Zamonaviy sanoat taraqqiyoti misga boʻlgan talabni oshirmoqda

    Sanoat 25 Iyul 2023 1660

    Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va importni keskin qisqartirish maqsadida yangi turdagi togʻ-metallurgiya mashinalari, uskunalari va ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi Mashinasozlik zavodini qurish boʻyicha hisob-kitoblar tayyorlanmokda.

    Shu kunlarda poytaxtimiz yana bir xalqaro tadbir — togʻ-kon va metallurgiya sanoatini rivojlantirishga bagʻishlangan konferensiyaga tayyorgarlik koʻrmoqda. Mazkur nufuzli anjumanda dunyoning yetakchi geologiya, konchilik va mis ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari, sohada ilmiy izlanish olib borayotgan olimlar, fan arboblari ishtirok etishi kutilmoqda.

    Konferensiya doirasida respublikamizda togʻ-kon va geologiya sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, rivojlanish tendensiyalari, global qiymat zanjiriga bogʻlanish boʻyicha qilinayotgan ishlarni muhokama qilish, sohaga istiqbolli investorlarni jalb qilish mexanizmlarini koʻpaytirish, kon-metallurgiya hamda unga bogʻliq sanoat tarmoqlari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish nazarda tutilgan. Canoatning muhim, taʼbir joiz boʻlsa, asosiy va istiqbolli tarmogʻiga doir xalqaro anjumanning Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgani bejiz emas. Binobarin, soʻnggi yillarda mamlakatimizda mis qazib olish va undan mahsulot ishlab chiqarishga katta eʼtibor berilayapti. Dunyoda esa mis qazib olish sanoati va unga aloqador tarmoqlarga iqtisodiyotning haqiqiy drayverlari sifatida qaraladi.

    Mis – yumshoq, choʻziluvchan, bolgʻalanuvchan qizgʻish tusli metall hisoblanadi. Uning aynan ana shu kabi xususiyatlari tufayli bugun dunyo iqtisodiyotida qadri ortib bormoqda. Mutaxassislar unga kelajak mahsuloti, deya baho berishadi. Chunki yaqin kelajakda aynan mis bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarish tarmoqlari jadal rivojlanadi va bu jarayonga allaqachon kirishilgan.

    Dunyoda elektromobillar, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya sohalari rivojlanishi evaziga 2030-yilga borib misga boʻlgan talab 40 foizga oshishi kutilmoqda. Quvonarlisi, bu borada yurtimiz katta zaxiraga ega. Zaminimizda istiqbolli konlar mavjud. Jumladan, kombinatimizning mis resurslari 45 million tonnani tashkil etishi ushbu yoʻnalishda ulkan imkoniyat mavjudligidan dalolatdir. Ulkan zaxirani oʻzlashtirish, ulardan qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish borasidagi saʼy-harakatlar esa yaqin istiqbol haqida tasavvur qilishga imkon yaratadi.

    Maʼlumki, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash va yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangan. Davlat dasturiga muvofiq, mis sanoati klasterini tashkil etish orqali mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 barobar koʻpaytirilib, 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Ayni paytda bu boradagi ishlarga jiddiy kirishilgan. Yaʼni, Kanadaning “HATCH” konsalting kompaniyasi bilan birgalikda Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasi, 2022–2026-yillarda kon-metallurgiya mashinalari, texnikalari va togʻ-kon sanoatida oʻsib boradigan ehtiyojlar uchun uskunalarning yangi turlarini hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni tashkil etish dasturi tayyorlandi.

    Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasida respublikada ishlab chiqariladigan mis mahsulotlari roʻyxatini shakllantirish maqsadida tashqi bozor talablari hamda mis ishlab chiqarish salohiyatini maksimal oshirish imkoniyatlari, raqobat ustunliklari oʻrganildi. Ushbu keng koʻlamli vazifalarni sifatli amalga oshirish uchun respublika ishchi guruhi tomonidan Chili va Braziliyadagi mis klasterlari tajribasi, eng ilgʻor metallurgiya kombinatlarining texnologiya va uskunalari chuqur oʻrganildi.

    Masalan, Chilining “Codelco” kompaniyasi fabrikalari va “Chukikamata” ochiq va shaxta usulida yiliga 18 million tonna ruda qazib olinadigan kon tajribasini “Yoshlik-2”, “Miskon” va boshqa konlarni oʻzlashtirishda qoʻllashni belgilab oldik.

    “BHP” kompaniyasining (Avstraliya) “Spensa” koni rudasining tarkibi va geologiyasi “Yoshlik” koni tavsifiga toʻgʻri kelishi sababli, 1 ta liniyadan iborat boʻlgan va yiliga 25 million tonna ruda qayta ishlaydigan rudani boyitish texnologiyasi oʻrganilib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining kelajakda quriladigan 4-misni boyitish fabrikasini loyihalashda 6 ta liniyani oʻrnatish nazarda tutilmoqda.

    Mamlakatimizda mis sanoati klasterini rivojlantirish holatini ayrim raqamlarda koʻrsatish mumkin. Misol uchun, 2018-yilda 22,4 ming tonna mis qayta ishlangan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 95 ming tonnani tashkil etadi.

    Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ham yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, dastlabki qiymati 70 million dollarni tashkil etuvchi elektroliz usulida oʻta yupqa mis folgasini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish orqali 2025-yilga kelib yiliga 5 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Mazkur mahsulotga jahon bozorida talab kun sayin oshib bormoqda.

    Elektromobillar sonining oʻsishini hisobga olgan holda, kombinatda elektrmotorlarda ishlatiladigan toʻgʻri burchakli sim ishlab chiqarish loyihasi ham boshlandi. Loyihaning birinchi bosqichida ishlab chiqarish quvvati 6 ming tonnani tashkil etadi. Kelgusida bu koʻrsatkich 12 ming tonnaga qadar oshirilib, asosiy qismi eksport qilinadi.

    Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va importni keskin qisqartirish maqsadida yangi turdagi togʻ-metallurgiya mashinalari, uskunalari va ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi Mashinasozlik zavodini qurish boʻyicha hisob-kitoblar tayyorlanmokda. Bu zavodning prognoz qiymati 900 million dollar boʻlib, 2027-yilda ishga tushiriladi. Unda 35 turdagi yangi jihoz va tayyor uskunalar ishlab chiqariladi hamda 2 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Albatta, ushbu keng koʻlamli vazifalarni amalga oshirish yangi barpo etiladigan korxonalarda zamonaviy texnologiyalarda ishlay oladigan muhandis va texnik xodimlarni tayyorlash bilan birga olib borilmoqda.

    Bunda asosiy eʼtibor kon-metallurgiya yoʻnalishlari boʻyicha zamonaviy va energiya samarador texnologiya va uskunalarni oʻrganishga qaratilmoqda. Shuningdek, taʼlim sifatini oshirish uchun Milliy tadqiqodlar texnologik universiteti “MISiS”ning Olmaliq filiali oʻquv jarayoniga yil davomida 8–10 nafar xorijiy professor va olimlar jalb qilinmoqda. Talabalarning kombinat korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashi va yosh kadr bilan doimiy ravishda ishlash, ularning bilim va malakasini uzluksiz oshirib borishni taʼminlaydigan “Ustoz-shogird” tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

    Hozirgi kunda zamonaviy texnologiyalarda ishlay oladigan, ularni boshqarish qobiliyatiga ega muhandislar malakasini oshirish boʻyicha kombinat qoshida Muhandislik maktabi tashkil qilinmoqda. Maktab faoliyatini Germaniyaning “Aurubis” AJ trening markazi namunasida tashkillashtirish rejalashtirilgan.

    Bularning barchasi davlatimizda nafaqat mis, balki yuqori qoʻshimcha qiymatga ega turli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish orqali koʻproq foyda olish, tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirish imkonini berish bilan birga, mis sanoati klasterida xususiy tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishga keng yoʻl ochishi bilan ahamiyatlidir.

    Abdulla XURSANOV,

    “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ

    boshqaruvi raisi