Qayd etilishicha, oliy maktabning bakalavriat dasturida taʼlim jarayonlari Italiyaning nufuzli Piza universiteti bilan hamkorlikda olib boriladi. Dars jarayonlari ingliz tilida, eng muhimi taʼlim faqat auditoriyada emas, balki TMKning real ishlab chiqarish korxonalarida boʻladi.

Oliy maktabning yana bir maqsadi kritik minerallar yoʻnalishidagi magistratura dasturidir. Xitoyning Geofanlar universiteti bilan birgalikda yoʻlga qoʻyilgan bu loyiha xalqaro darajada geologiya, izlanish va razvedka sohalarida mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan. Taʼlimning ikkinchi bosqichida magistrlar Xitoyda oʻqishni davom ettirishadi. Oʻqish jarayoni ingliz tilida olib boriladi, natijada bitiruvchilar ikki davlat diplomiga ega boʻladi.

Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan bakalavr bosqichi uchun 25 ta grant, magistratura bosqichi uchun 10 ta grant ajratilgan. Oliy maktabni bitirgach esa talabalar TMK tomonidan toʻliq ish bilan taʼminlanadi.

Maʼlumot uchun, ushbu oliy maktabning bakalavr va magistratura yoʻnalishlariga qabul joriy yilning 5-iyun sanasidan 25-iyun sanasiga qadar davom etadi.