“Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga 75 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ 3-yil ichida toʻlab berilishi mumkin

    Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva “Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga 75 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻni 3-yil ichida toʻlab berishga tayyorligini bildirib, sudga murojaat bilan chiqdi.

    Yirik mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona Jurabek laboratories taʼsischisi, Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva Oʻzbekistonda eng kamida 68 nafar bolaning oʻlimi va 16 nafar bolaning nogiron boʻlib qolishiga olib kelgan “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga sud tomonidan belgilangan 75 milliard 756 million soʻm miqdoridagi maʼnaviy zararni toʻlab berish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.

    Maʼlum boʻlishicha, korxonaning ayni kundagi direktori, Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva shunday iltimos bilan Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi raisi va apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilgan.

    Men zararli dorilar taʼsiridan bolalari vafot etib, jabrlangan ota-onalarning ogʻriqli yaralariga biroz boʻlsada malham boʻlishi uchun hamda oʻgʻlim S.Kariyevning qismatini yengillatishga erishish uchun hozirda oʻzim rahbarlik qilayotgan Jurabek laboratories MCHJning iqtisodiy salohiyatini aynan sud hukmida jabrlangan ota-onalarga undirib berilishi belgilangan maʼnaviy zararlarni toʻlab berishga yoʻnaltirmoqchiman, — deyiladi Munira Kariyevaning sudga bergan arizasida.

    Oʻgʻli taqdiridan tashvishlanayotgan onaning bitiklarida katta miqdordagi mablagʻni Jurabek laboratories MCHJning hisobi va mulkidan birdaniga ajratib berib berish imkoni yoʻqligi taʼkidlanib, «Hozirgi kunda Jurabek laboratories MCHJda 2000 nafardan ortiq odam ishlashi, har birining oilasining rizqi ham shu korxona faoliyati bilan chambarchas bogʻliqligini inobatga olgan holda, shuningdek, ilgari chetdan qimmat narxlarda import qilinadigan koʻpgina dori vositalarini mahalliylashtirib, oʻzimizda ishlab chiqarilishi bilan bogʻliq jarayonda ham Jurabek laboratories MCHJ yetakchilik qilayotgani bois sud hukmida koʻrsatilgan maʼnaviy zarar uchun toʻlanishi kerak boʻladigan mablagʻlarni korxonaning asosiy faoliyatiga taʼsir qiladigan usulda birdaniga ajratib olishga mening maʼnaviy huquqim ham yoʻq», — deyiladi va pul toʻliq toʻlanishi uchun 3-yillik muddat soʻraladi.

    Men Jurabek laboratories MCHJning faoliyatidan daromad olish huquqiga ega taʼsischi sifatida bu mablagʻlarni faqatgina korxona faoliyati natijalaridan qonunan olishim mumkin boʻlgan divident mablagʻlari hisobiga shakllantirishim mumkin. Bu jarayon esa bir necha yil muddatni talab qiladi. Shuning uchun men korxona faoliyatidan tushadigan daromadlarni toʻgʻri taqsimlagan holda 3-yil muddat ichida boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sud hukmida belgilangan maʼnaviy zarar toʻlovlarini toʻliq toʻlab berishni amalga oshirish maqsadidaman. Evaziga esa oʻgʻlim S.Kariyevga nisbatan qonunning insonparvarlik prinsipini qoʻllab, unga nisbatan tayinlangan 18-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini bekor qilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasi asosida yengillik berilishi va uni ozodlikka chiqarilishidan umidvorman. Sizdan ushbu maqsadga erishishimga yordam berishingizni iltimos qilaman, — deydi Munira Kariyeva.