Maʼlum qilinishicha, nodavlat telekanallar vakillari bilan navbatdagi uchrashuvda soʻz erkinligi, milliy kontent va bolalar uchun sifatli media mahsulotlarni yaratish masalalarini muhokama qilingan.
Shu oʻrinda Prezidentimizning matbuot va soʻz erkinligi borasidagi pozitsiyalari juda qatʼiyligi, ochiqlik siyosatisiz taraqqiyotga erishish qiyinligi yana bir bor taʼkidlandi.
"Albatta, muammolar koʻp. Matbuot erkinligi yuzasidan reytinglarimizda oʻzgarish bor. Lekin biz bugun erkin matbuotni huquqiy maydonga olib chiqmas ekanmiz, muammolar sudlarda hal boʻlishiga erishmas ekanmiz, taraqqiyot oʻrniga xaos paydo boʻlishi, jurnalist yoki blogerman deb turli noqonuniy harakatlar, shantaj, firibgarlik holatlariga yoʻl qoʻyilishi natijasida jabr koʻrgan fuqarolar soni ortib ketishiga sababchi boʻlamiz. Afsuski, bunday holatlar boʻldi. Reyting tuzilishida shu kabi hodisalar ham taʼsir qildi, deb oʻylayman.
Rivojlanish hech qachon silliq boʻlmaydi. Oʻyin qoidasi aniq-ravshan va hamma uchun teng boʻlsagina, rivojlanish boʻladi. Soʻz erkinligi – bu barchaning huquqi. Matbuotning ham, unda aks ettirilayotgan shaxslarning ham. Shu muvozanatni ushlash muhim. Demak, ortga yoʻl yoʻq – bu aniq. Faqat oldinga. Oldinga – huquq, meʼyor va qonun doirasida, oldinga.
Hali yana koʻp muammolar boʻlishi mumkin va bu tabiiy. Lekin bu muammolar biz boshlagan islohotlarga soya solmasligi kerak. Chunki bugungi davrda matbuot – nafaqat koʻzgu, balki mudofa, xavfsizlik masala darajasidagi institutdir", – deb yozadi Komil Allamjonov.