Bugungi kunda yurtimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi ham aynan shu maqsadga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli. Ushbu loyiha doirasida yoshlarni taʼlim, fan, madaniyat va sportga faol jalb qilish qatorida ularning ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda oʻz oʻrinlarini topishiga katta koʻmak berilmoqda.
Ayni yoz faslida mazkur loyihaga start berilgani bejiz emas. Chunki yozda maktab oʻquvchilarining hammasi ham oromgohlarga qamrab olinmaydi. Jami oʻquvchilarning taxminan 20-30 foizi dam olish oromgohlariga boradi, yana 15-20 foiz bolalar qoʻshimcha toʻgarak va mashgʻulotlarga jalb qilinadi. Ammo koʻpchilik yoshlar, ayniqsa, maktab oʻquvchilari yozning toʻliq uch oyini uyda oʻtkazadi. Natijada ularda smartfon va internetga qaramlik kuchayadi. Ota-onalarning ishda ekanini inobatga olsak, koʻp yoshlar kunduzi qarovsiz qoladi. Bu holat nafaqat maktab oʻquvchilari, balki oliy taʼlim muassasalari talabalari orasida ham kuzatiladi. Ayrimlari ishlasa, aksariyati turli ijtimoiy tarmoqlarga bogʻlangan holda telefonga band boʻlib qoladi.
Aynan mana shunday sharoitda yoshlarga maʼnaviy koʻmak berish, ularni ijodiy, taʼlimiy va kasbiy faoliyatga jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamkorlik. Bugungi kunda barcha taʼlim muassasalarida yoshlar uchun fan, sport va kasb toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida ham “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida bir qator maʼnaviy-maʼrifiy va amaliy tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, maktab bitiruvchilari uchun davra suhbatlari, payvandlash toʻgaraklari, koʻchma laboratoriyalar hamda turli fanlar boʻyicha seminar-treninglar oʻtkazilyapti. Bitiruvchi yoshlar universitetdagi zamonaviy laboratoriya va oʻquv xonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, bilim va koʻnikmalarini chuqurlashtirish imkoniga ega boʻlmoqda.
Bunday hamkorlikdagi faoliyat yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kelajakda raqobatbardosh kadr sifatida tayyorlashda muhim qadam boʻlib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, dastur doirasida yoshlarning maʼnaviy-axloqiy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan psixologik treninglar ham tashkil etildi. Mahallalar bilan hamkorlikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, uchrashuvlar uyushtirilmoqda. Bu treninglarda stressni boshqarish, ruhiy barqarorlikni saqlash va hayotdagi muammolarni yengib oʻtish borasida yoshlarga aniq yoʻl-yoʻriqlar berilmoqda. Yaʼni Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida ayni paytda yoshlar uchun ingliz tili va IT toʻgaraklari ishlab turibdi. Madaniy-maʼrifiy tadbirlar, psixologik treninglar, mahallalarda ochiq muloqotlar, yozgi sport tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Salomatlik. Yoz oylarida jismoniy faollikni oshirish, sportga boʻlgan qiziqishni kuchaytirish uchun taʼlim muassasalari sport maydonlari va zallari yoshlar ixtiyorida. OTM va maktablar hamkorligida yoshlarda sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida sportning turli yoʻnalishlarida musobaqalar tashkil etilmoqda.
Faollik. “Dolzarb 90 kun” loyihasi yoshlar uchun faqat vaqt oʻtkazish emas, balki kelajak hayoti uchun zarur koʻnikmalarni shakllantirish, bilimlarni boyitish, ijtimoiy faollikni oshirish yoʻlidagi ulkan imkoniyatdir. Har bir ustoz, taʼlim muassasasi va mahalla raisi bu jarayonda faol ishtirok etishi, yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarishda oʻz hissasini qoʻshishi bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Alisher SAMADOV,
TDTU Olmaliq filiali direktori,
texnika fanlari doktori, professor