Soʻnggi yetti yilda tibbiyot oliygohlariga qabul 4,5 barobar koʻpayib, yiliga 25 ming nafar yoshlar oʻqishga kirmoqda. Ularning 40 foizi xususiy oliygohlarda oʻqimoqda.

Bitiruv imtihonini oliygohning oʻzi olishi, bilim va koʻnikmalarni baholovchi shaffof tizim yoʻqligi oqibatida mutaxassislar yetarli bilim va amaliy koʻnikmasiz mehnat bozoriga kirib kelayotgani qayd etildi.

Endilikda tibbiyot oliygohlari va texnikum bitiruvchilarining zamonaviy diagnostika va davolash usullarini oʻzlashtirishi shaffof tizim asosida alohida baholanadi. Bu tizim ishlayotgan vrach va hamshiralarga ham tatbiq etiladi.

Shu maqsadda Tibbiyot sohasini baholash milliy markazi tashkil qilinadi. Ushbu markazga xalqaro tan olingan xorijiy tashkilot jalb qilinadi. Davlat va xususiy klinikalar esa akkreditatsiyadan oʻtadi.

Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish vazifasi davlat va xususiy tibbiyot oliygohlari, ixtisoslashgan markazlar va viloyat muassasalariga beriladi.

Mutasaddilarga shifokor va hamshiralarni tayyorlash boʻyicha yagona malaka talablarini ishlab chiqish topshirildi.