Rivojlanishning eng qisqa yo'li

    Sanoat 9 Oktabr 2023 1087

     “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisining raqamlashtirish bo'yicha o'ribosari Abdulla AZIZOV bilan suhbatimiz iqtisodiyot tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni joriy etish zarurati va oldinda turgan vazifalar mohiyati haqidagi fikrlar bilan boshlandi.

    Raqamli transformatsiya yangi innovatsion biznes modellarini yo'lga qo'yish, ishbilarmonlik jarayonida qo'llaniladigan qurilmalar, ijtimoiy media, mobil`, bulut, tahlil va buyumlar interneti kabi texnologiyalar vositasida operatsiyalarni ma'qbullashtirish va mijozlar uchun qiymat hamda tajribani oshirish orqali faoliyat samaradorligini takomillashtirishga xizmat qiladi.

    Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, “Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo'lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.

    “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisining raqamlashtirish bo'yicha o'ribosari Abdulla AZIZOV bilan suhbatimiz iqtisodiyot tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni joriy etish zarurati va oldinda turgan vazifalar mohiyati haqidagi fikrlar bilan boshlandi.

    Ma'lumki, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o'sish sur'atlarini ta'minlash orqali kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni — 1,6 baravar va 2030 yilga borib aholi jon boshiga to'g'ri keladigan daromadni 4 ming AQSH dollaridan oshirish hamda daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar qatoriga kirish uchun zamin yaratilmoqda, — deydi Abdulla Azizov. — Bu maqsadlarga raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirmasdan erishib bo'lmaydi. SHu bois mamlakatimizda 2026 yil oxiriga qadar uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirish, bunda dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 baravar, ularning eksportini esa 10 baravar o'sishini ta'minlash, shuningdek, iqtisodiyotning real sektorida hamda moliya va bank sohalarida ishlab chiqarish va operatsion jarayonlarni raqamlashtirish darajasini 70 foizgacha etkazish belgilangan.

    Aslida raqamli sanoatlashtirish bugungi kunga kelib davlatlar iqtisodiyotining yuksalishidagi asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylangan. Rivojlangan mamlakatlarda sanoatni raqamlashtirish raqamli iqtisodiyotning 86,3 foizini tashkil qiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ulush qariyb 80 foizga etib qoldi.

    Raqamli transformatsiya — bu besh bosqichdan iborat, uzoq davom etadigan jarayon: pilot, mahalliy kengayish, replikatsiya, operatsiyalarni boshqarish, optimallashtirish va innovatsiyani o'ziga qamrab oladi. Ana shu jarayonni boshlagan barcha korxonalarning 70 foizdan ortig'i hozirda “mahalliy kengayish” va “replikatsiya” bosqichida, faqat 5 foiz korxonalargina “optimallashtirish va innovatsiya” bosqichiga etgan.

    Kombinatimizda joriy yilda rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish bo'yicha loyihaning joriy etilishi ma'danlarni qazib olish va qayta ishlash quvvatini sezilarli darajada oshiradi. Birinchi bosqichda yiliga 60 million tonna ruda ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'lgan kar`er, 60 million tonna misni qayta ishlovchi 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushiriladi, yangi metallurgiya majmuasini qurish ishlari boshlanadi. Natijada korxonaning umumiy quvvati mis katodi ishlab chiqarish 300 ming tonnaga etkaziladi, oltin ishlab chiqarish 2,2 barobar, kumush ishlab chiqarish 1,3 barobar oshadi.

    Bu vazifalarni o'z vaqtida bajarilishi raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan chambarchas yuog'liq. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ faoliyatini rivojlantirishning asosiy vazifalaridan biri — raqamli transformatsiya hisoblanadi.

    SHu maqsadda 2022 yilda boshqaruv raisining raqamlashtirish bo'yicha o'rinbosari (Chief Digital Officer) lavozimi joriy etildi va axborot texnologiyalari departamenti tashkil etildi. Mana shunga ham bir yarim yil bo'lib qoldi. Bu, albatta, qisqa fursat. Amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlaganda, qanday jihatlarga alohida e'tibor qaratildi?

    —Dastlab xalqaro kon-metallurgiya korxonalarining bu boradagi tajribasi o'rganildi, "Raqamli OKMK — 2030" kontseptsiyasi va rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi.

    OKMKda 2022—2023 yillarda raqamli transformatsiya doirasida “Siemens” va “Sar” (Germaniya), “Aveva” va “Datamine” (Buyuk Britaniya), “Schneider Electric” (Frantsiya), “LeverX” va “PlugandPlay” (AQSH), “Terralink” va “Polyus Digital” (Rossiya) kabi xalqaro kompaniyalar bilan 20 dan ortiq kelishuvlarga erishilib, quyidagi yo'nalishlarda 66 ta loyiha amalga oshirildi:

    kon-transport kompleksi — 8 ta;

    texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish — 18 ta;

    boshqaruv va biznes-jarayonlarni -—30 ta;

    infratuzilmasini takomillashtirish va axborot xavfsizligi — 10 ta.

    Jumladan, “SRK Consulting” kompaniyasi bilan birgalikda kombinat o'z faoliyatini boshlagan 1930 yildan to 2022 yilgacha shakllangan 2478 dona qog'oz hujjatlar elektron shaklga o'tkazildi. Natijada uzunligi 940 ming pogon metrdan ortiq bo'lgan burg'ilangan quduqlarning elektron ma'lumotlar bazasi yaratildi va jahon standartiga mos keladigan JORC kodeksiga muvofiq, mineral resurslar bo'yicha tegishli hisobot tuzildi.

    Angren kon boshqarmasining “Qizil olma” va “Razvedochnaya” konlarida avtomatlashtirilgan “Kon dispetcheri” tizimi ishga tushirildi. Tizim 130 dan ortiq kameralar, 835 radioqaydli yoritgichlar va 6 ta avtomatlashtirilgan tibbiy ko'rik uskunalari orqali smenadan oldingi ko'rik jarayonini elektron shaklga o'tkazish, 750 dan ortiq xodimlarning harakatini kuzatish imkonini beryapti. Natijada ishlab chiqarish samaradorligi 6 foizga oshirildi, er osti kon qazish jarayonida tezkor boshqaruvni tashkil etish va ishlar xavfsizligi ta'minlandi, konchilar va dispetcher o'rtasida uzluksiz aloqa tashkil etildi, shuningdek, yuqori qon bosimi bo'lgan ishchilar soni 10 foizdan 3 foizgacha kamaydi.

    Jizzax va SHerobod tsement zavodlarida tayyor mahsulotni yuklab jo'natishning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etildi. SHu tufayli tayyor mahsulotni yuklab jo'natish jarayoni to'liq elektron shaklga o'tkazilib, shaffoflik ta'minlandi va ish samaradorligini oshirishga hamda mijozlarga xizmat ko'rsatish vaqtini ikki baravarga qisqartirishga erishildi.

    Ma'lumotlarga qaraganda, rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish bo'yicha loyiha doirasining o'zida 500 dan ortiq yuqori samarali kon-transport texnikalari xarid qilingan, shu paytga qadar ular va mavjud vositalar yordamida 100 million kub metrdan ortiq kon yuzasini ochish ishlari bajarilgan. Bu yil ishlab chiqarish ob'ektlari: jumladan, tashqi suv, gaz va elektr ta'minoti inshootlari, ma'danni qayta ishlash va joyiga etkazib berish konveyer tizimi foydalanishga topshiriladi. SHu kabi keng ko'lamli ishlarni boshqarishda raqamli texgnologiyalar qanday o'rin tutadi? Ularni joriy etishning dastlabki loyihalari qanday samara keltiryapti?

    — Vaqt — yugurik. Uning har lahzasidan oqilona foydalanish kutilgandan yuqori samara keltiradi. Ayniqsa, raqamlashtirish sohasida Xususan, OKMKda transport monitoringi tizimining takomillashtirilishi hisobiga tizimga ulangan transport vositalarining umumiy soni 2150 taga etdi. YOqilg'i-moylash materiallarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimning tatbiq etilishi 2022-2023 yillarda 23,6 ming tonna dizel` yoqilg'isining tejalishishiga, avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchalarida xizmat ko'rsatish vaqtini ikki barobarga qisqarishiga imkoniyat yaratdi va shaffoflik ta'minlandi.

    Mavjud transport vositalarilardan samarali foydalanish uchun OKMK mutaxassislari tomonidan avtotransport va logistikani boshqarish tizimi ishlab chiqildi. Bu mamlakatimiz bo'yicha birinchi marotaba qog'oz shaklidagi yo'l varaqalaridan elektron shaklda foydalanishga o'tishga yo'l ochdi. Onlayn monitoringning yo'lga qo'yilishi tufayli avtotransportdan foydalanish samaradorligi 4 foizga oshdi, qog'oz hujjatlar almashinuvi 70 foizga kamaydi.

    1S:ERP asosida buxgalteriya hisobi va ma'lumotlar konsolidatsiyasi avtomatlashtirilgan tizimi foydalanishga topshirildi. Bu orqali buxgalteriya hisobi moliyaviy hisob-kitob operatsiyalari, tovar moddiy-boyliklar, asosiy vositalar harakati va boshqalar)ga doir 6 ta an'anaviy tajribadan voz kechilib, yagona elektron tizimning yuritishlishi hujjatlar bilan ishlash va hisobotlarni shakllantirish vaqti 50 foizga kamaydi, ma'lumotlarning ishonchliligi oshdi, davriy hisobotlarni tayyorlash vaqti 15 kungacha qisqardi.

    Bundan tashqari, 1S:ERP tizimida “Xarid va omborni boshqarish” modulini ishga tushirish orqali ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xomashyo, uskuna va ehtiyot qismlarga buyurtmalarni (yillik va qo'shimcha) shakllantirish jarayoni 25 foizga optimallashtirildi hamda omborlardagi tovar-moddiy boyliklar qoldiqlari 15 foizga qisqartirilishiga erishildi. Buyurtmalarni shakllantirish jarayoni to'liq elektron shaklga o'tkazilishi unga sarflanadigan vaqtni bir necha kundan bir necha daqiqada bajarilishiga olib keldi.

    Temir yo'l transportiga texnik xizmat ko'rsatish va ta'mirlash ishlarini elektron boshqaruv tizimi to'liq ishga tushirilib, RFID texnologiyasi asosida har bir temir yo'l transporti bosib o'tgan masofani aniq hisobga olish, avtomatik tarzda texnik ko'rik va ta'mirini rejalashtirish, ularni sifatli amalga oshirish tufayli xarajatlar yiliga 7 milliard so'mga qisqartirildi.

    “Directum RX” — elektron hujjat almashinuv tizimi joriy etilishi hisobiga korxonada ish yuritish jarayoni ma'qbullashdi. SHuningdek, ushbu tizimda hujjatlarning 200 dan ortiq elektron shablonlarining yaratilishi shartnomalar va texnik topshiriqlarni kelishish, yig'ilish bayonnomalarini yuritish va loyihalar ijrosini nazorat qilish uchun sharoit tug'dirdi. Bu orqali ijro intizomi 3 barobarga yaxshilandi, qog'oz hujjatlar almashinuvi 80 foizga kamaydi.

    YAgona identifikatsiya tizimi (unique ID) va qog'ozsiz ish yuritish (Paperless work) kontseptsiyasi doirasida kombinatning 36 mingdan ortiq xodimlari yangi namunadagi ID-kartalar bilan ta'minlandi. Ushbu kartalar OKMK ob'ektlariga kirish, ish vaqti tabelini tuzish, “elektron jurnallar” axborot tizimida topshiriqlarni berish, 50 dan ortiq oshxonalarda “E-Talon” qo'llashda, elektron yo'l varaqalarini rasmiylashtirishda, tibbiy ko'rikdan o'tishda xodim shaxsini tasdiqlash maqsadida foydalanilmoqda.

    Qog'ozli tibbiy kartalarni elektron shaklga o'tkazish, shaffoflikni ta'minlash va kombinatning 26000 dan ortiq xodimlarining kasbiy kasalliklarini tahlil qilish maqsadida OKMK poliklinikasi va dispanserida axborot tizimi ishga tushirildi, bu davriy tibbiy ko'riklar va muolajalarni onlayn monitoringi va hisobotlarni shakllantirish imkonini berdi.

    YUqoridagi loyihalarni amalga oshirish va biznes jarayonlarini optimallashtirish evaziga yiliga 2,8 milliondan ortiq qog'oz varag'i tejalmoqda. “Learning management system” dasturiy ta'minotini ishga tushirilishi tufayli OKMK xodimlarini asosiy ish joyidan ajralmagan holda, onlayn o'qitish yo'lga qo'yildi. Bu tizim orqali yiliga 10 mingdan ortiq xodim onlayn o'qitiladi va xarajatlarni 15 foizgacha qisqartirishga erishiladi.

    Siz hozir biznes jarayonlarini optimallashtirish evaziga yiliga 2,8 milliondan ortiq qog'oz varag'i tejalayotganini aytdingiz. Bu, o'z navbatida, turli xildagi hisobotlarni kamaytirish, ma'lumotlarni jamlash va qayta ishlash kabi jarayonlarda ham raqamli texnologiyalarga tayanishni taqozo etsa kerak.

    — SHunday. Ular bir-biri bilan uzviy bog'liq. SHuning uchun so'nggi yillarda hisobotlarni takomillashtirish va ma'lumotlarni konsolidatsiyalash yo'nalishi bo'yicha ham bir qator ishlar olib borildi. Hozirda OKMKda “katta ma'lumotlar” (Big Data)dan foydalangan holda, tahliliy ma'lumotlarni tayyorlashga asosiy e'tibor qaratilmoqda. BI tizimi ushbu yo'nalishda asosiy vosita hisoblanadi. Power BI axborot tizimi yordamida tezkor qaror qabul qilish uchun zarur tahliliy ma'lumotlar va dashbordlar joriy etilmoqda. U orqali ishlab chiqarish va korporativ axborot tizimlaridagi ma'lumotlar onlayn ravishda jamlanadi va qayta ishlanadi.

    Mis boyitish fabrikasida “Plant Information System” va elektroenergiya sifatini va iste'molini monitoring qilish (ASTUe) tizimlari tajribaviy tarzda ishga tushirildi. Texnologik jarayonlardagi ma'lumotlarni konsolidatsiyalash va vizualizatsiyalash, asosiy texnologik qurilmalarni onlayn nazorat (10 mingdan ortiq signallar yordamida) qilish hisobiga qarorlarni qabul qilish vaqti 2 barobarga qisqardi, uskunalarning samaradorligi 5 foizga oshdi va elektr energiyasi xarajatlarini 4 foizgacha kamaytirish imkoniyati paydo bo'ldi. Tajribaviy loyihalarning ijobiy natijasiga tayangan holda, ushbu tizimlarni boshqa ishlab chiqarish maydonlarida ham joriy etish bo'yicha qaror qabul qilindi.

    SHu bilan birga, Mis boyitish fabrikasida texnologik jarayonlarga suv etkazib berishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi tajribaviy sinovdan o'tkazildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, yiliga 1.9 million. kub metr suvni tejash mumkin bo'ladi.

    Mazkur korxonada sun'iy intellekt texnologiyasini joriy etish doirasida flotatsiya texnologiyasi xususiyatlarini o'rganish uchun vizual nazorat kameralari o'rnatildi. Bu texnologik jarayonlarni 2 foizga optimallashtirish hamda reagentlar sarfini 5 foizga kamaytirishga olib keldi. Bundan tashqari, 37 ta dozator nasoslari va 5 ta yangi reagent rezervuarlari sozlanib, ishga tushirildi.

    Joriy yilda Mis boyitish fabrikasining texnologik zanjiridagi asosiy qurilmalarini prediktiv diagnostika tizimi (uskunalarda avariya holatlarini erta aniqlash), Mis eritish zavodida elektroliz jarayonida qisqa tutashuvlarni oldini olish bo'yicha tajribaviy loyihalar ishga tushirildi.

    Hozirgi paytda OKMKda texnologik jarayonlarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish va rivojlantirish asosiy vazifalar qatorida turibdi. Ishlab chiqarish bo'linmalarida uskunalar faol ravishda modernizatsiya qilinmoqda. Zamonaviy nazorat o'lchov asboblari va avtomatika uskunalarini jihozlash, ularni korxona dispetcherlik tizimlariga ulash ustida ishlar davom etmoqda.

    Bir yarim yil ichida avtomatlashtirish va raqamlashtirish sohasida 66 ta loyihaning amalga oshirilishi oson ish emas. Bu, kadrlar salohiyati va ularning malakasiga ham borib taqaladi. Qolaversa, oldinda turgan ishlar ko'lami hali juda katta.

    — 2023 yil yakuniga qadar ikkita mis boyitish fabrikasidagi ushbu tizimlar modernizatsiya qilinadi, Oltin qazib olish va Mis boyitish korxonalarining yangi uchastkalariga ham ushbu texnologiyalar tatbiq etiladi. Ayni kezda havoning ifloslanishini monitoring qilish tizimini modernizatsiyasi yakuniga etkazilyapti, bu orqali atmosferaga gaz chiqindilarini chiqarilishini onlayn monitoring qilish imkoniyati kengayadi.

    Bugungi kunda OKMK mutaxassislari tomonidan laboratoriya ma'lumotlarini boshqarish tizimi ishlab chiqilmoqda. Uning vazifasi tahlil natijalarini 100 foiz ro'yxatdan o'tkazish, hisobotlarni to'liq elektron shaklda yo'lga qo'yish va onlayn tahlil qilishdan iborat. OKMK ob'ektlariga tashriflarni nazorat qilish uchun “E-Ruxsat”, nazorat-o'lchash asboblarini ta'mirlashga qabulini joriy etish — “ARM KIPiA”, “Maktabgacha ta'lim muassasalariga elektron navbat”, “elektron yo'llanmalar” va boshqa tizimlar ishga tushirildi.

    OKMK faoliyat samaradorligining oshishiga raqamlashtirishning asosiy tarkibiy qismlari — boshqaruv qarorlarining sifatli qabul qilinishiga qaratilgan ishonchli va tezkor ma'lumotlar olinishi, ishlab chiqarish tannarxini 2-3 foizga kamaytirish, daromadni 3-5 foizga oshirish va bir qator mul`tiplikativ natijalarga erishish uchun yagona ERP tizimi (Enterprise Resourse Planning — korxona resurslarini rejalashtirish), MES-tizimlari (Manufacturing Execution System — ishlab chiqarish jarayonini boshqarish), operativ boshqaruv uchun kon-transport kompleksi tizimlarini (ASU GTK) joriy etiladi. Qalmoqqir va YOshlik-I konlarida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini yo'lga qo'yish tufayli tog' jinsini tashish hajmi 10 foizgacha, kon-transportdan foydalanish samaradorligi 5 foizgacha oshadi va yoqilg'i sarfi 9 foizgacha kamayadi. Ayni paytda ushbu loyiha amalga oshirilmoqda, tizimning birinchi bosqichini ishga tushirish joriy yil dekabr` oyiga rejalashtirilgan.

    Bu kabi ishdarni amalga oshirishda kombinatning IT va avtomatlashtirish sohasidagi mutaxassislar faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda, jamoaviy ish yuritish muhim ahamiyat kasb etadi. 2025 yilning oxirigacha OKMKda biznes jarayonlarni IT echimlar bilan 98 foizgacha qamrab olish maqsad qilingan. Bunga erishish uchun OKMK nafaqat o'z tajribasiga tayanadi, balki xalqaro yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilishni davom ettiradi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    “YAngi O'zbekiston “ muxbiri