Kelgusi oylarda dunyo boʻylab ekstremal ob-havo hodisalari kuzatiladi

    Yashil sayyora 6 Iyul 2023 2548

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining navbatdagi bayonoti yaqin oylarda dunyoda sodir boʻlishi kutilayotgan jazirama ob-havo, suv toshqinlari va boʻronlar prognoziga bagʻishlandi.

    “Dushanba kuni sayyoramiz boʻyicha rekord darajadagi eng issiq kun qayd etildi, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. — Yaʼni 3-iyul sanasida Yerdagi oʻrtacha harorat Selsiy shkalasi boʻyicha 17 darajadan oshdi.

    Bu — mazkur yoʻnalishda kuzatuvlar boshlangan 1979-yildan beri kuzatilgan yuqori koʻrsatkich.

    Kelgusi oylarda esa bir qator ekstremal ob-havo hodisalariga roʻbaroʻ kelishimiz mumkin. Qurgʻoqchilik, toshqin va boʻronlar, jazirama toʻlqinlari shular jumlasidan”.

    Bayonotda qayd etilishicha, Afrika qitʼasining shimoli-sharqida joylashgan baʼzi mamlakatlardagi uzoq davom etgan qurgʻoqchilik allaqachon ocharchilik, migratsiya va yuqumli kasalliklarni keltirib chiqargan va bu holat sogʻliqni saqlash muassasalari uchun ortiqcha yuklama boʻlyapti.

    Bundan tashqari, ayni paytda yetti davlat — Jibuti, Efiopiya, Keniya, Somali, Janubiy Sudan, Sudan Respublikasi va Ugandada deyarli 60 million kishi oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, avvalroq Jahon meteorologiya tashkiloti kelgusi besh yil ichida global harorat rekord darajaga yetishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.