Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, holat 2025-yil 2-avgust kuni sodir boʻlgan: Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanida yashovchi F.Sh. hamda F.X. (ikkisi ham 2007-yilda tugʻilgan) Namangan viloyatiga ketish maqsadida Samarqand shahridan yoʻlovchi sifatida fuqaro A.N. boshqaruvidagi Cobalt mashinasiga minishgan. Sirdaryo viloyati hududida haydovchi hojatxonaga kirib ketganida F.X. va F.Sh. mashinani olib qochishgan.
2-avgust kuni soat 3:15 da Sirdaryo viloyati IIB 102 xizmatiga Oqoltin tumani hududida avtomashinalarga gaz toʻldirish shoxobchasidan Cobalt mashinasi nomaʼlum shaxslar tomonidan olib qochilgani haqida xabar kelib tushgan. Ushbu xabarga asosan toʻsib ushlash rejasi harakatga keltirilgan.
Viloyat hududidagi barcha YPX inspektorlari, YPX maskanlari va blok-postlar ogohlantirilib, mavjud kameralardan olib qochilgan mashinaning harakat yoʻnalishini aniqlash boʻyicha ishlar olib borilgan. Biroq jinoyatchilar mashinaning davlat raqam belgisini yechib harakatlangan.
Sayxunobod tumani hududidagi Boʻka blok-postida xizmat olib borayotgan YPX inspektoriga ushbu holat darhol yetkazilib, tegishli topshiriq berilgan. Soat 04:24 da ushbu blok-postga davlat raqam belgisi boʻlmagan oq rangli Cobalt mashinasi kirib kelgan. YPX inspektori uni toʻxtatib, hujjatlarini soʻragan. Mashinani boshqarib borayotgan haydovchi hujjatlarni taqdim etib, postdagi yopiq holda turgan ikkinchi yoʻlakdan mashina boshqarib, nomaʼlum tomonga ketib qolgan.
Gumonlanuvchilar olib qochilgan mashinada Toshkent viloyati Boʻka tumani hududida harakatlanib ketayotganida ularni Boʻka tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boʻlinmasi tezkor vakili N.Sh. koʻrib, ushlashga uringan. Ammo ulardan biri xodimning boʻyniga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Soʻngra yigitlar oʻzlari olib qochgan Cobaltʼni oʻsha yerda qoldirib, xodimning Matiz mashinasini haydab, qochib ketishgan.
Shundan soʻng, gumonlanuvchilar Toshkent viloyati Ohangaron tumanida harakatlanib ketayotganida ularga YPX inspektori X.D. toʻxtash ishorasini bergan. Biroq ular inspektorning bu talabiga boʻysunmay, uni mashinada urib yuborib, yoʻlda davom etishgan. Inspektor esa oyogʻidan jarohatlanib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida gumonlanuvchi shaxslar Ohangaron shahri hududida ushlangan.
Maʼlumot uchun, Jinoyat kodeksining 267-moddasiga koʻra, transport vositasini olib qochish 5-yildan 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.