Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida soliq idoralarining ayrim mansabdor shaxslari moddiy manfaatdorlik evaziga “Barqarorlik reytingi” dasturidagi maʼlumotlarni soxtalashtirish orqali 18 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarga baholarni sunʼiy ravishda qoʻshish hamda xavf darajasini olib tashlashlari oqibatida jami 82 mlrd soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻining manfiy summasi byudjetdan noqonuniy qaytarilganligi holati aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 167 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Jumladan, ushbu jinoyat ishi doirasida yogʻoch importi bilan shugʻullanuvchi MCHJ hisobiga 5,5 mlrd soʻm QQSning manfiy summasi byudjetdan noqonuniy qaytarilganligi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining 2 nafar xodimi, shuningdek, MCHJ direktori va hisobchisi hamda 2 nafar norasmiy rahbari gumonlanuvchi tariqasida tergovga jalb qilinib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Mazkur shaxslarga tegishli boʻlgan jami 16 ta obyektda oʻtkazilgan tintuv-tergov harakatlari davomida 79 ming AQSH dollari, 161 mln soʻm, 3 ta LI 9 elektromobil, 2 ta “Gentra”, 1 ta “Nexia 3” avtomashinasi, 1268 blokda “TEREA” nomli elektron sigaret tayoqchalari, 27 ta elektron kalitlar, shuningdek, muhr, kompyuter va telefon apparatlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Jinoyat ishi doirasida qolgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan noqonuniy oʻzlashtirilgan byudjet mablagʻlari boʻyicha ham tergov harakatlari davom etmoqda.