Vokzallar, stansiyalar, razyezdlar nomlari lotin yozuviga asoslangan oʻzbek yozuvida yoziladi

    Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari”ga qarashli vokzallar, stansiyalar, razyezdlar nomlari davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirilmoqda.

    Shu yilning 17-oktyabr kuni qabul qilgan qarorga koʻra, Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” 3 oy muddatda temir yoʻl vokzallari, temir yoʻl stansiyalari va temir yoʻl razyezdlarida oʻrnatilgan peshlavhalar va axborot koʻrsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek yozuvida yozilishini taʼminlashi lozim.

    Nomlarning davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar hamda maʼlumotlar bazalariga oʻzgartirishlar kiritiladi.

    Nomi davlat tili qoidalariga moslashtiriladigan obyektlar roʻyxatiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi jami 320 ta vokzal, stansiya va razyezdlar kiritilgan.