13–15 yoshli oʻsmirlar strim qilishni faqat katta yoshli shaxs hamrohligida amalga oshirishlari mumkin. Aks holda, ular chat va boshqa funksiyalarga kirish imkonidan mahrum boʻlishi mumkin.

YouTube joriy yil 22-iyuldan boshlab xavfsizlik siyosatida jiddiy oʻzgarishlar kiritayotganini eʼlon qildi: 16 yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilar katta yoshli shaxs kadrda koʻrinib turmasa va kanalda menejer, tahrirchi yoki egasi sifatida roʻyxatdan oʻtmagan boʻlsa, mustaqil ravishda jonli efir oʻtkaza olmaydi.

Agar qoida buzilsa:

  • chat yopiladi;
  • efir funksiyalari cheklanadi;
  • jonli efir oʻchirilishi mumkin.

Qoidalarni chetlab oʻtish (masalan, boshqa kanal orqali efir uyushtirish) taqiqni buzish deb hisoblanadi va akkauntning yopilishiga olib kelishi mumkin.

YouTube oʻzgarishlar sababini rasman oshkor etmagan boʻlsa-da, bu qadam kattalar hamrohligisiz jonli efirlardagi xavflar — shaxsiy maʼlumotlarning tarqalishi, chatda noxush muloqotlar va boshqa xatarlardan oʻsmirlarni himoya qilishga qaratilgani aytiladi.

YouTube taʼkidlaganidek, strim — “oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan format” hisoblanadi va u alohida nazoratni talab qiladi.

Platforma fikriga koʻra, bu oʻzgarishlar yangi blogerlar uchun qiyinchilik tugʻdirishi mumkin, ammo bolalar xavfsizligi har qanday natijadan ustundir.