Qayd etilishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumani hokimining oʻrinbosari Taxiatosh tumanida faoliyat olib borayotgan qizilmiya ildizlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan MCHJ rahbariga qizilmiya ildizini yetishtirishi uchun Beruniy tumani hududidan 150 gektar yer maydoni ajratib berish evaziga 12 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Namangan viloyatida qayd etilgan holatda, Kosonsoy tumanidagi bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari mazkur xoʻjalikning 24 gektar yer maydonini mansabdor tanishi orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 240 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 50 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning mansabdor tanishi hisoblangan Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” davlat muassasasining Kosonsoy tuman loyiha ofisi bosh mutaxassisi yuqoridagi yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa holatda esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Andijon viloyati boshqarmasida boʻlim boshligʻi lavozimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxs Andijon tumanidagi paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari tomonidan 6 sotix yer maydoniga noqonuniy qurilgan bino va inshootlar boʻyicha hisoblanishi kerak boʻlgan zararni kamaytirib xulosa berish evaziga 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.