, yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, bandlik va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida namunali oliy taʼlim muassasalaridan biri sanaladi.

    Institutimizda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha koʻplab salmoqli ishlar amalga oshirildi. Birgina oʻtgan yilning oʻzida 25 dan ziyod xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish boʻyicha shartnomalar imzolandi. Jumladan, Oʻzbekiston — Turkiya II taʼlim forumida institutimiz Turkiyaning 9 ta oliy taʼlim muassasasi, jumladan, Artvin Chorux, Istanbul texnika, Marmara, Ege, Burdur Mehmet Akif Ersoy universitetlari bilan hamkorlikni boshlab yubordi. Shu bilan birga, Isparta amaliy bilimlar, Xajettepe, Yalova universitetlari oʻrtasida ham qoʻshma fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar boʻyicha hamkorlik bitimlari imzolandi.

    Xitoyning Yangchou politexnika instituti, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Novomichurinsk katalizator zavodi (NKZ) oʻrtasidagi hamkorliklar ham shular jumlasidan.

    Ayni paytda Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti bilan tuzilgan shartnomaga asosan, talaba almashinuvi va professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish kurslarini yoʻlga qoʻyish, ilmiy metodik konferensiya, forum, seminarlar, shuningdek, stajirovka dasturlarini oʻtkazish boʻyicha hamkorlik doirasidagi ishlarga start berildi. Novomichurinsk katalizator zavodi bilan hamkorligimiz natijasida esa endi talabalarning tadqiqot ishi himoyasida ikki tomon ham mutaxassis sifatida qatnashishi mumkin.

    Madaniyatlar, anʼanalar, mentalitet va qadriyatlarning oʻxshashligi bois, mamlakatimiz va Xitoyni uzviy tarixiy rishtalar bogʻlab turadi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar xalqlar oʻrtasidagi taʼlim boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

    Joriy yilning yanvar oyida Pekin shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston — Xitoy taʼlim forumi doirasida mamlakatlar oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ikki tomonlama 70 ta hujjat imzolandi, beshta oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Qoʻshma taʼlim dasturi asosida 300 dan ziyod talaba Xitoyning ilgʻor universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, 100 dan ortiq talabamiz uchun grant dasturlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Forumda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Xitoyning 6 ta oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik oʻrnatildi. Xususan, Loyang Normal universiteti bilan memorandum imzolangan boʻlib, uning asosida ikki muassasa oʻrtasida bakalavrlar “2+2” hamda magistrlar “1+1” qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu dastur boʻyicha 2024/2025 oʻquv yilida jami 30 nafar bakalavr hamda 10 nafar magistrni energetika yoʻnalishi boʻyicha oʻqitish ishlari tashkil etiladi. Sin Tzyan taʼlim muassasasi bilan oliy taʼlim muassasamiz bazasida Kimyoviy va oziq-ovqat mahsulotlari sinovi laboratoriyasi tashkil etilishi koʻzda tutildi.

    Bundan tashqari, Tyan Tzin Sino — Germaniya universiteti bilan ham kelishuvlar imzolandi. Institutimiz bazasida “Energoaudit” laboratoriyasi ham tashkil etiladi. Mazkur universitet tomonidan kerakli zamonaviy laboratoriya qurilmalari bilan taʼminlash rejalashtirilmoqda.

    Yanchjou politexnika instituti bilan qoʻshma taʼlim dasturini amalga oshirish uchun avtomatlashtirish, elektrotexnika, robototexnika hamda qayta tiklanuvchi energiyalarni yaratish sohalarini oʻzida mujassamlashtirgan fakultetni tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Yana bir maʼlumot: Xitoy Xalq Respublikasining Loyang shahrida joylashgan “Dayang” kompaniyasi bilan institut bazasida elektroskuterlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha dastlabki muzokaralar olib borildi. Bu boʻyicha shartnoma imzolash rejalashtirildi.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mamlakatimizda kechayotgan izchil islohotlar epkinida institutimizning xalqaro hamkorlik doirasidagi faoliyati keng quloch yoymoqda. Bu esa nafaqat talabalar, balki biz — pedagoglarni ham bilim doiramizni yanada kengaytirish, hamjihatlikda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va uni amalga oshirish imkonini beradi.

    Sadoqat SIDDIQOVA,

    Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori

    pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori