Hukumat qarori (440-son, 14.07.2025-y.) bilan “Bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlarini aniqlash, zoʻravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, zoʻravonlikdan jabrlangan yoxud oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalar bevosita oʻzlari yoxud qonuniy vakillari “Inson” markazlari, ichki ishlar organlari va boshqa masʼul organlarga murojaat qiladi.

“Inson” markazlari ichki ishlar organlari ishtirokida bolaning hayotiy vaziyatini 1 kun muddatda oʻrganadi.

Bunda “Inson” markazi bolaning hayoti yoki sogʻligʻiga tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan oʻtkazadi hamda xavf darajasini “past” yoki “yuqori” deb topishi mumkin.

Xavf darajasi “yuqori” deb baholanganida, ichki ishlar organi quyidagi choralardan birini koʻradi:

zoʻravonlik sodir etgan shaxsni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish hamda protsessual majburlov choralarini qoʻllash;

bolaga yoxud uning qonuniy vakiliga himoya orderini berish;

bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoxud uni oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan olib qoʻyish va uning xavfsizligini taʼminlash.

Tahdid soluvchi omillar bartaraf etilgach, “Inson” markazi bolaning hayotiy vaziyatini 14 kalendar kun ichida kompleks baholashdan oʻtkazadi.

Kompleks baholash natijalariga koʻra 3 ish kuni ichida bolani himoya qilish rejasi ishlab chiqiladi.

Bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarga quyidagi taʼsir choralari qoʻllanilishi mumkin:

  • tuzatish dasturidan oʻtish;
  • bolalarini olib qoʻyish;
  • ota-onalik huquqini cheklash yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish.
  • narkologiya muassasalarida majburiy davolanish;
  • majburiy tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini tayinlash.