Sulfat kislotasining tannarxini pasaytirish borasidagi loyihalar

    Sanoat 26 May 2025 883

    Mamlakatimizda uran rudalarini boyitishda gidrometallurgik usullar samarali qoʻllaniladi, yaʼni uran rudasiga koʻp miqdorda sulfat kislotasi yoxud ularning aralashmasidan qoʻshilib, eritmaga oʻtkaziladi.

    Bu borada Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexining oʻrni va ahamiyati katta. 2024-yilda ishlab chiqarish koʻrsatkichi 102,94% ni tashkil etdi va amalda 525 000 tonna mahsulot ishlab chiqarildi.

    Sexda mahalliylashtirishning imkoniyatlari ortib, koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarishda qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish, ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turlarini koʻpaytirish muhim ahamiyatga ega.

    "Navoiyuran" DK respublikamizdagi yagona tabiiy uran ishlab chiqaruvchi sanoat korxonasi sifatida, ishlab chiqarish faoliyatidagi zaruriy burgʻilash uskunalari, kompressor qurilmalari va ehtiyot qismlarga boʻlgan talabi ortib bormoqda. Bunday texnika va uskunalar uchun import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni korxona quvvatlarida ishlab chiqarish yoki ularni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan kooperatsiya asosida xarid qilish mahsulot tannarxini kamaytirish va valyuta zaxirasini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi.

    Shu bois, korxonaning Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi quvvatlarida tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Korxonada bu borada qabul qilingan dastur ijrosi boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Joriy 2025-yil davomida korxonada Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2 ta loyiha boʻyicha qiymati 2,9 mlrd. soʻmlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Hozirda sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonlarida qoʻllaniladigan sovutgichlar hamda texnik oltingugurtni eritish pechi sex mutaxassislari tomonidan ishga tushirildi. Bundan tashqari, 2025-yil sulfat kislota ishlab chiqarish tan narxini pasaytirish maqsadida tuzilgan chora-tadbirga asosan, 22 dona burgʻilash dastgohlari uchun shtangalarga mexanik ishlov berish yoʻli orqali 4 mlrd soʻmlikdan ziyod iqtisodiy samara kutilmoqda.

    Korxona ichki talabidan kelib chiqqan holda, ehtiyojni ichki bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qanoatlantirilishi ortiqcha vaqt va xarajatlarning oldini olish bilan birga, yurtimizda yangi korxonalar tashkil etilishiga va mavjud korxonalarni ish hajmi va daromadlarining oshishiga olib keladi, — deydi sex bosh mexanigi Ziyadulla Abduraxmanov.


    Hamkorlik materiali